Ukraina dronlari Ijyevskka hujum qildi. Qurbonlar bor
«Tor» zenit-raketa tizimlari hamda dronlar ishlab chiqariladigan «Kupol» zavodi zarba ostida qolgan. Uch kishi halok bo‘lib, 30 dan ortiq kishi yaralangan.

Foto: Videodan kadr
1 iyul tongida Ukraina uchuvchisiz uchoqlari mamlakat chegarasidan taxminan 1300 kilometr masofada joylashgan Ijyevsk shahriga hujum uyushtirdi. Hujum ertalabki soat to‘qqizdan oldinroq kuzatilgan – Rosaviatsiya soat 8:50 da mahalliy aeroportda samolyotlarni qabul qilish va uchirishga taqiq e’lon qilgandi (cheklovlar kunning ikkinchi yarmida olib tashlandi).
Udmurtiya rahbari Aleksandr Brechalov telegram-kanalida Ijyevskdagi korxonalardan biri ukrain dronlari zarbasiga uchragani va yong‘in kelib chiqqani haqida xabar qoldirgan. Region rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. 35 kishi yaralangan, shundan 10 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Huquq-tartibot organlariga yaqin hisoblangan Mash telegram-kanali xabarida jabrlanganlar orasida yosh bola ham borligi va uning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekani aytilgan. Baza telegram-kanali zarba kelib tushgan joyda xarobalarni tozalash ishlari olib borilayotganini yozgan.
Udmurtiiya rahbari RF prezidenti Vladimir Putinga Ijyevskda ro‘y bergan holat yuzasidan hisobot berganini ma’lum qilgan. Brechalovning so‘zlariga ko‘ra, Putin qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirib, jabrlanuvchilar tezda sog‘ayib ketishini tilagan. Prezidentning o‘zi hozircha Ijyevskka hujum yuzasidan munosabat bildirmadi.
Ukrainlarning Exilenova+ telegram-kanali Ijyevskdagi «Kupol» elektromexanik zavodi hujumga uchragani haqida yozgan. Bu haqda Astra tomonidan e’lon qilingan videoyozuvda gapirgan mahalliy aholi vakili ham gapirgan. Guvohlardan birining videosida hujum vaqtida shikastlangan binolardan birida «Kupol» yozuvi yaqqol ko‘ringan. X ijtimoiy tarmog‘ining 99Dominik_ nikli foydalanuvchisi yana bir videoga qarab, geolokatsiyani aniqlagan – video «Kupol» zavodidagi ishlab chiqarish maydonlaridan biridan bir necha yuz metr masofadan turib olingan.
«Kupol» zavodi – «RF armiyasi uchun „Tor“ zenit-raketa tizimlari va „Garpiya-A1“ zarbdor dronlarining asosiy ishlab chiqaruvchilaridan biri», – degan Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko. Korxona «Almaz‑Antey» konsern tarkibiga kiradi. Zavodda zenit-raketa komplekslari va dronlar Xitoy dvigatellari va ehtiyot qismlaridan yig‘iladi, deb xabar bergan Reuters agentligi. The Bell qayd etishicha, zavodga Yevroittifoq va AQSh sanksiyalar qo‘llagan.
«Kupol» zavodiga Ukraina xavfsizlik xizmati dronlari hujum qilgan, deb xabar bergan Ukrainadagi «RBK-Ukraina» va Hromadske nashrlari manbalari. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, uzoq masofaga harakatlanuvchi dronlar zavodning ishlab chiqarish quvvatlari hamda omborxonalariga zarba bergan, korxona korpuslariga kamida ikkita dron kelib urilgani qayd etilgan. Korxona RF mudofaa vazirligi buyurtmalarini bajaradi: «Tor» va «Osa» zenit-raketa tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, shuningdek, «Garpiya» zarbdor dronlarini ishlab chiqaradi, degan «Suspilne» manbasi.
Ukrain harbiylari hujumda takomillashtirilgan «Lyutiy» kamikadze dronlaridan foydalangan, deb xabar beradi «Ukrainskaya pravda»ga aloqador Mezha.Media, uning jurnalistlari dronlardan biri uchayotgani ko‘ringan videoni o‘rganib, shunday xulosaga kelgan. Nashrning qayd etishicha, videoyozuvda dronning shassisi yo‘qligini ko‘rish mumkin, shu tufayli jurnalistlar qurilmani yo‘ldan emas, balki statsionar katapultadan yoki maxsus mobil transport platformasidan uchirishganini taxmin qilishgan.
Bu ukrain dronlari Udmurtiyaga ikkinchi bor uchib kelishi bo‘lmoqda — birinchi hujum 2024 yil noyabrda kuzatilgandi.
Ukraina xavfsizlik kuchlari va Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi hozircha Ijyevskka uyushtirilgan hujum yuzasidan izoh bermadi.
Mavzuga oid

23:10 / 01.07.2025
Putin va Makron 3 yil ichida birinchi marta telefonda gaplashdi

16:04 / 01.07.2025
Kim Chen In Ukrainada halok bo‘lgan KXDR askarlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi

13:54 / 01.07.2025
XVJ Ukraina uchun yarim milliard dollarlik transhni ma’qulladi

13:35 / 01.07.2025