Jahon | 10:48
27091
9 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In «aqlga sig‘mas hodisa»ga guvoh bo‘ldi: uning yangi esminetsi suvga tushirish chog‘ida ag‘darilib ketdi

The Wall Street Journal nima uchun bunday bo‘lganini ko‘rib chiqdi. Sabablardan biri – kemaga haddan tashqari ko‘p qurol yuklashgan.

KCNA / Reuters / Scanpix / LETA

Shimoliy Koreyaning yangi harbiy kemasi Kim Chen Inning ko‘z o‘ngida ag‘darildi

21 may kuni Shimoliy Koreyada mamlakat rahbariyatining hafsalasini pir qiladigan avariya yuz berdi – yangi harbiy kema suvga tushayotganda ag‘darilib, qisman cho‘kib ketdi. «Men bunday muvaffaqiyatsizlikni ko‘rmaganman», – deb tan oldi AQSh harbiy-dengiz kuchlarining iste’fodagi polkovnigi, Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining katta maslahatchisi Mark Kansian The Wall Street Journal nashriga.

Suv sig‘imi besh ming tonna bo‘lgan ikkinchi «Chxve Xyon» esminetsi KXDR shimoli-sharqidagi Chxonjin shahridagi kemasozlik zavodida suvga tushirildi. Marosimga shaxsan Kim Chen In tashrif buyurgandi. Lekin kemani suvga tushirish rejadagidek kechmadi. Kemaning quyrug‘ini ushlab turgan aravacha muddatidan oldin suvga tushib ketgan. Natijada kemaning bir borti suv ostida, burni esa stapelda qolgan.

«O‘rtoq Kim Chen In avariya paytidagi barcha jarayonlarni kuzatdi va jiddiy baho berdi: bu aql bovar qilmaydigan, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan, jiddiy, og‘ir hodisa va ehtiyotsizlik, mas’uliyatsizlik va g‘ayriilmiy empirizm natijasida yuzaga kelgan jinoyatdir», – deyiladi Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligi xabarida. Hodisa oqibatida jarohatlanganlar bor yoki yo‘qligi haqida xabar berilmagan.

Esminetsning avariyadan keyin sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasviri, 2025 yil 24 may
Planet Labs / Reuters / Scanpix / LETA

To‘rt kishi hibsga olingan. Chxonjin aholisi qatag‘ondan xavotirda

Ko‘p o‘tmay to‘rt kishi hibsga olindi – ular orasida Chxonjin zavodining bosh muhandisi va mudofaa sanoati uchun mas’ul bo‘lgan partiya xodimi bor edi. Shimoliy koreyalik huquq himoyachilari va qochqinlar fikricha, agar ularga ayblov qo‘yilsa, ular odil sudga, jumladan, advokatning ishtiroki va apellyatsiya berish huquqiga umid qila olmaydi.

Baxtsiz hodisadan keyin shaharda g‘amgin muhit hukm surmoqda. «Odamlar hukumat muvaffaqiyatsizlikni ochiqchasiga tan olganidan hayratda», – dedi Chxonjin joylashgan Hamgyon-Pukto viloyatining ismi oshkor etilmagan fuqarosi Radio Free Asia’ga. Mahalliy aholining yana bir vakili kemasozlik zavodidagi ommaviy «tozalashlar»dan xavotirda ekanini aytdi: «Kim muvaffaqiyatsizliklarni shaxsiy muvaffaqiyatsizlik deb biladi, ayniqsa, ular o‘z imijiga putur yetkazsa».

KXDR yetakchisi harbiy-dengiz kuchlarini yangilashga katta e’tibor qaratmoqda. Hozir unda asosan sovet kemalari bor

Esminets bilan ro‘y bergan muvaffaqiyatsizlik bu taxlit tan olinishi Kim Chen In uchun harbiy-dengiz kuchlarini rivojlantirish qanchalik muhimligini yana bir bor qayd etadi, deb hisoblaydi WSJ. Shimoliy Koreya o‘zini yadroviy derjava deb e’lon qildi, ammo uning raketalari asosan quruqlikda joylashtirilgan, ularni aniqlash esa oson. Asosan SSSR davriga mansub 70 ta suv osti kemasi va 420 ta jangovar kemadan iborat KXDR harbiy-dengiz kuchlari zamondan ortda qolgan hisoblanadi. Dengiz flotini modernizatsiya qilish Kimga dengizda AQSh va Janubiy Koreyaga tahdid solish va «ikkinchi zarba», ya’ni dushman birinchi zarba bergan taqdirda kafolatlangan javob yadroviy hujumni amalga oshirish imkonini bergan bo‘lardi.

Shuning uchun ham KXDR yetakchisi harbiy kemalar yasalishi haqida qayg‘urmoqda. Aprel oyi oxirida u Nampo shahridagi kemasozlik korxonasida qurilgan birinchi «Chxve Xyon» sinfidagi esminetsning suvga tushishini kuzatgandi. Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, o‘sha kema Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi bilan jihozlangan. Janubiy Koreya armiyasi vakillarining fikricha, Rossiya kemani ishlab chiqishda yordam ko‘rsatgan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Pxenyan Moskvaga o‘q-dorilar va askarlar bilan yordam berib kelmoqda – va bunga javoban harbiy texnologiyalar bo‘yicha yordam olgani taxmin qilinmoqda.

KXDR suv usti kemalaridan tashqari o‘zining birinchi atom suv osti kemasini qurmoqda.

Katta ehtimol bilan, esminets riskli tushirishdagi noto‘g‘ri hisob-kitob tufayli ag‘darilgan

KXDR Markaziy telegraf agentligi xabariga ko‘ra, ikkinchi «Chxve Xyon» esminetsini suvga tushirish chog‘idagi avariya «ehtiyotsiz buyruq va boshqaruvdagi ehtiyotsizlik tufayli» sodir bo‘lgan. WSJ bilan suhbatlashgan harbiy-dengiz ekspertlari fikricha, muhandislar kemaning og‘irlik markazini hisoblashda xatoga yo‘l qo‘yishgan. Bu xato uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta asos bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, so‘nggi o‘n yilliklarda Chxonjin verfi katta kemalarni suvga tushirmagan. Keksa muhandislar nafaqaga chiqqan, yoshlarda esa bunday murakkab ish uchun yetarli tajriba yo‘q, deydi Radio Free Asia bilan suhbatlashgan Hamgyon-Pukto provinsiyasi aholisi vakili.

Ikkinchidan, yon tomondan suvga tushish ancha ommabop usul – suzuvchi dokdan tushishga nisbatan xavfsizroq (garchi kamroq xarajatli) muqobil hisoblanadi. Hamma gap shundaki, hatto yon tomondan muvaffaqiyatli tushganda ham kema qattiq chayqaladi. Tanker va quruq yuk tashuvchilarni muvozanatda ushlash osonroq, chunki ularning tubi tekis. Harbiy kemalar V-simon tubga ega; u tufayli ular katta tezlikni rivojlantirishi mumkin bo‘ladi, ammo bu suvga tushganda barqarorlikni ta’minlamaydi.

Uchinchidan, Shimoliy Koreya harbiylari kemani qurol-yarog‘ bilan haddan tashqari to‘ldirib yuborgan ko‘rinadi. Janubiy Koreya harbiy-dengiz kuchlarining iste’fodagi kapitani va Koreya harbiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Yun Sok-junning WSJ bilan suhbatda ma’lum qilishicha, esminetsga 70 ga yaqin qurol-yarog‘ tizimi o‘rnatilgan – Janubiy Koreya, AQSh va boshqa davlatlar esa odatda o‘z harbiy kemalarini suvga tushirgandan keyin to‘liq jihozlash uchun yillar sarflaydi.

To‘rtinchidan, shoshilish. Birinchi «Chxve Xyon» esminetsi taxminan 400 kun ichida qurilgan. Ikkinchisining qurilish muddati bundan uzoq bo‘lmasa kerak. Taqqoslash uchun, Yaponiyada esminetsni qurish uchun taxminan uch yil, G‘arb davlatlarida esa undan ham ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. «Bu kemani qisqa vaqt ichida suvga tushirish zarurati tufayli texnik bilimlar yetishmasligi va bosimning kombinatsiyasidir», – deb hisoblaydi JAR harbiy-dengiz kuchlarining sobiq kapitani va BMTning KXDRga qarshi sanksiyalar bo‘yicha tarqatib yuborilgan ekspertlar guruhi a’zosi Nil Uots.

Kemasozlik zavodida kemani 10 kunda ko‘tarishga va’da berishgan. Buning uchun havo sharlaridan foydalanishlari mumkin

Esminets hali ham suvga tushirishga urinish amalga oshirilgan joyda yotibdi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda uning usti ko‘k brezent bilan yopilganini ko‘rish mumkin. Kim Chen In kema halokati «bir zumda davlat qadr-qimmatini obro‘sizlantirgani»ni aytdi va esminetsni tiklashni «siyosiy masala» deb atadi.

Chxonjin kemasozlik zavodi 23 may kuni dastlabki ma’lumotlarga qarama-qarshi o‘laroq, halokat chog‘ida kema tubiga zarar yetmaganini ma’lum qildi. Verf rahbariyatining baholashicha, uni tik holatga keltirish uchun 10 kun kerak bo‘ladi. Bu muddat tugashiga ikki kundan kamroq vaqt qoldi.

«Kemasozlik zavodida bunday kattalikdagi kemani ko‘tara oladigan katta kranlar yo‘q», – deya qo‘llarini yoyadi Radio Free Asia manbasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suzuvchi kranlardan foydalanish mumkin edi, biroq kema ag‘darilgan dok tor va to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga bog‘lanmagan, bu esa suzuvchi kranlarni yetkazib berishni qiyinlashtiradi.

Vashingtondagi Harbiy-dengiz tadqiqotlari markazi tasvir tahlilchisi Dekker Eveletning fikricha, shimoliy koreyalik mutaxassislar esminetsni ko‘tarish uchun aerostatlardan foydalanishga qaror qilishgan. Janubiy Koreya harbiylari sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga ko‘ra, to‘ntarilgan kemaga havo sharlariga o‘xshash jismlar o‘rnatilganini tasdiqladi. «Shimoliy Koreya o‘z esminetsini Pixar’ning „Yuqoriga“ xitidan ilhomlangan usullar bilan ko‘tarishga urinayotganga o‘xshaydi», – deb hazillashdi Evelet.

Mavzuga oid