Qanday xabarlarga ishonish, qandaylariga ishonmaslik kerak? – futboldagi transferlar haqida

Foto: Alessandro Grassani / The New York Times
Yoz oylari odatda katta futbolda tanaffus bo‘lsa-da, muxlislar uchun yanada qiziqarli hisoblanadi – barcha e’tibor futbol maydonidan yangilik saytlariga, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chadi. Sababi, transfer oynasi ochiq bo‘ladi, u yoki bu futbolchi boshqa jamoaga o‘tishi, sevimli klub qanday maqsadlarni ko‘zlab, qaysi pozitsiyalarni kuchaytirishga harakat qilayotganini kuzatib borish ham zavqli. Axir shu orqali siz butun kelasi mavsumni tasavvur qilasiz, qaysidir ma’noda yozdagi o‘zgarishlar bir necha yillik umidlarni ham belgilab beradi.
Buning ustiga bu davrda turli xabarlar ham juda ko‘p, qaysi biriga ishonishni bilmaysiz, ba’zi ma’lumotlarni tahlil qilish, xulosa chiqarish qiyinchilik tug‘diradi, yangi terminlar paydo bo‘ladi – transfer budjeti nima, moliyaviy cheklovlar qanday amal qiladi, transfer narxi qayerdan paydo bo‘ladi, turli bonuslar, kelishuv shartlari, xullas, bu ham o‘ziga yarasha katta bir soha va bazaviy ma’lumotlarsiz ko‘pincha noto‘g‘ri xulosalar ham shakllanib qolishi mumkin. Shu tufayli, keling, transferlar mavzusiga to‘xtalamiz, ayni vaqti.
Internetdagi transfer mish-mishlari qay darajada ishonchli?
Avvalo, mish-mish bilan rasmiy xabarni, manbalarni ajratib olish muhim. Ba’zi chiqadigan xabarlar – g‘irt uydirma, ba’zi xabarlarda u qadar ishonchli bo‘lmagan manbalar rol o‘ynaydi. Misol uchun, biror saytdagi xabar ostida boshqa bir manbadagi matnga havola berilgan bo‘lsa, shunchaki, jurnalist ushbu ma’lumot ishonchli ekanini tekshirib ko‘ra olmagan, shuning uchun material haqiqatga yaqin tasavvur paydo qilishi uchun boshqa e’tiborliroq portaldan iqtibos keltirgan bo‘ladi.
Shuningdek, ayniqsa transfer bozori paytida eng keng tarqalgani – manfaatdor taraf tomonidan sizdirilgan xabarlar. Misol uchun, bir futbolchining agenti o‘z mijozi bilan boshqa bir klub qiziqayotgani haqidagi xabarni chiqartiradi. Bunga sabab, futbolchi to‘p surayotgan klubga bosim qilish yoki o‘z mijozini boshqa klublar oldida piar qilish uchun ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har qanday xabarni o‘qiganda o‘quvchi mustaqil tahlil qilishi, material kim tomonidan chiqarilgani, boshqa tasdiqlangan yoki ishonchli xabarlar bilan qay darajada mos kelishi tekshirib ko‘rishi tavsiya etiladi.
Yana bir qiziq vaziyat – bir xabar dushanba kuni bir mamlakatda chiqadi, ertasiga chet el saytlari ko‘chirib bosishadi, indiniga esa ushbu ma’lumot hatto chet el manbalari tomonidan tasdiqlangani haqidagi xabarlar paydo bo‘ladi. Shunga o‘xshash holat Samuel Eto'o «Bunyodkor»ga o‘tishi bilan bog‘liq mish-mishlarda kuzatilgandi. Avvaliga O‘zbekistondagi mahalliy saytlar bu kelishuv sodir bo‘lgani haqida yoza boshlashgan, keyinchalik bir qator chet el nashrlari o‘zimizni manba qilib bu xabarni tarqatishgandi. Keyin esa futbolchining transferi haqiqatga yaqin ekani, Yevropaning taniqli nashrlari ham yoza boshlagani aytilgandi.
Shu bilan birga, o‘ziga yarasha ishonch qozongan va har qanday shubhali manbalarni emas, doim rasmiy yoki shunga yaqin insaydlar bilan ishlaydigan media va jurnalistlar bor. Misol uchun, Fabritsio Romano, Devid Ornshteyn kabilar.
Media qay shaklda ishonchli ma’lumotni qo‘lga kiritadi?
Futbol olamida aslida nima bo‘layotgani haqida haqqoniy ma’lumotga ega bo‘lgan ekspertlar ko‘p – kimdir umumiy kartina bilan shug‘ullansa, ba’zilar tor soha, ma’lum yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z manbalariga ega bo‘ladi. Fabritsio Romano shu sohada yetarli reputatsiyani ishlab topganki, juda yaqin manbalar u orqali ma’lumot yetkazishni afzal biladi. Yoki ba’zi jurnalistlar u yoki bu klub bilan yaqin munosabatda bo‘ladi. Bu noto‘g‘ri ish emas, jurnalist o‘sha klub bilan bog‘liq turli uydirmalarni chop etmasligi, doim klub pozitsiyasi bilan hisoblashishi evaziga klub ham o‘z navbatida, shu jurnalist bilan muhim ma’lumotlarni o‘rtoqlashadi. Chunki aynan ushbu jurnalist qo‘lida berilgan ma’lumotlar boshqacha intepretatsiyaga uchramasligiga klub ishonadi.
Masalan, The Athletic jurnalisti Lori Uotuel «Manchester Yunayted»ning yangi rahbariyati bilan juda yaqin bo‘lib, ba’zida klub pozitsiyasiga yaqin bo‘lgan qarashlar, ba’zida esa transferlar bilan bog‘liq eng haqqoniy ma’lumotlar aynan Lori Uotuel orqali chiqariladi.
Shuningdek, har bir futbolchining oilasi, do‘stlari, yaqinlari ham bor, ba’zida ular orqali ham qandaydir xabarlar chiqib qoladi. Futbolchining u yoki bu davrada nimadir degani, ijtimoiy tarmoqda kimnidir follov qilib, nimanidir o‘chirgani manba sifatida mustaqil hech narsa bermasa-da, boshqa qaysidir xabarlarni tasdiqlashi yoki inkor qilishi mumkin. Misol uchun, bir futbolchining bir shahardan uy sotib olgani, o‘sha shahar klubiga o‘tayotganini bildirmaydi, ammo avvalroq o‘sha klub bilan bog‘liq mish-mishlar tarqalgan bo‘lsa, uy sotib olinishi ham qandaydir tasdiqlovchi ma’lumot sifatida ko‘rilishi mumkin.
Bu xabarlar nima uchun kerak? Hammasi sir bo‘lishi foydali emasmi?
Bu ham vaziyatga qarab o‘zgaradi. Sir saqlanishining asosiy sababi ko‘pincha moliyaviy sabablar tufayli bo‘ladi. Klubning u yoki bu klubga qiziqishi, kimnidir sotmoqchi bo‘layotgani haqidagi xabarlar boshqa transferlarga ham xalaqit berishi ehtimoli bor. Agar bir futbolchi bo‘yicha muzokaralar to‘xtatiladigan bo‘lsa, keyingi variantdagi futbolchining klubi bundan foydalanishi mumkin – avvalgi muzokaralarda klub bu pozitsiya uchun qancha pul sarflashga tayyor, qanday takliflar qila olganini bilsa, shunga qarab mo‘ljal olishi mumkin. Bu esa xaridor klub pozitsiyasini pasaytiradi.
Ba’zida siyosiy sabablar tufayli ham klubning o‘zi shunday xabarlar tarqatishi mumkin. Aytaylik, tanqidlar ostida qolgan klub rahbariyati muxlislarga jim o‘tirmasdan ishlayotganliklarini namoyish qilish uchun tinmasdan har bir jarayon haqida ma’lumot chiqarishni boshlaydi.
