Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev mahalla inspektori bo‘lgan katta leytenantga kapitan unvonini berdi, fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi - mahalliy dayjest
Mustaqillikning 34 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qaror imzolandi. «Uchastkavoy» prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi. Fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Jizzaxda hakerlar fuqaroning bankka qo‘ygan katta miqdordagi omonatini o‘g‘irladi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

«Uchastkavoy» prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi
Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi Yangi Kamolon mahallasi inspektori bo‘lgan katta leytenantga kapitan unvonini berdi. Bu davlat rahbarining Shayxontohur tumaniga tashrifi vaqtida sodir bo‘ldi.
«Islohotlar shtabi» faoliyati taqdimoti chog‘ida mahalla inspektori prezidentga mahalla aholisi, ayol va erkak, yoshga doir ma’lumotlar, ko‘p qavatli uylar va doimiy qancha fuqaro yashayotgani, ularning qanchasi qaysi viloyatdan ekani kabi ma’lumotlar jamlangan dasturni ko‘rsatdi.
Shavkat Mirziyoyev undan kelgusi yil jinoyat bo‘lmasligi uchun qaysi xonadonda qanday ish qilayotgani va qaysi xonadon hamda tashkilotdan xavfsirashi haqida so‘radi.
Inspektor mahallada xavfli tashkilot va muammo yo‘qligini, shuningdek, 2025 yil oxirigacha hududda birorta jinoyat sodir bo‘lmasligiga va’da berishini aytdi.
Shundan so‘ng davlat rahbari shu yerning o‘zida bosh vazirga ushbu inspektorga kapitan unvonini berish haqida topshiriq berdi.
«Agar har bir «uchastkavoy» shunday harakat qilsa, bizda jinoyat bo‘lmaydi. Unvonni ertaroq berishga huquqim bor. Jasorat bilan, ishonch bilan aytyapsan, hayotingni shunga bag‘ishlagansan. Mana senga o‘xshaganlarni tarbiya qilmoqchiman. Mana, sen nazoratga olingan kadr bo‘lding. Kapitanlik bilan tabriklayman! Unvon bilan!» – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi
«O‘zbekiston fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.
Shaxslarning yashashi uchun uy-joy maydonini beruvchi turar joy mulkdori yoki uni tasarruf etish huquqiga ega shaxs ushbu shaxslarni yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Joylashtirish vositalarida turgan shaxslarni turgan joyi bo‘yicha xabardor qilish tartibida ro‘yxatdan o‘tkazish mas’ul xodimlar tomonidan E-mehmon tizimi orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekistonning xorijda doimiy yashovchi fuqarolari O‘zbekistonga kirgan kundan 10 ish kunidan kechiktirmay yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.
O‘zbekiston fuqarolarini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish, ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida, davlat xizmatlari markazlarida va my.gov.uz orqali amalga oshiriladi.
Yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya etish talab qilinadi.
Prezident mustaqillikning 34 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qaror imzoladi
«O‘zbekiston davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, milliy istiqlolning 34 yillik shonli sanasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot darajasi, jahon maydonidagi obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib tarzda, yuksak saviyada nishonlanadi.
Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkaziladi.
Mustaqillik bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda munosib nishonlanishi ta’minlanadi.
Hakerlar fuqaroning bankka qo‘ygan katta miqdordagi omonatini o‘g‘irladi
Jizzaxda fuqaro tomonidan «Asakabank» Jizzax viloyati filialiga omonatga qo‘yilgan katta miqdordagi mablag‘ kiberhujum oqibatida o‘g‘irlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil 19 dekabr kuni fuqaro va «Asakabank» Jizzax viloyati filiali o‘rtasida omonat shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, fuqaro bankka 210 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarini omonatga qo‘ygan.
Kiberhujum 2025 yil 26 may kuni uyushtirilgan: «Asakabank» mobil ilovasi orqali omonatchining nomiga rasmiylashtirilgan omonat hisobraqamidan 3 mlrd so‘mga yaqin pul noma’lum shaxslar tomonidan yashirin ravishda yechib olingan.
Holat bo‘yicha Kun.uzʼga kelib tushgan hujjatlarda ko‘rinishicha, fuqaro bank omonat shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayotganini bildirib, bu ishda bank xodimlarining o‘zini ayblamoqda. Ya’ni mijoz «Asakabank»ning Jizzax filiali xodimlari uning nomidan soxta bank omonati shartnomalarini tuzib, hisobvaraqlaridagi pullarni rastrata qilish yo‘li bilan o‘zlashtirishgan, deb hisoblamoqda.
Bank xodimlari esa omonat pullarining kiberhujum orqali yechib olinishiga mijozning mobil telefoniga virus orqali ARK fayli o‘rnatilganini sabab qilib ko‘rsatishgan. Bunga javoban omonatchi pullar uning emas, bankning ikki bosqichli parol bilan himoyalangan hisobraqamidan yechib olinganini bildirgan.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan noma’lum shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid

23:48 / 10.07.2025
Toshkentda suv quvuri kuchli bosim ostida yorilib ketdi, o‘zbekistonliklar tomonidan Shengen vizasi uchun topshirilgan arizalar soni oshdi - mahalliy dayjest

23:11 / 09.07.2025
Shavkat Mirziyoyev 15-20 daqiqa tirbandlikda qolib ketdi, Farhod bozorida tovlamachilik bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari ushlandi - mahalliy dayjest

23:35 / 08.07.2025
O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish tartibi bekor qilinadi, xorijdan qaytgan fuqarolar majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi - mahalliy dayjest

23:14 / 07.07.2025