Jahon | 18:40
6188
5 daqiqa o‘qiladi

Dronlar hujumi natijasida Rossiya qancha yo‘qotmoqda va bu Ukrainaning o‘ziga qanchaga tushmoqda?

Foto: EPA

5-6 iyul kunlari Ukraina dronlarining Rossiyaga yopirilma hujumi Rossiya fuqaro aviatsiyasida transport inqiroziga olib keldi. Rossiya hududlari osmonida dronlar paydo bo‘lishi tufayli Rossiyaning 10 dan ortiq shaharlaridagi aeroportlar yopildi. Rossiya aeroportlaridagi bu inqiroz aviakompaniyalarga kamida 40 milliard rublga tushdi, deb hisoblaydi «Kommersant».

«Predstavitel Rosaviatsii» telegram-kanali ikki kun davomida Ivanovo, Kaluga, Pskov, Tambov, Kirov, Nijniy Novgorod, Yaroslavl, Ijyevsk, Saratov, Ulyanovsk aeroportlarida «havo kemalarini qabul qilish va chiqarish vaqtinchalik cheklangani» haqida xabar berdi. Bu vaqtda Sankt-Peterburgdagi «Pulkovo», Moskvadagi «Vnukovo», «Domodedovo», «Jukovskiy», «Sheremetevo» aeroportlari ham yopilgandi.

Eng og‘ir vaziyat «Sheremetevo», «Pulkovo» va «Chkalov» (Nijniy Novgorodda) aeroportlarida yuzaga keldi.

Rossiya temiryo‘llari hatto Moskva va Peterburg orasida qo‘shimcha poyezdlarni yo‘lga chiqarishiga to‘g‘ri keldi.

Rosaviatsiya Moskva vaqti bilan 5 iyul kuni kechqurundan 7 iyul tongiga qadar Rossiya aviakompaniyalari 485 reysni bekor qilgani, 88 ta samolyot zaxira aerodromlariga yo‘naltirilgani, 1,9 ming reysning uchib ketish va uchib kelish vaqtlari kechiktirilgani, 43 mingta chipta majburan qaytarilgani haqida ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, parvozlar jadvalidagi o‘zgarishlar tufayli 94 ming kishi mehmonxonalarga joylashtirilgan, kechiktirilgan reyslarning yo‘lovchilariga ichimliklar uchun qariyb 200 ming, oziq-ovqat uchun 155 ming vaucher berilgan.

Yarim milliard dollar

Rossiya aeroportlaridagi inqiroz kompaniyalarga kamida 40 milliard rublga tushdi. Bu raqamni «Kommersant» gazetasi aviatsiya ekspertlari yordamida aniqlagan.

Gazeta hisob-kitoblariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab jadvallarda aks etadigan bunday kollapsda bir kunda aviakompaniyalarning qo‘shimcha xarajatlari (bekor qilish, ko‘chirish, bortni zaxira aerodromga ko‘chirish va boshqalar) o‘rtacha 20 milliard rublga yetishi mumkin. Shunga ko‘ra, bu ikki kundan ko‘proq vaqt ichida – kamida 40 milliard rubl yoki taxminan 507 million dollar deganidir.

Lekin bu taxminiy raqamlar. Shu bilan birga, bu raqamlar yo‘lovchilarning qo‘shimcha xarajatlari va ularga ko‘rsatiladigan boshqa xizmatlar, shuningdek, turli harbiy va fuqarolik xizmatlarining boshqa xarajatlarini o‘z ichiga olmagan.

Masalan, harbiylar dronlarni urib tushirish uchun zenit komplekslari o‘q-dorilarini sarflamoqda.

Dam olish kunlari Rossiyada dronlar hujumi tufayli kamida 485 ta reys bekor qilindi.

Hujumlar Ukrainaning o‘zi uchun qanchaga tushadi?

Bu vaqt mobaynida – shanba kuni kechqurundan dushanba kuni ertalab soat yettigacha – Ukraina Rossiya hududi bo‘ylab kamida 485 ta dron uchirgan.

Rossiya mudofaa vazirligi dam olish kunlarida mamlakat havo kengliklarida 4 iyul kuni soat 23:00 dan boshlab 7 iyul kuni soat 07:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida dushmanning shuncha dronlari yo‘q qilingani haqida xabar bergan.

Ammo birgina dron ham aviatsiya rasmiylarini u aniqlangan hududda osmonni yopishga majbur qiladi: portlovchi qurilmalar yuklangan uchuvchisiz uchar qurilma yo‘lovchi samolyot bilan to‘qnashganda uni yo‘q qilishi kafolatlangan.

Bundan tashqari, osmonda avialayner dronlar bilan bir vaqtda bo‘lishining o‘zi ham boshqa sababga ko‘ra uning xafvsizligiga tahdid qoladi – zenit-raketa komplekslari raschyotlari jangovar sharoitlarda u fuqarolik samolyoti sifatida belgilanganini payqama qolishi hamda uni dron sifatida ko‘rib o‘qqa tutishi mumkin.

Ukraina Rossiya bo‘ylab uzoq masofali zarbalarda qo‘llayotgan «Lyutiy» rusumli bitta dron narxi bir yil oldin 200 ming dollar turardi. Bu uzoq masofaga harakatlanuvchi dronlarning eng qimmatbahosi bo‘lib, yopirilma hujumlarda ko‘proq ancha arzon dronlardan ham foydalaniladi.

Shunga qaramay, agar hujumlarda qatnashayotgan dronlarnin barchasini «Lyutiy» rusumli dronlar deb olinsa, ya’ni bunday hujumning narxi maksimum baholansa ham, so‘nggi hujumlar Ukrainaga ko‘pi bilan 97 mln dollarga tushgan bo‘ladi.

Ammo nima bo‘lganda ham, agar Rossiyaning moliyaviy yo‘qotishlari pastki chegara, Ukrainaniki esa yuqori chegara bo‘yicha olinsa ham, farq baribir Ukraina qurolli kuchlari foydasiga taxminan 4,5 baravar bo‘ladi.

Shuning uchun uzoq masofali dronlarni uchirishda ular nishonga tegdimi yoki yo‘qmi, unchalik muhim emas. Agar dron Rossiya hududiga yetib borgan bo‘lsa, u allaqachon o‘ziga yetkazilganidan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazgan hisoblanadi.

Mavzuga oid