Eng qiziq misol, 2000 yil yozida «Roma»da sodir bo‘lgan. Klub markaziy hujumchi axtarayotgan, bosh murabbiy xohlayotgan Gabriel Batistuta varianti esa klub xo‘jayini uchun qimmatlik qilayotgandi. O‘shanda Kapello intervyulardan birida Batistuta bilan kelishuv bo‘lgani, u «Roma»ga o‘tishini aytib yuboradi. Klub xo‘jayini Franko Sensining telefoni portlab ketadi – hamma ushbu transfer bilan tabriklar, muxlislar Rim ko‘chalarida Sensining ismini qo‘shiq qilib kuylashardi. Birdaniga qahramonga aylanib ketgan Sensida ushbu transferga rozi bo‘lishdan boshqa chora qolmaydi.
Eng muhimi, transfer jarayonida vositachilarning ahamiyati katta. Vositachilarning agentlardan farqi, agentlar futbolchining manfaatlarini himoya qiladi, barcha masalada mijozining istaklaridan kelib chiqib harakat qiladi. Vositachini esa klub ham yollashi mumkin – biror futbolchini sotmoqchimisiz, unga mos va klub istagan pulni bera oladigan variantlarni vositachi topib beradi. Ular o‘z kanallari orqali xaridor izlashadi, tarmoqlarda xabarlar chiqarish orqali futbolchini «bozorga solib», potensial qiziquvchilarni jalb etishadi. Chunki agar klub biror futbolchi sotilishi mumkinligi haqida xabar chiqarsa yoki murabbiy u yoki bu futbolchi unga kerak emasligini ochiq aytsa, narx keskin tushib ketadi.
Yoki sotib olmoqchi bo‘linayotgan futbolchi bilan muzokaralar chog‘ida ham vositachilar kerak bo‘ladi: qonun bo‘yicha klub boshqa klub futbolchisi bilan muzokaraga kirisha olmaydi, vositachi esa o‘z nomidan futbolchi yo klub bilan bog‘lanishi, taxminiy transfer narxi yoki maoshlar haqida ma’lumot yig‘ishi mumkin. Ana undan keyin klub rasmiy taklif yuboradi.
Transfer qiymati qanday aniqlanadi?
Turli saytlarda har qanday futbolchining reytingi, taxminiy bahosi haqida ma’lumotlar topish oson. Ammo ko‘pincha bunday ko‘rsatkichlar qiymatga ega emas. Muayyan futbolchining bahosiga ta’sir qiluvchi omillar ko‘p bo‘lib, talanti, yoshi, millati, ya’ni qaysi davlat fuqarosi ekani, shuningdek, ayni paytdagi maoshi, shartnoma muddati kabilar muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, gap o‘xshashi yo‘q bo‘lgan top futbolchilar haqida borganda, narx jiddiy tarzda o‘ynashi ham mumkin.
Narx xaridorga yoki sotuvchi holatiga qarab ham o‘zgarishi mumkin. Masalan, Neymar «Barselona»dan «PSJ»ga 200 million yevrodan ortiq summaga o‘tgach, kataloniyaliklarda pul ko‘pligi va tez fursatda vinger juda zarur ekanini hamma bilib qolgan. Natijada Usmon Dembelening narxi 120 million yevroga chiqib kelgan, boshqacha shartlarda klub bu futbolchini ancha arzonga olishi mumkin edi. Yoki Garet Beylni «Real»ga sotishga kelishib qo‘ygan «Tottenhem» transferni rasman e’lon qilmagan. Transfer summasi ham sir tutilgan, bu esa londonliklarning boshqa xaridlariga xalaqit bermasligi uchun qilingandi.
Yaqinda «Manchester Yunayted» Mateus Kunyani «Vulverhempton»dan 62 million funtga sotib olib, orqasidan «Brentford»ga Mbeumo uchun 45 million funtlik taklif yubordi. Har ikki futbolchi deyarli bir xil pozitsiyada to‘p suradi, bir xil yoshda, bir xil tajribaga ega, hatto o‘tgan mavsumdagi ko‘rsatkichlari ham juda yaqin. Shuning uchun «Brentford» Mbeumo uchun kamida Kunyaning narxi to‘lanishi kerakligi pozitsiyasida qat’iy turib oldi.
