Jahon | 21:21 / 24.06.2025
8178
10 daqiqa o‘qiladi

«Ular nima qilayotganini bilmaydi» - Tramp Erondan ham, Isroildan ham mamnun emas

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil o‘rtasida «to‘liq va mutlaq» o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgandi. Biroq kelishuvga qaramay, ikki tomondan ham davom etgan hujumlar tinchlik rejasining kelajagini shubha ostiga qo‘ymoqda. Tramp «sulh»dan keyin ham Isroilni bir necha marta tanqid qildi, ikki tomon qilgan hujumlarni qoralash uchun haqoratli so‘z ishlatdi – tafsilotlar.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Eron va Isroil «to‘liq va mutlaq» o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini yozdi.

Trampning bu bayonoti Eron tomonidan Qatardagi AQSh harbiylari joylashgan Al-Udayd aviabazasiga raketa hujumi uyushtirilganidan so‘ng Vashington vaqti bilan 23 iyun kuni 18:00 da, O‘zbekiston vaqti bilan esa bugun tongda 03:00 da yangradi.

Tramp postida Isroil va Eron o‘rtasida to‘liq va mutlaq o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv taxminan 6 soatdan so‘ng kuchga kirishi, ayni paytda har ikki tomon yakuniy harbiy operatsiyalarini tugatayotganini aytgan. Xususan, kelishuvga ko‘ra:

  • Eron birinchi bo‘lib o‘t ochishni to‘xtatishi;
  • 12 soatdan so‘ng Isroil ham o‘t ochishni to‘xtatishi;
  • 24-soatda esa «12 KUNLIK URUSh»ning rasman yakunlangani butun dunyo tomonidan e’tirof etiladi.

AQSh yetakchisi har bir tomon o‘t ochishni to‘xtatish davrida tinch va hurmatli bo‘lishi kerakligini aytdi. Oq uy mansabdoriga ko‘ra, ushbu muzokaralarda Qatar amiri Shayx Tamim muhim rol o‘ynagan. OAVga ko‘ra, birdaniga chiqqan bu xabar Tramp ma’muriyatining ayrim yuqori lavozimli amaldorlarini ham hayratga solgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Trampning gaplaridan so‘ng bayonot berib, urushni boshlagan Eron emas, Isroil ekanini eslatdi. U hozircha otashkesim haqida hech qanday kelishuv bo‘lmagani, lekin Isroil hujumlarni to‘xtatsa, Eron ham to‘xtashini bildirdi.

Tramp bayonotidan uch soat o‘tib, Isroil yana Eronga hujum boshlagan. Bu esa barcha tomonlar kelishuvga rozi bo‘lganmi, degan savollarni keltirib chiqardi.

Xususan, Tehronda kuchli portlashlar kuzatildi. Isroil harbiylari Tehron markazini — bu yerda shahar hokimiyati, Markaziy bank hamda ba’zi harbiy-razvedka shtablari atrofidagilarni zudlik bilan evakuatsiya qilishni tavsiya qildi. Tehron aholisi bu hududda kuchli portlashlar haqida xabar berdi.

Foto: New York Times

New York Times Isroil mudofaa rasmiylariga tayanib, kelishuvini rasman tasdiqlamagani uchun harbiylar Tehron va boshqa shaharlarda o‘nlab nishonlarga zarba berayotgani haqida yozdi.

Isroil armiyasi seshanba kuni erta tongda Eron tomonidan Isroilga qarata uchirilgan uchta dronni urib tushirdi. Shuningdek, Eron tomonidan Isroilga raketalar uchirilgani sababli mamlakatda bir necha marta sirenalar yangradi. Kelib tushgan raketa zarbalari oqibatida Isroil yong‘in va qutqaruv xizmati 4 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Foto: New York Times

Bu orada Trampning yana o‘z ijtimoiy tarmog‘ida Eron va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganini yozdi. «Otashkesim allaqachon amalda. Iltimos, uni buzmang», dedi u.

Shundan so‘ng, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganini tasdiqladi. Isroil tomoni Eronning yadroviy va ballistik raketa dasturlari bartaraf etilgani, Tehron osmonida to‘liq havo nazorati qo‘lga kiritilgani kabi yutuqlarga erishganini aytgan.

«Ushbu yutuqlar ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp bilan to‘liq kelishilgan holda, ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish taklifi qabul qilindi», deyiladi Isroil hukumati bayonotida. Isroil oppozitsiyasi ushbu sulhdan so‘ng G‘azo bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Isroil hukumati bayonotida Eron bo‘yicha olib borilgan harbiy kampaniyada maqsadlariga erishganini va «prezident Tramp bilan to‘liq muvofiqlashtirgan holda, o‘zaro sulh taklifini qabul qilganini» bildirgan.

Keyinroq Isroil armiyasi Eron tomonidan yana raketalar uchirilganini aytdi, biroq Eron Qurolli kuchlari sulhdan so‘ng raketalar uchirilgani haqidagi xabarlarni inkor etgan.

Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi sulhni «g‘alaba» sifatida baholadi. Eron milliy televideniyesida berilgan xabarda Eron AQShning Qatardagi bazasiga va boshqa nishonlarga zarba berib, «Isroilga sulhni qabul qildirgani» aytiladi.

