O‘zbekiston | 12:02 / 28.06.2025
1133
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlashning yangi modeli bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi boshlanmoqda

Vazirlar Mahkamasining «Respublikada aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezident farmoniga muvofiq tajriba-sinov loyihasi sifatida tizimni tashkil etishning yangi modeli 2025 yil 1 iyuldan boshlab – muayyan tuman (shahar)larda, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa – Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida joriy etiladi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) tibbiy birlashmalari bazasida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari, shu jumladan ularga filial sifatida biriktirilgan muassasalar va mahalla tibbiy punktlari ularga biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, yuridik shaxs maqomiga ega oilaviy poliklinikalar va ularning filiallariga aylantiriladi.

Oilaviy poliklinikalarda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va diagnostika mutaxassislarining xizmatlari, shuningdek stomatologik xizmatlar – autsorsing asosida ko‘rsatiladi, oilaviy poliklinikalar zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi.

Bunda aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi.

Shuningdek, yangi qoidalarga ko‘ra tibbiyot brigadasi va unga biriktirilgan aholi o‘rtasida tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilaydigan kelishuv tuziladi. Har bir tibbiyot brigadasiga 3 ming kishi biriktiriladi, lekin zarurat bo‘lganda belgilangan me’yordan oshirishga yo‘l qo‘yiladi.

Oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritadi. Barcha tibbiyot brigadalari xodimlari to‘rt bosqichli maxsus oilaviy sog‘liq dasturi bo‘yicha o‘qitiladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish va uni tashkil etish tartibi, tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limi, tuman (shahar) markaziy shifoxonasi to‘g‘risidagi nizomlar;
aholini tibbiyot brigadalariga biriktirish va tibbiyot, farmatsevtika hamda rahbar kadrlar faoliyati samaradorligini baholash tartiblarini;
davlat tibbiyot muassasalarida autsorsing shartlarida stomatologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Mavzuga oid