O‘zbekiston | 08:40 / 05.07.2025
1346
2 daqiqa o‘qiladi

YuNeSKO qarorgohida o‘zbek xalqining choy ichish bilan bog‘liq an’analari taqdim etildi

Fransiya poytaxtida joylashgan YuNeSKO qarorgohida Xalqaro choy kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Foto: Dunyo

Tadbir O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Turkiya, Yaponiya, Indoneziya, Vetnam, Shri-Lanka va Bangladeshning YuNeSKOdagi Doimiy delegatsiyalari bilan birgalikda tashkil etildi

Ishtirokchilarga O‘zbekiston madaniyati, choyning o‘ziga xos navlaridan tortib hunarmandchilik, to‘qimachilik, kulolchilik, zargarlik buyumlari va o‘zbek milliy musiqasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati taqdim etildi.

Shuningdek, bayram mehmonlari e’tiboriga Marg‘ilon hunarmandlari tomonidan qo‘lda to‘qilgan mashhur Marg‘ilon atlasi va adrasidan tortib, Rishton kulollarining mahalliy qizil loydan qadimiy texnologiyalardan foydalangan holda yasalgan kosa va boshqa uy ro‘zg‘or buyumlari taqdim etildi.

O‘zbek milliy matolarining rang-barang turlari, milliy kashtachilik san’ati namunalari hamda mamlakat moddiy merosini aks ettiruvchi mahsulotlar yig‘ilganlarga katta taassurot qoldirdi. Ulardagi har bir ip va naqsh bir necha avlodga borib taqaladigan hunarmandlar sulolalari o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, ko‘p asrlik an’analarni asrab-avaylash va davom ettirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbek choyi taqdimotiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqning an’anaviy choy ichish an’analari bilan tanishdi. Bunda choy nafaqat ichimlik sifatida, balki mehmondo‘stlik, an’ana va urf-odatlar ramzi sifatida ham qabul qilinishini ta’kidlandi.

Tadbirda O‘zbekiston milliy taomlari xususida ham batafsil so‘zlab berildi. Xususan, 2016 yildan buyon YuNeSKOning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbek milliy palovi ishtirokchilarga ulashildi.

Mavzuga oid