Raqobat qo‘mitasi Kia Sonet reklamasidagi qonunbuzilish sabab Roodell'ni jarimaga tortdi
Raqobat qo‘mitasi “muddatli to‘lov uchun 0 foiz” degan mazmunda Kia Sonet avtomobili reklamasini tarqatgan “Roodell” MChJga chora ko‘rdi. Qo‘mitaga ko‘ra, reklamada muhim shartlar, jumladan, qo‘shimcha to‘lovlar haqida aniq ma’lumot berilmagan.

Foto: Roodell
“Roodell” MChJ faoliyatida reklama qonunchiligi talablariga rioya etilmaslik holati aniqlandi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.
Ma’lum qilinishicha, ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan reklamalarda “Kia Sonet avtomashinasi muddatli to‘lov uchun 0 foiz” degan mazmundagi ma’lumotlar tarqatilgan. Biroq mazkur reklama axborotida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 43-moddasi talablariga zid ravishda shartnomaning muhim shartlari, jumladan, qo‘shimcha to‘lovlar haqida aniq ma’lumot berilmagan.
“Buning natijasida iste’molchilarda chalg‘ituvchi tasavvur shakllangan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish ehtimoli vujudga kelgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan “Roodell” MChJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Qo‘mitaning qo‘shimcha qilishicha, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
Raqobat qo‘mitasi barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni amaldagi qonunchilikka rioya qilish, reklamalarda aniq, oshkora va xolis ma’lumotlar taqdim etishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, "Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 43-moddasida moliyaviy xizmatlar reklamasi reklamadan foydalanuvchining ishonchini suiiste’mol qilmaydigan va (yoki) reklamadan foydalanuvchining tajribasi va bilimi yetishmasligidan foydalanish niyatini ko‘zlamaydigan usulda taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamasi reklama qilinayotgan xizmatlarga bevosita aloqador bo‘lmagan axborotga ega bo‘lmasligi, ushbu moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun shartnomalarning muhim shartlarini ochib berishi kerak.
Avvalroq, Raqobat qo‘mitasi to‘rt nafar instablogerga onlayn qimor o‘yinlarini reklama qilgani uchun chora ko‘rilgani haqida xabar bergandi.
Mavzuga oid

14:32 / 30.06.2025
Temiryo‘l chiptasi bo‘yicha qariyb 800 ming yo‘lovchidan undirilgan ortiqcha haq qaytariladi

12:38 / 23.06.2025
To‘rt nafar instablogerga onlayn qimor o‘yinlarini reklama qilgani uchun chora ko‘rildi

18:27 / 21.06.2025
Chakana savdoda chegirma berish va aksiya o‘tkazish qoidalari belgilanishi mumkin

11:13 / 20.06.2025