Trampning jahli chiqdi

Isroil Eronni sulhni buzganlikda ayblashi hamda javob zarbalari berilishini aytganidan so‘ng Tramp bir necha marotaba post yozib, Isroilni bundan qaytarishga erishdi. Dastlab Donald Tramp Isroil otashkesimni buzib, o‘t ochayotganini bildirdi va ogohlantirdi.

«Isroil. Bombalarni tashlamang! Agar shunday qilsangiz, kelishuvni buzgan bo‘lasiz. Uchuvchilaringizni ortga qaytaring. Hoziroq», — dedi.

Tramp, shuningdek, Oq uydan NATO sammitiga jo‘nab ketayotganda jurnalistlarga Isroildan mamnun emasligini aytgan hamda uni qattiq tanqid qilgan.

«Isroil — biz kelishuvni imzolaganimiz zahoti chiqib keldi va men ilgari hech qachon ko‘rmagan miqdorda bomba yog‘dirdi. Bu hozirgacha ko‘rilgan eng katta bombardimon edi. Men bundan noroziman, Isroildan mamnun emasman. Sizda o‘t ochishni to‘xtatish uchun 12 soat vaqt bor. Lekin birinchi soatdanoq hamma qurolingizni ishlatib tashlashni boshlamaysiz. Shuning uchun men ulardan noroziman. Men Erondan ham noroziman. Bilasizmi, bizda uzoq vaqtdan beri shunchalik qattiq urushayotgan ikki davlat bor, ular nima qilayotganini bilishmaydi», - dedi Tramp.

U jurnalistlarga bergan izohida sulhdan keyin ikki tomon qilgan hujumlarni haqoratli so‘z bilan tasvirlab, Isroilni keskin tanqid qildi. Keyin Tramp NATO sammiti uchun «Air Force One» bortiga chiqib, Yevropaga uchib ketdi.

Keyin Tramp Eronga hujum qilmoqchi bo‘lgan Isroil qiruvchilari ortga qaytganini yozgan.

«Isroil Eronga hujum qilmaydi. Barcha samolyotlar ortga qaytadi va Eronga qanotlarini silkib, do‘stona salom yo‘llaydi. Hech kimga zarar yetmaydi, otashkesim kuchda!» Shuningdek, AQSh prezidenti «Eron yadro inshootlarini hech qachon qayta qurmasligini» qo‘shimcha qildi.

New York Times'ning Oq uy rasmiysiga tayanib yozishicha, Tramp Yevropaga jo‘nab ketayotgan paytda «Air Force One» bortidan Isroil bosh vaziri Netanyahuga qo‘ng‘iroq qilgan va sulhni saqlab qolish uchun nima qilish kerakligini qat’iy va bevosita aytgan. «Bosh vazir – prezident Trampning xavotirlarini tushundi», degan manba.

Munosabatlar

Dunyo yetakchilari seshanba kuni Tramp e’lon qilgan Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushdan keyingi sulhni ehtiyotkorlik bilan, lekin olqishlab kutib oldi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Agar sulh erishilgan bo‘lsa, bu olqishlanadi. Umid qilamizki, bu barqaror sulh bo‘ladi», degan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Trampning sulh e’lonini olqishladi, ammo «vaziyat hanuz beqaror» ekanini aytdi.

Germaniya kansleri ham sulhni olqishlab, Isroil hamda Eronga unga amal qilishni tavsiya etdi. Qatar bosh vazir Shayx Muhammad tomonlarni sulhga amal qilishda jiddiy va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha vakili Anouar El Anouni esa keyingi davom etgan «raketa hujumlari bu sulhning naqadar mo‘rtligini ko‘rsatmoqda», dedi. U Eronni jiddiy diplomatik muzokaralarga chaqirdi.

Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchi Umar Rahmon Al-Jazeera'ga bergan izohida Tramp bayonotida muhim tafsilotlar yetishmayotganini, jumladan, kelishuv ortidan muzokaralar bo‘ladimi-yo‘qmi, noma’lum qolayotganini aytdi. Rahmon Trampni Isroil foydasiga aldovlar qilishda aybladi. Tramp birinchi Isroil hujumidan bir necha soat oldin AQSh diplomatiyaga sodiqligini bildirgan edi. O‘tgan hafta Tramp AQSh urushga qo‘shiladimi-yo‘qmi degan qarorni ikki hafta ichida bildirishini aytgandi, ammo oradan ikki kun o‘tib Eronni nishonga oldi.

Voqealar rivoji

Isroil 13 iyun tongida Eronga qarshi keng ko‘lamli hujumni boshladi. Bu hujumlar bevosita turtkisiz amalga oshirilgan va yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Eron bu hujumlarni BMT Nizomiga zid tajovuz deb atab, Isroilga yuzlab raketalar bilan javob berdi. Raketa zarbalari Isroilda ham katta vayronagarchiliklarga olib keldi.

22 iyun kuni esa AQSh urushga qo‘shilib, Eronning uchta yadroviy obektiga zarba berdi.

23 iyun kuni Eron AQSh zarbalariga javoban Qatardagi Al-Udayd aviabazasiga raketa hujumi uyushtirdi. Tramp esa bu javobni «zaif» deb atadi va AQSh bunga javob qaytarmasligini bildirdi. Tramp shu kuni yuqoridagi sulhni e’lon qildi.

Eron yadroviy dasturining aniq zararlari noma’lumligicha qolmoqda. Tehron yadroviy qurolga intilmayotganini ta’kidlayapti, biroq Isroil yashirin yadroviy arsenali borligi haqida keng e’tirof etilgan.

Mavzuga oid