Futbolchining yoshi muhim. Yoshroq futbolchi qimmatroq bo‘lishi tushunarli. Chunki u bundan keyin ham o‘sishi, kuchayishi, narxi oshishi mumkin. Shartnoma muddati tugamasdan sotib yuborish va to‘langan transfer narxini chiqarib olish imkoniyat ham saqlanib qoladi. Yoshi katta futbolchini esa klub olayotgan narxiga sota olmaydi, tabiiyki, unga qilinayotgan xarajatlar qoplanmasligi e’tiborga olinadi.
Va albatta, klub bilan shartnoma muddati ham eng hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ko‘pchilik nega Erling Holand uchun Darvin Nunezdan ham kam pul to‘langanini tushunmaydi. Birinchidan, agar shartnoma muddati tugashiga bir yil qolayotgan bo‘lsa, klub imkon qadar sotib yuborishga harakat qiladi, chunki kelasi oynada tekinga qo‘yib yuborishga majbur. Bir necha yillik shartnomaga ega bo‘lgan klub esa kuchliroq pozitsiyada bo‘ladi va o‘z shartlarini, narxini qo‘ya oladi.
Ikkinchidan, shartnoma muddati kam qolgani futbolchining pozitsiyasini kuchaytiradi va yangi klubiga ham shart qo‘ya oladi – meni arzon olyapsanmi, demak kattaroq maosh berishing kerak, deb ochiq aytmasa-da, shu mantiq ishlaydi. Shartnoma muddati ko‘p bo‘lgan futbolchi unday shartlar qo‘ya olmaydi, yangi klubidagi maoshi ham eski klubida olayotgan puliga yaqin bo‘lishi tabiiy. Agar bir necha klub o‘rtasida raqobat bo‘lib, futbolchining istagi bosh rolga chiqib qolmasa, albatta.
Tovon puli nima? Nega klub bunga rozi bo‘ladi?
Tovon puli ham transfer bozorida ta’siriga ega bo‘lgan omillardan biridir. Ammo bu qoida turlicha mazmunga ega ekanini ham e’tiborga olish kerak. Ispaniyada har bir futbolchi shartnomasida boshqa klub sotib olishi mumkin bo‘lgan qandaydir summa yoziladi – ayniqsa yuqorida eslangan Neymar voqeasidan keyin milliardlik narxlarni qo‘yish avj oldi. Boshqa chempionatlarda esa futbolchi ma’lum summani to‘lab shartnomani bekor qilib ketishi mumkin bo‘lgan standart raqamlar yoziladi.
Odatda, futbolchi shartnomada kamroq tovon puli yozdirib, evaziga maoshlar va bonuslar borasida yon berishi holatlari kuzatiladi. Shu orqali futbolchi o‘z kelajagi uchun investitsiya qiladi – agar o‘zini ko‘rsatib, top-klublar nazariga tushsa, uni katta summaga sotib olishga majbur bo‘lishmaydi va mana shu qulaylik uchun futbolchi top klubdan yaxshiroq maoshga, shartnomaga ega bo‘lishi mumkin.
Bu ko‘p jihatdan erkin agentlar holatini ham eslatib yuboradi. Ko‘pchilik erkin agentlar transferini go‘yoki ancha arzon yoki tekindek tasavvur qilishadi, ammo bu jarayonning ham o‘ziga yarasha nyuanslari bo‘lib, so‘nggi yillarda to‘laqonli transfer darajasida qimmatlashmoqda. Bunday kelishuvlarda agentlarning roli oshib, katta summada pul olishadi. Yoki eng yorqin misol, Kilian Mbappe «PSJ» bilan shartnomani uzaytirmasdan, «Real»ni ham transfer uchun pul to‘lashdan qutqargani evaziga, ba’zi manbalarga ko‘ra 100 million yevrodan ortiq pul olgan. Buni o‘zbek futbolida eng keng tarqalgan kelishuv turi – «ko‘tarma puli»ga qiyoslash mumkin.
«Ko‘tarma pullari» bu ketishda Yevropada ham avj ola boshlashi turgan gap. Hozirda futbolchilarning pozitsiyasi kuchayib bormoqda, endi ular klub bilan shartnoma tugaguncha uzaytirmay, erkin agentga aylanishi va istalgan klubga o‘zini «sotishi» mumkin. Qizig‘i, bunday innovatsiyalar klublarga ham qo‘l kelishi mumkin.
