Jahon | 13:06 / 24.06.2025
2754
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tunda 97 ta dron bilan Ukrainaga hujum qildi

Ukraina havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning 78 ta uchuvchisiz uchog‘i zararsizlantirildi. Rossiya zarbalari natijasida Sumi viloyatida uch kishi halok bo‘ldi. Xarkivda jarohatlanganlar bor.

Foto: Stringer/REUTERS

Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzini 4 yildan beri davom ettirayotgan Rossiya kuchlari kechasi 97 dona Shahed tipidagi hujumkor uchuvchisiz uchoq va turli dron-imitatorlardan foydalangan holda qo‘shni davlatga yangi zarbalar berdi. Hujum Rostov viloyatining Orel, Millerovo, Krasnodar o‘lkasining Kursk, Primorsk-Axtarsk, shuningdek, Qrimning Chauda hududidan amalga oshirildi, deb xabar berdi Ukraina havo kuchlari 24 iyun, seshanba kuni Telegramʼda.

Shu bilan birga, Ukraina qo‘shinlari mamlakat sharqi, janubi va shimolida Rossiyaning 78 ta dronini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi. «Dushmanning uchuvchisiz uchoqlarining zarbalari oltita joyda qayd etilgan», — deya qo‘shimcha qildi Ukraina Qurolli kuchlari.

Xarkivda tungi zarbalar natijasida kamida uch kishi, jumladan, 15 yoshli qiz tan jarohati oldi, dedi Xarkiv VHM rahbari Oleg Sinegubov. Portlashlar shaharning Nemishlyanskiy va Saltovskiy tumanlarida qayd etilgan.

Sumi viloyatida Rossiya hujumi natijasida uch kishi — erkak, ayol va sakkiz yoshli bola halok bo‘ldi, deb yozdi viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Grigorov Telegramʼda.

Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiyaning markaziy mintaqalarida Ukrainaning 20 ta uchuvchisiz uchog‘i tutib olingani haqida xabar berdi. 14 ta dron Kursk viloyati hududida, 2 tasi Moskva viloyatida, bittadan Belgorod, Bryansk, Orel va Smolensk viloyatlari ustida yo‘q qilingan, deyiladi idora ma’lumotida.

Mavzuga oid