Jahon | 15:19
2125
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask «Amerika» nomli yangi partiya tuzishini e’lon qildi

Amerikalik biznesmen buni AQSh kongressi Donald Trampning «katta ajoyib» qonunini ma’qullaganiga javoban amalga oshirdi.

Foto: EPA-Yonhap

Biznesmen Ilon Mask 4 iyul kuni X ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan ovoz berish yakunlari bo‘yicha «Amerika» nomi ostida yangi siyosiy partiya tuzishini e’lon qildi.

«2 ga 1 nisbatda ustunlik bilan yangi siyosiy partiyani xohladingiz va siz uni olasiz. Mamlakatimiz haddan tashqari xarajatlar va korrupsiya sababli bankrotlik yoqasiga kelib qolganida, biz demokratiyada emas, balki bir partiyali tizimda yashayotganimiz ayon bo‘ladi. Bugun «Amerika» partiyasi sizga ozodligingizni qaytarish uchun tuzildi», - deb yozadi Mask.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki partiyali tizimdan mustaqil bo‘lishining «usullaridan biri» — bu «Senatdagi ikki-uch o‘ringa va Vakillar palatasining sakkiz-o‘nta okrugiga e’tibor qaratishdir». «Qonunchilik organidagi minimal ustunlik hisobga olinadigan bo‘lsa, bu bahsli qonunlarga ovoz berishda hal qiluvchi ovozni ta’minlash va ular xalqning haqiqiy irodasiga javob berishlarini kafolatlash uchun yetarli», - deydi Ilon Mask.

Amerikalik biznesmen AQSh Mustaqillik kuni munosabati bilan so‘rovnoma o‘tkazdi. Mask X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘quvchilaridan «ikki partiyali siyosiy tizimdan mustaqil bo‘lishni xohlaysizmi?» deb so‘radi. Unda ishtirok etganlarning uchdan ikki qismi (65,4 foiz) buni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 34,6 foiz foydalanuvchi qarshi chiqdi.

Oldinroq Ilon Mask agar kongress AQSh prezidenti Donald Trampning «katta ajoyib» qonunini ma’qullasa yangi siyosiy partiya tuzish bilan tahdid qilgandi. Kongress 3 iyul kuni ushbu qonunni qabul qildi, Tramp esa 4 iyulda uni imzoladi.

Mavzuga oid