Jahon | 11:06
4147
4 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga tungi hujum: 20 dan ortiq kishi jabrlangan, temiryo‘l shikastlangan

Putin va Trampning suhbatidan keyin ham Rossiya Kiyevga zarba berishda davom etmoqda.

Foto: Stringer/AP Photo/dpa

Rossiya harbiylari jumaga o‘tar kechasi Kiyevga dronlar va ballistik raketalar bilan hujum qildi. Poytaxtga yopirilma hujum ertalabki soat 5 gacha davom etdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 23 kishi jabrlangan, ulardan 14 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Ukraina rasmiylari zarbalar oqibatida Kiyevning temiryo‘l infratuzilmasi ham shikastlanganini ma’lum qildi.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, «Kinjal» aeroballistik raketasini olib yurishga qodir bo‘lgan Rossiyaning MiG-31K qiruvchi samolyotining havoga ko‘tarilishi qayd etilgan. «Dushman raketalaridan foydalanish xavfi bor», – deya qo‘shimcha qildi havo kuchlari. Keyinroq shaharda portlash ovozlari eshitildi. Pabliklarda ballistik raketa zarbalari haqida xabar berilmoqda.

Ukraina harbiy-havo kuchlarining kunlik hisobotida aytilishicha, jumaga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ukrainaga 539 ta zarbdor dron va yana 11 ta raketa bilan hujum qilgan.

Hujumning asosiy yo‘nalishi Kiyevga qaratildi, deyiladi xabarda.

Shahar rasmiylariga ko‘ra, Kiyevning deyarli barcha rayonlarida vayrongarchiliklar va yaradorlar bor, yong‘inlar avj olmoqda va qutqaruvchilar ishlamoqda. Ertalabki soat 8 holatiga ko‘ra, 23 kishi yaralangani ma’lum bo‘lgan, shundan 14 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, poytaxtning Dnepr rayonida turar joy binolari hovlisi va ta’lim muassasasi hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari parchalari qulagan.

Goloseyevskiy rayonida esa parchalar shifoxona ustiga tushgan.

Parchalar noturar joy bino qurilayotgan hududga tushishi Kiyevning Solomenskiy rayonida ham qayd etilgan. U yerda yong‘in chiqqan. Bu rayonda omborxona binosi va ma’muriy binoda ham yong‘in ro‘y bergan.

Meriyaga ko‘ra, Svyatoshinskiy rayonida Rossiya droni parchalari omborxona hududiga tushishi oqibatida yong‘in chiqqan.

Shuningdek, parchalar 16 qavatli turar joy binosiga tushgan, bu yerda avtomobillar yonib ketgan. Xususiy sektorda ham parchalar tushishi oqibatida yong‘in yuzaga kelgan.

Darnitskiy rayonida bir necha ochiq maydonga parchalar qulashi kuzatilgan.

Shevchenkovo rayonida parchalar 8 qavatli uyni zararlagan — u foydalanishga topshirilgan, ammo hali yashovchilar ko‘chib kirmagandi. U yerda ham kuchli yong‘in boshlangan.

Bundan tashqari, Rossiya hujumlari oqibatida tez yordam xizmatining 5 ta avtomobili shikastlangan, ular jabrlanganlarga yordam uchun shoshilayotgandi, deb xabar bergan shahar meri Vitaliy Klichko. Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlari orasida jabrlanganlar yo‘q.

Kiyevga tungi zarbalar temiryo‘lga ham ta’sir qilgan.

«Dushman tomonidan Kiyev o‘qqa tutilishi natijasida shahar ichidagi temiryo‘l infratuzilmasiga zarar yetkazildi. G‘arbiy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlari Vishnevoye va Darnitskiy orqali egri yo‘nalishda harakatlanmoqda, bu esa ikki soatgacha kechikishga sabab bo‘lmoqda», – deyiladi «Ukrzalіznitsya» xabarida.

Mavzuga oid