Davlat idoralarining omma bilan normal muloqot qilish tajribasi yo‘q - media olami vakillari bilan suhbat
27 iyun matbuot va OAV xodimlari kuni. Kun.uz media-makondagi ayni vaziyat, muammolar haqida gaplashish uchun matbuot vakillarini studiyaga taklif qildi. Jurnalist bo‘lib ishlash har qachongidanda qiyin, mas’uliyat va majburiyatni his etib, haqiqat va adolat o‘rtasida turamiz, deydi yig‘ilganlar. Siyosatshunos fikricha, davlatning media va omma bilan muloqot qilish tajribasi yo‘qligi uchun amaldor va rasmiylar hali-hanuz OAVsiz o‘zini qulay his etmoqda.

Jurnalist bo‘lib ishlash – qismat. OAV xodimlari o‘zi jurnalistikani emas, soha ularni tanlaganini ko‘p aytadi. Matbuot vakili sifatida faoliyat yuritish - bugungi dunyoda har qachongidan-da qiyin, biroq sharafli. O‘zbekistonda ikkinchi ma’muriyat so‘z erkinligi borasida ko‘rsatgulik natijalarga erishganini aytsa-da, vazifalar ancha ekanini ham tan oladi. Kun.uz bilan suhbatlashganlar fikricha, dastavval totalitar, keyin avtoritar tizim ostida yashagan jamiyat uchun hozirgi davr so‘z erkinligiga erishish tomon bir bosqich.
“UzReport TV” telekanali katta muharriri Dilafruz Kulmatovaning aytishicha, jurnalist kuchli qurol.
“Dunyoda ming xil kasb bor, ma’lum o‘qituvchi qaysidir fandan dars beradi, shifokor ham qaysidir soha ustasi bo‘lib, davolaydi. Lekin jurnalist hamma narsani tushunishi kerak, kerak bo‘lsa tibbiyot diagnostikasini ham. Biz kuchli qurolmiz, lekin mas’uliyat va majburiyatimizni doim yodda tutamiz” – Dilafruz Kulmatova, “UzReport TV” telekanali katta muharriri
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, OAVning hukumatga nisbatan jamoatchilik kayfiyatini shakllantirishi va tanqidlarni paydo qilishi – mutlaq normal holat. Tanqid hech kimga yoqmaydi, rivojlangan-demokratik jamiyatlarda har qanday qulaylik qisqa muddatdan so‘ng standartga aylanadi. Hukumat ana shu tanqidlarga ko‘nikishi va normal qabul qilishi kerak, shu bosqichga yetgach ijtimoiy shok holatlari kuzatilmaydi.
Uzoq yillar davlat idorasida matbuot xizmati rahbari bo‘lgan Dildora Hoshimovaning ta’kidlashicha, hamma narsa muloqotdan boshlanadi, matbuot xizmatlari ma’lum idora va OAV o‘rtasida ko‘prik ekanini unutmasligi lozim. Agarda matbuot kotiblari noto‘g‘ri ma’lumot bersa, o‘z idorasidagi jarayondan bexabar bo‘lsa, jurnalistlar bilan tushunarsiz ma’lumotlar almashsa – shu idoraga nisbatan qarashning salbiy shakllanishiga sababchi bo‘lib qoladi.
Suhbatda qatnashganlar fikricha, matbuotda professional kadrlarning yetishmasligi, matbuot xizmatlarining to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yolmagani, rasmiylarning turli ehtimoliy xavflardan qo‘rqishi – bugungi asosiy muammolardan. Matbuot xizmatlari jamoatchilik va odamlar bilan tinimsiz gaplashaverishi kerak, deydi siyosatshunos Rabbimov.
“Ichkarida o‘yin qoidalari aniq bo‘lishi kerak va mana shu matbuot xizmatidagilar odamlar bilan qayta-qayta gaplashaverishi kerak. Mayli, ular bir xil narsani gapirsin, lekin omma buni asta-sekin qabul qiladi. Masalan, Putinning matbuot kotibiga xohlagan muxolif nashr telefon qiladi, bu normal. Matbuot xizmatida qo‘rqmas, kuchli kadrlar o‘tirishi kerak” – Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos
Ongli, bilimli va o‘z ustida ishlab, dunyo bilan aloqalariga ega OAV vakillarini potensial xavf sifatida ko‘rish kuchaymoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonda oxirgi sud ishlarining deyarli barchasi jamoatchilik vakillariga qarshi yakun topyapti. Suhbatda qatnashganlar fikricha, hokimiyatning turli bo‘g‘inlarida matbuotsiz ishlash «komfort»iga o‘tirib olgan.
O‘zbek ekranlarida ham oxirgi yillarda siyosiy tahlil, ma’no-mazmunli media-mahsulotlar ko‘paydi va mavzu tashabbuskorligida mustaqillik bor. Biroq jamiyatning axborotga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanmagan va globalizm davrida axborot odamlarning “barmog‘i uchida” turadi. Mustaqillik davridan 2016 yilgacha bo‘lgan davrda muhim ijtimoiy-siyosiy mavzular tashabbusi O‘zbekistondan chetda shakllantirildi. Biroq bu materiallar O‘zbekistonga qarshi va muxolif pozitsiyada edi. Bundan esa faqat davlat va hukumat yutqazdi, hozirgi davrda ortga yo‘l yo‘q.
Har yili yuzlab yangi OAVlar ochiladi, biroq ularning yashab keta olishi – muhim masala. Afsuski, mustaqil OAVning taqdiri faqat reklama va tijoriy shartnomalarga bog‘liq bo‘lib qolishi – yangi media tashkilotlarning barqarorligini so‘roq ostida qoldirmoqda. Bu o‘rinda beriladigan kontent ko‘p narsani hal qiladi, deydi jurnalistlar.
Suhbatni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid

21:26 / 27.06.2025
Kun.uz jurnalisti «Oltin qalam» mukofoti bilan taqdirlandi

18:10 / 27.06.2025
Saida Mirziyoyeva ommaviy axborot vositalari xodimlarini tabrikladi

19:36 / 26.06.2025
Kun.uz muharriri Aziz Qarshiyev va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov davlat mukofoti bilan taqdirlandi

09:51 / 26.06.2025