Jahon | 08:26 / 01.07.2025
6403
4 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirovning 17 yoshli o‘g‘li uylandi. To‘yga Rossiya bosh vaziri o‘rinbosarlari, to‘rtta elchi va sobiq bosh prokuror ham keldi

To‘y vaqtida Adam Qodirov cheklangan nusxada ishlab chiqarilgan Mercedes’da harakatlandi - bu turdagi mashina narxi 190 ming dollar turadi. Shuningdek, uning qo‘lida qiymati 2 mln dollardan boshlanadigan Jacob & Co soatini ham payqashgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov 17 yoshli o‘g‘li Adam Qodirovning to‘yiga tashrif buyurgan yoki o‘z tabriklarini yo‘llagan rossiyalik amaldor va xorij elchilariga minnatdorchilik bildirdi.

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, to‘yga Rossiya bosh vaziri o‘rinbosarlari Denis Manturov va Aleksandr Novak, prezidentning Shimoliy Kavkaz federal okrugi bo‘yicha vakolatli vakili va sobiq bosh prokuror Yuriy Chayka, LDPR partiyasi raisi Leonid Slutskiy, shuningdek, Eron, BAA, Turkiya va Qozog‘iston elchilari tashrif buyurgan.

Bundan tashqari, to‘yda to‘qqizta mintaqa — Moskva oblasti, Adigeya, Qorachoy-Cherkasiya, Kabardin-Bolqoriya, Tatariston, Ingushetiya, Shimoliy Osetiya, Dog‘iston va Ukrainaning Donetsk oblastining anneksiya qilingan qismi rahbarlari ham ishtirok etgan.

«Men ularning barchasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Ular nafaqat biz bilan bayramni birga nishonlashdi, balki o‘z ishtiroklari bilan uni yanada chiroyli, esda qolarli va unutilmas qildi. Aynan shunday lahzalarda atrofingda qadrlaydigan va munosabatlaringni asraydigan odamlarning bo‘lishi — bu ajoyib narsa», — deb yozadi Qodirov.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin, Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin, Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenko, Prezident administratsiyasi rahbari Anton Vayno ham to‘y munosabati bilan o‘z tabriklarini yuborgan. Ramzan Qodirov oldinroq Vladimir Putinning shaxsan o‘zidan ham tabrik olganini ta’kidlagandi.

Ramzan Qodirovning uchinchi o‘g‘li — 17 yoshli Adamning to‘yi 28 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. «Novaya gazeta Yevropa» ma’lumotlariga ko‘ra, kelin — chechenistonlik senator Suleyman Geremevning qizidir.

To‘y vaqtida Adam Qodirov cheklangan nusxada ishlab chiqarilgan Mercedes’da harakatlandi — ishlab chiqaruvchi uni ommaga atigi ikki oy oldin taqdim etgandi. Bu turdagi mashina narxi 190 ming dollardan boshlanadi. Shuningdek, Adam Qodirov qo‘lida Jacob & Co. Billionaire Ashoka soatini ham payqashgan — bunday soatlar narxi kamida 2 million dollar turadi.

2023 yil yozida Adam Qodirov tergov izolyatorida Qur’onni yoqib yuborgan Nikita Juravelni kaltaklagandi. Shundan so‘ng u bir qancha mukofotlarga sazovor bo‘ldi, xususan, Adamga Checheniston Qahramoni unvoni ham berildi.

O‘sha yilning noyabrida Adam Qodirov Checheniston rahbarining xavfsizlik xizmati boshlig‘i etib tayinlandi. 2025 yil aprel boshlarida esa Ramzon Qodirovning o‘g‘li IIVning Checheniston bo‘yicha boshqarmasi kuratoriga aylandi.

Joriy yilning aprel oyida Adam Qodirov yangi lavozimga — Xavfsizlik kengashi kotibligiga tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, u Vladimir Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlari universitetini, shuningdek, Shayx Mansur nomidagi RF Mudofaa vazirligi bataloni va Baysangur Benoyevskiy nomidagi Rosgvardiya batalonini nazorat qiladi.

Mavzuga oid