Jahon | 20:05 / 04.07.2025
3163
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva viloyatidagi Ozarboyjon diasporasi rahbari Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi

Elshan Ibrohimovning fuqarolikdan mahrum qilinishiga u Rossiya Federatsiyasi «milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlarni sodir etgani» sabab qilib ko‘rsatilgan.

Elshan Ibrohimov

Moskva viloyatidagi ozarboyjonliklarning Mintaqaviy milliy-madaniy avtonomiyasi jamoat tashkiloti rahbari Elshan Ibrohimov Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi, deb yozadi Oxu.az.

Ibrohimov bu ma’lumotni nashr vakillari bilan telefon suhbatida tasdiqlagan, biroq uni fuqarolikdan mahrum qilish sabablari haqida hozircha ma’lumot bermagan va Ozarboyjonga qaytganidan so‘ng, bir necha kundan keyin izoh berishini aytgan.

«RBK» manbasi ma’lumotiga ko‘ra, Ibrohimov 18 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining «milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlarni sodir etgani uchun» fuqarolikdan mahrum qilingan.

Iyun oxirlarida RF va Ozarboyjon o‘rtasida diplomatik mojaro kelib chiqdi. Bunga Yekaterinburgda Ozarboyjon diasporasi vakillari ushlangani sabab bo‘lgan. Ularni qo‘lga olish vaqtida ikki kishi — aka-uka Husayn va Ziyadin Safarov halok bo‘ldi. Ularning jasadida qiynoq va kaltaklash ishlari aniqlangan. Ozarboyjon hukumati bunga javoban Bokuda 10 nafardan ortiq rossiyalikni giyohvand moddalar kontrabandasi va kiberjinoyatchilikda gumonlab, hibsga oldi. Shuningdek, «Sputnik Ozarboyjon» axborot agentligi ofisida tintuvlar o‘tkazildi, yetti kishi qo‘lga olindi — ularning ikki nafari hamon hibsda.

RF fuqaroligidan mahrum qilish uchun Federal xavfsizlik xizmatining xulosasi talab etiladi. Rossiya fuqaroligini tug‘ilishi bilan olmaganlargina undan mahrum qilinishi mumkin.

Mavzuga oid