Jahon | 22:07 / 06.07.2025
2909
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Putindan NATOga hujum qilishni so‘raydi - alyans bosh kotibi

NATO bosh kotibi Mark Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Tayvanni egallab olishga urinadi. AQSh e’tiborini chalg‘itish uchun esa XXR Putindan NATO hududiga hujum qilishni so‘rashi mumkin.

Mark Ryutte Foto: The New York Times

Xitoy AQSh e’tiborini Hind-Tinch okeani mintaqasidan chalg‘itib, Tayvanni egallab olishga urinish maqsadida, Rossiyani NATOga qarshi gijgijlashi mumkin. Bu haqda alyans bosh kotibi Mark Ryutte The New York Times’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Kelinglar, go‘l bo‘lmaydilik: agar Si Jinping Tayvanga hujum qilishga qaroriga kelsa, u dastlab ushbu masalada o‘zining kichik sherigi, Moskvada yashaydigan Vladimir Vladimirovich Putinga qo‘ng‘iroq qiladi va unga shunday deydi: «Qara, men buni amalga oshirmoqchiman va sen NATO hududiga hujum qilib, e’tiborni Yevropaga jalb qilishing kerak».

Uning fikricha, bunday ssenariy ehtimolligi oshib bormoqda, xususan, u «5-7 yildan keyin» yuz berishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun esa alyans a’zolari ikki ishni bajarishi kerak: «ruslar hech qachon bunday qadamni tashlashga jur’at qila olmaydigan darajada» kuchli bo‘lishi, shuningdek, mudofaa sanoati hamda innovatsiya sohasida Hind-Tinch okeani mintaqasi bilan faolroq hamkorlik qilishi lozim.

«Qarshimizda ulkan geosiyosiy tahdid turibdi. Eng avvalo, bu — Rossiya, u harbiy qudratini zamonaviy tarixda misli ko‘rilmagan sur’atda oshirmoqda. Hozirda u uch oy ichida NATO davlatlari bir yilda ishlab chiqarganidan uch baravar ko‘proq o‘q-dorilari ishlab chiqarmoqda», — deydi Ryutte. U Rossiya Ukrainaga qarshi urush olib borish bilan birga, Shimoliy Koreya, Xitoy va Eron bilan hamkorlik qilayotganini eslatib o‘tdi.

Ryutte yana bir bor mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirish kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi geosiyosiy vaziyatda alyans eski 2 foizli daraja bilan o‘zini himoya qila olmaydi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir NATO oldidagi eng katta muammo — bu harbiy ishlab chiqarishdir. «Bizda Rossiya, Shimoliy Koreya yoki boshqa har qanday tahdid soluvchi davlatni tiyib turish uchun zarur bo‘lgan qurollarni ishlab chiqaradigan mudofaa sanoati yo‘q. Hozir biz buning ustida juda tezkor sur’atlarda ishlayapmiz», — deydi alyans bosh kotibi.

Mavzuga oid