Jahon | 22:41 / 04.07.2025
1709
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Belgiya Ukraina uchun «dronlar koalitsiyasi»ga qo‘shildi

Shunday qilib, ushbu koalitsiyaga a’zo mamlakatlar soni 20 taga yetdi. 2025 yilda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ularning umumiy moliyaviy majburiyatlari 2,75 mlrd yevroni tashkil etadi.

Foto: Reuters

Rigada bo‘lib o‘tgan xalqaro «dronlar koalitsiyasi» yig‘ilishida Latviya va Buyuk Britaniya rahbarlik qilayotgan mazkur tashabbusga Belgiya hamda Turkiyaning qo‘shilishi ma’qullandi. Bu haqda Latviya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Rigada xalqaro dronlar koalitsiyasining rahbarlik qo‘mitasi Belgiya va Turkiyaning Latviya hamda Buyuk Britaniya hamraisligidagi xalqaro dronlar koalitsiyasiga qo‘shilish istagini qo‘llab-quvvatladi», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Yangi kengayishdan so‘ng, dronlar koalitsiyasi tarkibiga endi 20 ta davlat kiradi: Latviya, Buyuk Britaniya, Ukraina, Avstraliya, Belgiya, Chexiya, Daniya, Fransiya, Estoniya, Italiya, Yangi Zelandiya, Kanada, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Turkiya, Germaniya va Shvetsiya.

Koalitsiya a’zolarining 2025 yilda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy moliyaviy majburiyatlari 2,75 milliard yevroni tashkil etadi. Shundan taxminan 180 million yevro Buyuk Britaniya boshqaruvidagi dronlarning yagona xaridi jamg‘armasiga yo‘naltirilgan. Bu mablag‘lar Ukraina Qurolli kuchlariga zarur bo‘lgan dronlarni markazlashtirilgan tarzda xarid qilish uchun mo‘ljallangan.

«Dronlar koalitsiyasi»ni yaratish tashabbusi 2024 yili «Ramshtayn» xalqaro formati doirasida Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash maqsadida ishga tushirilgan edi. Latviya ushbu loyiha doirasida poligonlar hamda testdan o‘tkazish va yangi uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar texnologiyasini rivojlantirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini taqdim etadi.

2024 yil dekabr oyida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Lyuk Pollard 2025 yil yanvardan boshlab «dronlar koalitsiyasi» va «dengiz koalitsiyasi»ga kiruvchi davlatlar Ukrainaga turli maqsadlarga mo‘ljallangan «o‘n minglab» uchuvchisiz uchish apparatlarini yetkazib berishni boshlashini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid