O‘zbekiston hududiga shiddatli issiq havo oqimi kirib kelmoqda, Haj mavsumida 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi - mahalliy dayjest
G‘ijduvondagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni kaltakladi. Haj mavsumida 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi. 9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul boshlandi. Endi ichki aviareyslar uchun elektron hujjatlar bilan ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Haj mavsumida 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi
Bu yilgi Haj ibodati paytida kuzatilgan jazirama natijasida surunkali kasalligi bo‘lgan 4 nafar o‘zbekistonlik Saudiya Arabistonida vafot etdi. Shuningdek, Hajga noqonuniy yo‘llar bilan borgan yana to‘rt nafar vatandosh ham ushbu mamlakatda olamdan o‘tdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rasmiylari Hajga yo‘l olgan vatandoshlarning salomatligiga alohida e’tibor qaratib, barcha zarur choralarni ko‘rgan.
Haj ibodati tugaganidan keyin Bosh konsulxonaga 40 nafardan ziyod ziyoratchilar xorijga chiqish pasportlarini yo‘qotgani bois O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan.
Umuman, Haj-2025 mavsumida O‘zbekistondan 15 mingdan ziyod hoji Haj amallarini ado etdi. Ularning Saudiya Arabistoniga kelishi 13 maydan boshlanib, 30 mayga qadar davom etdi. Haj ibodatlari tugaganidan so‘ng vatanga qaytishlari esa 12 iyundan boshlanib, so‘nggi guruh 29 iyunda O‘zbekistonga qaytib keldi.
Shiddatli issiq havo oqimi kirib kelmoqda
3-5 iyul kunlari O‘zbekistonda anomal darajaga yaqin issiqlik to‘lqini kutilmoqda. O‘zgidromet ogohlantirishiga ko‘ra, respublikaning katta qismida havo harorati +44 darajagacha, janub va cho‘llarda undan ham yuqori darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, bu kabi shiddatli ob-havo sharoitida avvalo inson salomatligini ta’minlovchi tizimlar oqibatlarga shay turmog‘i lozim. Shu bilan birga shiddatli issiqlik qishloq xo‘jaligi, energetika tizimi, sayyohlik infratuzilmasi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Shuningdek, issiqlik ortidan kuchli shamol va chang bo‘ronlari kuzatilishi ehtimoli ham bor. Odatdagidan farqli, bu safar sovuq havo fronti shiddatli shamol bilan birga keladi — shamol tezligi ayrim joylarda soniyasiga 25 metrgacha yetishi mumkin.
Pensiya miqdorini oldindan aniqlash xizmati joriy etiladi
Prezident farmoni bilan pensiya va g‘aznachilik faoliyatiga zamonaviy xizmatlarni joriy etishning asosiy yo‘nalish va maqsadlari belgilandi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 dekabrdan fuqarolarning mavjud ish staji va ish haqlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlarga asosan pensiya miqdorlarini oldindan aniqlash bo‘yicha «Mening pensiyam» onlayn xizmati joriy etiladi.
Shuningdek, pensiya ta’minotiga oid barcha xizmatlar to‘liq proaktiv, elektron hamda interaktiv shaklga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, hukumat qarori bilan «Nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish» sxemasi tasdiqlandi. Qarorga ko‘ra, proaktiv shaklda pensiya tayinlangan yoki tayinlash rad etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar fuqarolarga SMS-xabar ko‘rinishida yuboriladi.
G‘ijduvondagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni kaltakladi
Kun.uz ixtiyoriga Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 53-sonli davlat bog‘chasida tarbiyalanuvchilar kaltaklanganiga oid videolar kelib tushdi. Tasvirlarga ko‘ra, voqea 22 hamda 27 may sanalarida yozib olingan. Unda tarbiyachi bolalarga baqirib, «oyog‘ing sinsin», deya ularni bir necha marotaba shapaloqlab urgani ko‘rinadi.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga ko‘ra, tarbiyachi mehnat majburiyatlarini qo‘pol buzgani sabab u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi tashkilot direktorining 30 iyundagi tegishli buyrug‘i bilan bekor qilingan.
Ayni paytda maktabgacha ta’lim tashkilotida bu holatni yuzaga keltirgan sabablar o‘rganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul boshlandi
Bugun, 1 iyuldan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini texnikumlarga qabul qilish boshlandi.
515 ta texnikumning birida kunduzgi yoki dual ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qish uchun my.edu.uz elektron platformasi orqali 20 iyul kuniga qadar onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Platformaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki ID karta ma’lumotlari, 3x4 hajmidagi fotosurat kiritiladi.
Ichki aviareyslar uchun elektron hujjatlar bilan ro‘yxatdan o‘tish mumkin
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab yo‘lovchilar mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron variantidan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ldi.
Aeroportda ro‘yxatdan o‘tishdan oldin yo‘lovchi my.gov.uz sayti/mobil ilovasi yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetiga kirib, shaxsiy ma’lumotlar sahifasiga o‘tadi va elektron shaklda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tish joyidagi xodimga ko‘rsatadi.
Faqat my.gov.uz sayti/mobil ilovasi yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasidagi joriy ma’lumotlar shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi. Shuning uchun ro‘yxatdan o‘tish paytida shu kabi hujjatlarning nusxalari, fotosuratlari, pasport/IDʼning skanerlangan variantlari yoki shaxsiy ma’lumotlar bo‘lgan veb-sayt sahifasining «skrinshot»lari qabul qilinmaydi.
Mavzuga oid

23:39 / 02.07.2025
Andijonda profilaktika inspektori pichoqlandi, Qo‘yliq yo‘lida megatirbandlik yuzaga keldi - mahalliy dayjest

22:33 / 30.06.2025
Prezident yoshlar bilan uchrashdi, ko‘chmas mulk savdosi naqdsiz shaklga o‘tkazilishi mumkin va yoshlarga imtiyozli ta’lim krediti beriladi - mahalliy dayjest

22:53 / 27.06.2025
Toshkentda tirbandliklarni prognoz qiladigan markaz ish boshladi, aka 3 yoshli ukasini sotuvga qo‘ydi, Kun.uz jurnalisti «Oltin qalam» bilan taqdirlandi – mahalliy dayjest

21:20 / 26.06.2025