Aytaylik, bir erkin agent klubdan katta maosh so‘rashi mumkin. Maoshlar siyosati esa klub ichkarisida juda muhim. Ya’ni futbolchilarning maksimal va minimal maoshlari nazorat qilinadi, farq kattalashishi jamoa muhitiga ta’sir qilishi mumkin. Yuz millionga sotib olingan futbolchi kam maosh olsa, tekinga kelgan boshqa bir futbolchining yuqori maoshi moliyaviy tomondan tushunarli bo‘lsa-da, kam olayotgan uchun salbiy ta’sirga ega – chunki maoshlar futbolchining maydonda jamoaga keltirayotgan harakatlari bilan proporsional bo‘lishini ham ta’minlash kerak bo‘ladi. Mana shunday vaziyatlarda klub erkin agentga «ko‘tarma puli» sifatida bir martalik katta summa berish, maoshni esa klub siyosatidan kelib chiqib pastroq belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Amortizatsiya nima?
Ko‘pchilikni adashtiradigan tushunchalardan yana biri, u yoki bu futbolchining klubga qanchaga tushishi haqidagi mulohazalar. Klub biror futbolchini sotib olganda, uning qiymati shartnoma muddatiga teng summalarda sochib yuboriladi. Ya’ni bir futbolchi 50 million yevroga sotib olinib, 5 million yevro maosh bilan besh yillik shartnoma imzolagan bo‘lsa, demak, bu futbolchi klub uchun bir mavsumga 15 million yevroga tushgan deb hisoblanadi. Boshqa bir futbolchi tekinga kelib, 20 million yevro maoshga shartnoma tuzsa, demak uning bir mavsum uchun xarajati 20 million yevro, ya’ni yuqoridagi 50 millionlik futbolchidan qimmatroqqa tushgan bo‘ladi aslida.
Uyog‘iga boshqa nozik jihatlar ham bor. Tasavvur qiling, bir necha yil o‘tib, har ikki futbolchi ishonchni oqlamadi va ularni sotish kerak. Birinchi futbolchining xarajatlari qoplanishi uchun uni 30 millionga sotish kerak, chunki o‘sha to‘langan 50 millionning 30 millioni qoplanmasdan turibdi. Ikkinchi futbolchi esa tekin kelgan, demak uni har qanday narxga sotish ham foyda sifatida olinadi. Boshqa tomondan, uni sotish ham qiyin, zero 20 million yevro maosh to‘lay oladigan boshqa klub topishga to‘g‘ri keladi.
Aynan mana shu omil, ya’ni futbolchi uchun qilingan harajat yillarga taqsimlab yuborilishi, futbol tili bilan aytganda amortizatsiya, klublarning transfer siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Klublar yillik xarajat summalarini kamaytirish uchun uzoqroq muddatga shartnoma tuzishga, ba’zida esa futbolchilarning maoshini oshirgan holatda shartnomani yangilashga ham urinadi. Nega? Aytaylik, yuqoridagi misolda keltirilgan birinchi futbolchi bilan ikki yil o‘tib yangi shartnoma imzolanadi va maosh 6 million yevro deb belgilanadi. Futbolchi rozi, chunki maoshi 1 million yevroga oshyapti. Klubga ham bu qulay, chunki futbolchining qolgan 30 million yevro transfer narxini birinchi shartnomadagi qolgan muddat – 3 yilga emas, yangi shartnoma muddati – 5 yilga sochilganda, endi bu futbolchi uchun yillik xarajat 15 million yevro emas, 12 million yevroga aylanyapti.
Buyog‘i endi futbol emas, buxgalteriya.
Q.Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid

18:12 / 15.06.2025
«Siti» va «Real»da qayta qurish boshlandi. Yozning ilk haftalaridagi transferlar

15:30 / 01.04.2025
Yozda top-klublar «talashishi» kutilayotgan 11 hujumchi

18:32 / 25.03.2025
Trent yozda «Real»ga o‘tadi

14:08 / 03.11.2024