Jahon | 23:34 / 04.07.2025
1583
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda xatolik tufayli 400 yilga qamalgan erkakka 1,7 mln dollar kompensatsiya to‘landi

Floridalik erkak o‘zi sodir etmagan o‘g‘irlik ishi uchun 34 yil qamoqda o‘tirgan. 2023 yilda u to‘liq oqlangan edi. Oradan ikki yil o‘tib, uning qamoqda o‘tkazgan umri uchun kompensatsiya to‘landi.

Foto: Getty images

Florida shtatida nohaq chiqarilgan hukm tufayli 34 yil qamoqda o‘tirgan erkak hukumatdan 1,7 million dollar miqdorida kompensatsiya puli oldi, deb xabar bermoqda 7News.

Qayd etilishicha, 59 yoshli Sidney Holms 2023 yilda, ishi qayta ko‘rib chiqilib, to‘liq oqlanganidan keyin ozod etilgan.

«Holmsni o‘g‘irlik bilan bog‘lovchi hech qanday dalil yo‘q. U xatolik tufayli gumonlanuvchilar doirasiga tushib qolgan», — deydi erkakning advokati sudda.

1988 yil iyunda Holms supermarket yaqinidagi qurolli bosqinda ayblangan. Erkak hech qachon ushbu do‘konga kirmaganini ma’lum qilgan va uning alibisini olti kishi tasdiqlagan bo‘lsada, Holms gumonlanuvchilar qatoriga tushib qolgan. Erkakning aytishicha, bunga uning avtomobili o‘g‘irlik sodir etilgan joydagi transport vositasiga o‘xshagani sabab bo‘lgan. Holms ushbu voqea sodir bo‘lgan kunda farzandlari va otasi bilan birga bo‘lganini ta’kidlagan.

Aybsizligiga qaramay, floridalik erkak 400 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2020 yilda Holms ayblov hukmlarini tekshirish bo‘limiga murojaat qilgan. Tekshiruvlar yakunida prokuratura uning jinoyatga aloqasi bo‘lmganini tasdiqlagan. Erkak hech kimdan xafa emasligini aytib, davlat ajratadigan yordam tufayli normal hayot tarziga qaytish niyatida ekanini bildirgan.

Mavzuga oid