Jahon | 18:52 / 22.06.2025
11968
9 daqiqa o‘qiladi

Urushga qo‘shilgan AQSh, «butun Ukraina bizniki» degan Putin – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 22 iyun, yakshanba. Ortda qolayotgan haftada Eron va Isroil urushi davom etdi. Amerika Eronga zarba yo‘llab, urushga qo‘shildi. Putin butun Ukraina, umuman, rus askarining oyog‘i tekkan barcha yer Rossiyaniki ekanini aytdi. Armaniston bosh vaziri Turkiyaga tarixiy tashrifni amalga oshirdi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, hafta davomida dunyoda nimalar bo‘lganini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Urush davom etadi

Eron va Isroil o‘rtasida tarixdagi ilk jiddiy urush davom etmoqda. Hafta davomida ikki davlat bir-biriga havo zarbalari yo‘lladi. Eron raketalari Isroil shaharlariga, xususan, Hayfa va Tel-Avivga tushdi. Eron telekanalida Isroildagi Nevatim aviabazasiga hujum qilingani aytildi. Isroil shaharlarida kuchli portlashlar eshitilgan. 21 iyun kuni Eron tomoni Isroilga ko‘p miqdorda dron uchirdi.

Isroil Eron yadroviy obektlariga, xususan, uranni qayta ishlash zavodlariga, shuningdek, yuqori martabali harbiylarga hujumlarni davom ettirdi. 21 iyun kuni Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining «Falastin bo‘yicha mas’uli» ekani aytiladigan Said Izadi o‘ldirildi. Uni Qum shahridagi kvartirasiga zarba berib o‘ldirishgan. Isroil bayonotida aytilishicha, Said Izadi 7 oktyabrdagi hujumda HAMASga homiylik qilgan.

20 iyun kuni Tehronda muhofizlar korpusining dronlar brigadasi qo‘mondoni Aminpur Judakini o‘ldirishdi. Uning yurib ketayotgan mashinasi portlatib yuborilgan.

Putinning bayonotlari

Hafta davomida Rossiya prezidenti Putin juda faol bo‘ldi. Avvaliga turli davlatlar axborot agentliklari vakillari bilan muloqot qildi, keyin Peterburg forumida nutq so‘zlab, xalqaro maydondagi voqealarga munosabat bildirdi, «bonusiga» Sky News Arabia telekanaliga intervyu berdi.

Rossiya prezidenti qiziq gaplarni aytdi. Xususan, ruslar va ukrainlarni navbatdagi marta bir millat deb atadi. «Shunday ekan butun Ukraina bizniki», dedi u. Shuningdek, janob Putin rus askarining qadami yetgan barcha yerlar Rossiyaniki ekanini qo‘shimcha qildi.

Pashinyan Turkiyaga bordi

Hafta davomida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Turkiyaga bordi. Bu Armaniston hukumat rahbarlarining Turkiyaga ilk rasmiy tashrifi bo‘ldi. Tashrif Erdo‘g‘an tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Pashinyan 2023 yilda ham Turkiyaga borgan, lekin unda Armaniston bosh vaziri shunchaki Erdo‘g‘anning inauguratsiya marosimida ishtirok etgandi.

Turkiya bilan diplomatik aloqaga ega bo‘lmagan Armaniston tomoni tashrifni tarixiy deb atadi. Buning nimasi tarixiy demang, Armaniston Ozarboyjonning asosiy dushmani, ular 40 yil Qorabog‘ni talashishdi axir. Turkiya esa Ozarboyjonning birinchi raqamli strategik ittifoqchisi. Do‘lmabahcheda o‘tgan uchrashuvda tomonlar nimani muhokama qilgani aniq emas. Rasmiy bayonotda shunchaki Janubiy Kavkazdagi tinchlik jarayoni masalasida so‘z borgani aytilgan.

Hafta muhokamasi

Hafta davomida Isroil Eron oliy yetakchisi Ali Xominaiyni o‘ldiradimi, degan savol eng ko‘p muhokama qilindi. Ishonchli manbalar AQSh prezidenti Tramp Isroilga Xominaiyni o‘ldirishni taqiqlagani haqida yozib chiqdi. Netanyahu bu yolg‘on, Eron liderini o‘ldira olamiz, degan ma’noda gapirdi. Jurnalistlar Putindan ham bu borada so‘rashdi. Rossiya prezidenti Xominaiyni o‘ldirish masalasini hatto muhokama qilishni istamasligini aytdi. Shuncha katta-katta odamlar o‘ldirish-o‘ldirmaslikni muhokama qilib yurgan bir paytda esa Xominaiy hamon teleefirda ko‘rinish berib, Amerikaga tahdid qilmoqda. Mark Tvenning Putin sevib ishlatadigan iqtibosida aytilganidek, «mening o‘limim haqida gaplar bo‘rttirilgan».

Rossiya hujumlari

Hafta davomida Rossiya bir necha marta Ukraina shaharlariga hujum qildi. Xususan, 17 iyunga o‘tar kechasi Kiyevga 175 ta dron va 14 ta raketa uchirildi. Kamida 14 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar yaralandi. Ko‘plab uylar vayron bo‘ldi, jasadlar vayronalar orasida olib chiqildi. 20 iyunga o‘tar kechasi Xarkiv, Odessa va Sumiga zarba berildi. Bu hujum uchun ruslar dronlardan foydalangan. Zarbalar sabab ko‘p qavatli uylar, hovlilar yongan, mashinalar zararlangan, odamlar yarador bo‘lgan.

Rossiya tomoni doimgidek hujum nishoni harbiy obektlar bo‘lganini ma’lum qildi. Bu gal ko‘pchilik Rossiya hujumiga e’tibor ham qilmadi. Tramp «Vladimir, STOP», deb post ham yozmadi. Rossiya Ukrainaga to‘rt yildan beri har kuni raketa yog‘diradi, odamlar bunga o‘rganib qoldi, xuddi shunday bo‘lishi kerakday. Lekin urush odatlanadigan narsa emas...

Eronda yadroviy xavf

Isroil Erondagi yadroviy obektlarga zarba berishda davom etmoqda. Bu urush fonida ko‘pchilik bir narsaga e’tibor bermayapti: dunyoda yadroviy radiatsiya xavfi keskin oshdi. Chunki tonnalab bombalar yadroviy obektlarga borib urilishi yaxshilikdan nishona emas. