Jahon | 21:46 / 01.07.2025
3749
3 daqiqa o‘qiladi

Eron «Astraxan porti» ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin

Kaspiy dengizidagi Rossiya terminallari - mamlakat donini Eronga eksport qiladigan an’anaviy yo‘l hisoblanadi. Shu bois Eron kompaniyasi «Astraxan porti»ning qolgan aksiyalarini ham sotib olishga harakat qilmoqda.

Foto: TASS

Eron kompaniyasi Qaspiy dengizi bo‘yidagi Rossiya hududida joylashgan don va boshqa tovarlarni qayta yuklashga mo‘ljallangan dengiz terminallaridan birining 100 foizli egasiga aylanishi mumkin. Reuters’ning terminalga egalik qiluvchi kompaniya bayonotiga tayanib yozishicha, Eron rossiyalik mulkdorlarning ulushlarini sotib olish orqali bu huquqqa ega bo‘ladi.

Rossiyaning Kaspiydagi dengiz terminallari — RF donini Eronga eksport qiladigan an’anaviy yo‘l hisoblanadi, ammo 2025 yilning ikkinchi yarmida Eronga yuboriladigan arpa va makkajo‘xoriga Rossiya hukumati tomonidan qo‘yilgan nol kvotalar tufayli yetkazib berishlar deyarli to‘xtab qolgan.

Eronning Nasim Bahr Kish kompaniyasi, «Astraxan porti»ning 53,66 foiz oddiy va 51,29 foiz imtiyozli aksiyalariga egalik qiluvchi asosiy sarmoyador sifatida, qolgan aksiyalarni, jumladan, davlatga tegishli bo‘lgan 25 foiz ulushni ham sotib olish uchun oferta yo‘llagan.

Qolgan aksiyalarni xarid qilish Eron kompaniyasiga 437,5 million rublga tushadi. «Astraxan porti» yuk terminallaridan biriga egalik qiladi — u orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, metall, yog‘och hamda o‘g‘itlar qayta yuklanadi.

Reuters manbalariga ko‘ra, 2023-2024 yilgi mavsumda mazkur port orqali 275 ming tonna don eksportga yuborilgan, joriy yilgi mavsumda esa ushbu ko‘rsatkich 139,5 ming tonnani tashkil etgan, ammo may oyida qayta yuklash hajmi nolga tushib ketgan.

Kaspiy orqali don eksportining umumiy hajmi o‘tgan mavsumda 3,7 million tonnani, joriy mavsumda esa 1,6 million tonnani tashkil etgan.

O‘tgan mavsum Eronda hosil yuqori darajada bo‘lgani uchun g‘alla xaridi barqaror bo‘lmagan, ammo 2024 yil oxirlariga kelib don xaridi yana faollashgan.

Eskperlar 2025-2026 yilgi mavsumda Kaspiy portlari orqali Rossiyadan Eronga arpa va makkajo‘xori yetkazib berish oshishini kutmoqda. Rusagrotransning baholashicha, yetkazib berishlar 2,6 million tonnadan 3,6 million tonnagacha oshadi.

Mavzuga oid