Jahon | 13:30
6124
10 daqiqa o‘qiladi

Qurollarini topshirgan kurdlar, Boeing halokati yuzasidan dastlabki hisobot va yagona aviatashuvchisidan ayrilayotgan Rossiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hindistonda Boeing halokati yuzasidan dastlabki hisobot e’lon qilindi

Joriy yil 12 iyun kuni Hindistonning Ahmadobod shahridan Londonga uchgan Air India aviakompaniyasiga qarashli Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti parvozdan taxminan 30 soniya o‘tib qulab tushgan edi. Aviahalokat oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 241 kishi halok bo‘ldi, u qulagan joyda ham o‘nlab insonlar vafot etdi.

Reuters nashrining yozishicha, dastlabki hisobotga ko‘ra, samolyot halokatidan avval kabinada chalkashlik yuz bergan. Chunki bortda dvigatel yoqilg‘isini uzish tugmalari deyarli bir vaqtning o‘zida ishga tushib, dvigatellarga yoqilg‘i yetib borishi to‘xtagan. Bu haqda Hindistonning halokatlarni tergov qilish bo‘yicha rasmiy idorasi e’lon qilgan hisobotda so‘z boradi.

Samolyot havoga ko‘tarilishi bilanoq, kuzatuv kamerasi zaxira energiya manbai – RAM havo turbinasining ishga tushganini qayd etgan. Bu esa dvigatellardan quvvat uzilgani belgisi edi.

Parvozning so‘nggi lahzalarida uchuvchilardan biri boshqa uchuvchidan: «Nega yoqilg‘ini uzding?» deb so‘ragan. Hisobotda aytilishicha, «ikkinchi uchuvchi esa bunday qilmaganini bildirgan». Qaysi gaplar kapitan, qaysilari birinchi ofitser tomonidan aytilgani noma’lum. Shuningdek, halokatdan oldin «Mayday» (o‘ta yuqori xavf) signalini aynan kim uzatgani ham ochiqlanmagan. Mutaxassislarning aytishicha, uchuvchi ushbu tugmalarni tasodifan bosib yubora olmaydi.

AQSh aviatsiya eksperti Jon Nensning ta’kidlashicha, oddiy sharoitda uchuvchi parvoz paytida hech qachon bu tugmalarni o‘chirmaydi, ayniqsa samolyot ko‘tarila boshlaganida. Tugmalarni «cutoff» rejimiga o‘tkazish dvigatellarni deyarli darhol o‘chiradi. Odatda bu faqat samolyot aeroportda to‘xtagandan so‘ng yoki favqulodda holatlarda – masalan, dvigatelda yong‘in chiqsa – amalga oshiriladi. Hisobotda esa favqulodda holat bo‘lgani haqida hech qanday dalil yo‘q.

Boeing hisobot yuzasidan Air India va tergovga yordam berishni davom ettirishini aytdi.

Ushbu halokatdan so‘ng Air India va boshqa hind kompaniyalari tanqid ostida qolmoqda. Xususan, Yevropa Ittifoqi aviatsiya xavfsizligi agentligi o‘zining budjet aviakompaniyasi Air India Express bo‘yicha tergov boshlashini bildirdi. Air India Express - Airbus A320 dvigatel qismlarini o‘z vaqtida almashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalarga rioya qilmagan va xuddi bajargandek yolg‘on hujjatlar tayyorlagan.

Rossiya Lvivga hujum qildi, Polsha qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘tardi

Rossiya qo‘shinlari 12 iyul, shanbaga o‘tar kechasi Ukrainaning eng g‘arbiy hududi — Lvivga uchuvchisiz uchoqlar bilan katta zarba berdi. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy Lviv viloyati va uning markaziga dron hujumi uyushtirilgani haqida ma’lum qildi. Rasmiyning hisob-kitoblariga ko‘ra, shaharga 10 dan ortiq Shaheed tipidagi dronlar zarba bergan.

Lviv meri Andrey Sadoviy shahar markazidagi turar joy binosiga zarar yetganini yozdi. Turar joy bo‘lmagan binoning tomi ham yonib ketgan. G‘arbiy Ukrainaning boshqa hududlari: Ternopil, Ivano-Frankivsk va Rovno viloyatlarida ham havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. U yerda hech qanday zarar qayd etilmagan.

Polsha armiyasining operativ qo‘mondonligi G‘arbiy Ukrainaga zarba Rossiyaning uzoq masofali aviatsiyasi tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan «Polsha va ittifoqchi havo kuchlari Polsha havo hududida harakat qila boshladi».

«Navbatchi qiruvchi samolyotlar juftligi havoga ko‘tarilib, yerdagi havo mudofaasi va radar razvedka tizimlari yuqori shay holatga keltirildi», — deya qo‘shimcha qildi Polsha harbiylari.

Sud Trampning farmonini blokladi

10 iyul kuni Nyu-Hempshir shtati federal yurisdiksiya sudi Donald Trampning tug‘ilish holati bo‘yicha AQSh fuqaroligini olish huquqini cheklovchi farmoni ijrosini chekladi. Ushbu qaror — Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi farmonni noqonuniy, deya hisoblab kiritgan da’vo doirasida qabul qilingan.

«Amerika fuqaroligining mazmuni va qadriyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi prezident farmoni 2025 yil 20 yanvarda qabul qilingandi. Hujjat bilan AQShda tug‘ilgan bolaning onasi mamlakatda noqonuniy asosda yoki qonuniy, ammo vaqtinchalik asosda bo‘lsa va otasi bola tug‘ilgan vaqtda na Qo‘shma Shtatlar fuqarosi, na doimiy rezidenti bo‘lsa, unga avtomatik tarzda AQSh fuqaroligi berilmasligi belgilangan edi.

29 iyun kuni AQSh Oliy sudi federal sudlar prezident Donald Trampning farmoni ijrosini butun mamlakat bo‘ylab bloklab qo‘ya olmasligi, ammo ishda ishtirok etayotgan ma’lum bir da’vogarlarni himoya qilishlari mumkinligi haqida qaror chiqargandi. Shunday qilib, prezident farmoniga qarshi chiqqan 22 shtatda tug‘ilish holati bo‘yicha fuqarolik berish huquqi saqlanib qolgan.

Endi Tramp ma’muriyatida Nyu-Hempshir sudi qaroridan shikoyat qilish uchun yetti kun bor.

Rossiya armiyasi yagona aviatashuvchisidan ayrilishi mumkin

Rossiya Mudofaa vazirligi 2018 yildan beri ta’mirlanayotgan yagona aviatashuvchi «Admiral Kuznetsov» kreyserini tiklashdan bosh tortishi mumkin. «Izvestiya» nashriga ko‘ra, hozir kemani ta’mirlash va modernizatsiya qilish to‘xtatilgan va uning kelajagi haqidagi masala yaqinda hal etilishi kerak.

Kreyserni tiklash bilan shug‘ullangan Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondonligi va Birlashgan kemasozlik korporatsiyasi vakillari hozir aviatashuvchini flotning jangovar tarkibiga qaytarish qanchalar mantiqiy ekanligini muhokama qilmoqda.

Tinch okeani flotining sobiq qo‘mondoni, admiral Sergey Avakyans ta’mirlash ishlarini davom ettirishdan bosh tortishni «mutlaqo to‘g‘ri» deb atadi. Uning fikricha, Rossiya flotiga «Admiral Kuznetsov» hatto modernizatsiya qilingan holda ham kerak emas.

«Aviatashuvchi – eskilik sarqiti. Bu juda qimmat va samarasiz dengiz quroli. Kelajak robot tizimlari va dron tashuvchilarga tegishli. Va agar ta’mirlashni davom ettirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, «Admiral Kuznetsov»ni kesib, temir-tersakka topshirish va utilizatsiya qilish qoladi», dedi Avakyans.

2025 yil holatiga ko‘ra, dunyoda atigi 10 ta davlat aviatashuvchi kemaga ega. Eng yirik flot AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi – 11 ta kema. Xitoy armiyasida 3 ta bunday kema bor.

Yevropada jazirama tufayli 2,3 ming kishi vafot etdi

So‘nggi kunlarda me’yoridan yuqori bo‘lgan issiq havo to‘lqini davomida Yevropaning 12 yirik shahrida 2,3 ming o‘lim qayd etildi. Bu London Imperiya kolleji hamda London tibbiyot maktabi tadqiqotchilari tomonidan aniqlandi. Bryusseldagi Global strategik aloqa kengashi chop etgan tadqiqotga ko‘ra esa, 23 iyundan 2 iyulgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 1500 ta o‘lim haroratning oshishi bilan bog‘liq.

Birgina Milanda issiq kunlarda odatdagidan 499 kishi, Parijda 373 kishi va Barselonada 340 kishi ko‘proq vafot etgan.

Iqlimning antropogen o‘zgarishi bo‘lmaganida, ortiqcha o‘lim ma’lumotlari o‘rganilgan 12 ta shaharning 11 tasida havo harorati o‘tgan haftada 2-4 darajaga past bo‘lar edi, deydi tadqiqot mualliflari. Issiq harorat bilan bog‘liq o‘limlarning 88 foizi — qariyalar, 65 yoshdan oshganlar orasida yuz bergan.

Kurdiston ishchi partiyasi qurollarini topshirdi

Xalqaro maydonda terrorchi, deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi 11 iyul kuni Iroqning Sulaymoniya viloyatida qurollarini ramziy topshirish marosimini o‘tkazdi.

Anadolu nashrining yozishicha, Surdas kichik tumani hududidagi bir g‘orda to‘plangan guruh a’zolari: 30 kishi, jumladan 15 nafar ayol, o‘z qurollarini katta alangaga tashlab, yo‘q qildi.

Voqea joyida Kurdlarning yuqori martabali a’zosi turk va kurd tilida bayonot o‘qib eshittirdi. Jarayonga guvoh bo‘lish uchun Turkiyaning Milliy razvedka tashkiloti, iroqlik rasmiylar va xavfsizlik kuchlari kelgan.

Joriy yil may oyida KIP o‘zini tarqatib yuborish va qurolni tashlash qarorini e’lon qilgan edi. Bu bayonotga — fevral oyida tashkilot yetakchisi Abdulloh O‘jalanning qamoqdan turib KIP va unga aloqador guruhlarni tarqatib yuborish, 40 yildan ortiq davom etgan qurolli kurashga barham berishga chaqirgan murojaati zamin yaratgan.

Maqsadlarini Turkiyadagi kurdlarning milliy huquqlari uchun kurash va kurd davlatini barpo etish deb e’lon qilgan Kurdiston ishchilar partiyasi 1974 yil noyabrda tashkil topgan. 1984 yildan beri Turkiya hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan edi.

Turkiyaga qarshi 40 yillik kurash davomida partiya – Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. OAVga ko‘ra, ular 40 mingdan ortiq insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid