Iqtisodiyot | 15:11 / 25.06.2025
33470
3 daqiqa o‘qiladi

“Karimov bankirlarni qo‘rqitish uchun kuch tuzilmalarini chaqirgan edi” - Rustam Ahmedov konvertatsiya yopilganidan keyingi korrupsiya haqida

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri general-polkovnik Rustam Ahmedov 1990-yillarda valuta konvertatsiyasi yopilganini esga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqqa deb ajratilgan xorij valutasini “o‘zinikilarga”ga tarqatish boshlanib ketganidan keyin, Islom Karimov bankirlarni “qo‘rqitib qo‘yish uchun” bank-moliya sohasi va kuch tuzilmalari rahbarlarini tor doirada yig‘ilish o‘tkazgan.

Alter Ego loyihasi e’lon qilgan video-intervyudan skrinshot

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri, 1991–1997 yillarda Mudofaa vazirligini boshqargan general-polkovnik Rustam Ahmedov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida 1990-yillarda valuta konvertatsiyasining yopilishi haqidagi savolga javob berdi.

Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi prezident Islom Karimov bozor iqtisodiyotidan chetga chiqib ketgan.

“Karimovda tartibga solinadigan iqtisodiyot bo‘lishi kerak degan strategiya bor edi. Lekin iqtisodiyotni kuchli bilan nazorat qilib bo‘lmaydi. Bozor munosabatlarimi – demak, hamma narsa qo‘yib yuborilishi kerak. Lekin u qo‘yib yubormadi. Shuning uchun ham konvertatsiyani ushlab turdik”, – dedi u.

Iste’fodagi general konvertatsiyaning yopiqligida korrupsiya omili ham bo‘lganini aytdi.

“Korrupsiya elementi ham bor. Esimda, tor doirada yig‘ilish bo‘lgandi, Karimov bizni, kuch tuzilmalarini bankirlarni qo‘rqitib qo‘yish uchun chaqirgan edi. Prokuratura, MXX [va boshqa kuch tuzilmalari]dan tashqari, moliya vaziri, Markaziy bank, Milliy bank rahbarlari ham bor edi.

Yakunda shunday bo‘ldi: har kuni banklarning ayirboshlash shoxobchalariga odamlarga sotish uchun valuta berilardi. Pasportingizni berib, valuta ayirboshlaysiz. Lekin ular nima qilishdi? Pulni o‘zlarining odamlariga tarqatishdi. Xalqqa emas, o‘zinikilarga.

Prezident esa, yodimda, Azimovga (1991-1998 yillarda Milliy bank raisi, 1998 yildan moliya vaziri – tahr.), Markaziy bankka jiddiy tanbeh bera boshlagandi: “Nimalar qilyapsizlar? Meni nima qilayotganlaringni ko‘rmaydigan ko‘r deb o‘ylayapsizlarmi? Kimlarga konvertatsiya qilib beryapsizlar? O‘zlaringnikiga, xalqqa emas”.

Shuning uchun ham, xalq norozi edi. Bizda mana shunday paytlar bo‘lgan. Valuta yetishmasligi shu kabi har xil rezonanslarga olib kelgan”, – dedi Rustam Ahmedov.

Ma’lumot uchun, 82 yoshli Rustam Ahmedov 1991 yil 6 sentabrdan 1997 yil 29 sentabrgacha O‘zbekiston mudofaa vaziri, 1997–2000 yillarda favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lib ishlagan.

Avvalroq, 1990-1999 yillarda O‘zbekiston prezidenti devonida ishlagan yozuvchi Murod Muhammad Do‘st konvertatsiyaning yopilishi birinchi prezident davrida qilingan “eng katta xato” bo‘lganini aytgandi. “Shuning atrofida yuzta oila boy bo‘lib oldi, milliarderlar paydo bo‘ldi”, degandi u.

Mavzuga oid