Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ash-Shar’a Bokuga keldi: Ozarboyjon Suriya gaz ta’minotiga yordam bermoqchi
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Bokuda Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a delegatsiyasini qabul qildi. Tashrif davomida erishilgan kelishuvga ko‘ra, yaqinda Ozarboyjon gazini Turkiya orqali Suriyaga eksport qilish boshlanadi.

Foto: Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati
Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, 12 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ilhom Aliyev ash-Shar’aning tashrifi – ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini bildirgan.
«Suriyadagi avvalgi hokimiyat yillar davomida Ozarboyjonga nisbatan do‘stona bo‘lmagan siyosat yuritgan va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning sustlashuviga olib kelgan. Yangi hokimiyat o‘rnatilgach, Ozarboyjon va Suriya o‘rtasida hamkorlik uchun katta istiqbollar ochildi», degan Aliyev.
Ahmad ash-Shar’a esa Suriyaga ko‘rsatayotgan birodarlik yordami uchun Ilhom Aliyevga minnatdorchilik bildirdi hamda Ozarboyjonni o‘z yerlarini «bosqinchilikdan» ozod qilgani bilan tabriklagan.

Tashrif davomida kutilgan eng yirik kelishuvlardan biri Ozarboyjonning Suriyani gaz bilan ta’minlashga yordam berishiga doir.
«Uchrashuvda Ozarboyjon va Suriya o‘rtasidagi energetika sohasidagi aloqalarning ahamiyati qayd etildi. Suriyada hozirda jiddiy energetik inqiroz yuzaga kelgani bildirildi. Shu nuqtai nazardan, yaqin orada Ozarboyjon gazining Turkiya orqali Suriyaga eksport qilinishi bo‘yicha loyiha amalga oshirilishi, bu esa mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Ozarboyjonning Suriya energetika sohasini tiklashda muhim hissa qo‘shishga qodir ekani e’tirof etildi», deyiladi Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, rasmiy tashrifi doirasida Ozarboyjon davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va Suriya hukumati o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Azetag nashrining xabar berishicha, memorandumni Ozarboyjon iqtisodiyot vaziri, SOCAR kuzatuv kengashi raisi Mikayil Jabbarov va Suriya energetika vaziri Muhammad al-Bashir imzolagan.
5 iyul kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ozarboyjonning Suriyani tabiiy gaz bilan ta’minlashda yordam berishga tayyorligini ma’lum qilgandi.
«Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv chog‘ida u Suriyani tabiiy gaz bilan ta’minlash masalasida har qanday yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Ilhom Aliyevning bu kabi yondashuvi nihoyatda muhimdir. Chunki hozir Suriyaning eng jiddiy muammolaridan biri bu – gaz tanqisligi. Gaz esa mamlakatni energiya bilan ta’minlash uchun zarur. Hozir Suriyada energiya bilan bog‘liq muammolar bor», - degandi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an ta’kidlashicha, Turkiya ham Suriyaga bu borada imkon doirasida yordam ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
Mavzuga oid

21:05 / 11.07.2025
“Kavkazda Rossiya endi lider emas, oddiy ishtirokchiga aylanmoqda” - siyosatshunos

08:45 / 11.07.2025
O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazadi

20:23 / 10.07.2025
Keyingi qadam – tinchlikmi? Aliyev va Pashinyan nima haqda kelishib oldi?

08:21 / 10.07.2025