Jamiyat | 18:19
4595
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda xizmat vaqtida pichoqlanib vafot etgan profilaktika inspektori «Jasorat» medali bilan taqdirlandi

Andijonda 65 yoshli mast fuqaro tomonidan pichoqlanishi oqibatida vafot etgan profilaktika inspektori «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. Medal viloyat hokimi tomonidan marhumning oila a’zolariga topshirildi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 65 yoshli mast fuqaro tomonidan o‘ldirilgan Yuksalish mahallasi hudud profilaktika inspektori, katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev prezident farmoniga asosan «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi xabar qildi.

Bugun, 8 iyul kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligidagi mutasaddilar Xo‘jaobod tumani, Yuksalish mahallasi hudud profilaktika inspektori katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev onasi va oila a’zolariga hamdardlik bildirib, davlat rahbarining farmoniga asosan vafotidan so‘ng berilgan «Jasorat» medalini topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyul kuni Xo‘jaobod tumanida oila a’zolariga pichoq bilan tahdid qilayotgan 65 yoshli erkak chaqiruvga asosan voqea joyiga yetib kelgan profilaktika inspektori Abdurasul Abduvaliyevni pichoq bilan jarohatlagandi. IIB xodimi shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan, qotil esa voqea joyidan yashiringandi.

Qotillik qurboni bo‘lgan profilaktika inspektori so‘nggi manzilga davlat madhiyasi sadolari ostida kuzatildi. Janozada IIB xodimlari saf tortdi hamda osmonga qarata o‘q ham uzildi.

4 iyul kuni gumonlanuvchi qo‘lga olindi. U tumandagi «So‘qoloq» qabristonidagi makkapoya ichida yashirinib yotganligi aniqlangan. Qo‘lga olish jarayonida u o‘zining qorin qismiga pichoq bilan jarohat yetkazgan hamda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib borilgan.

 

Mavzuga oid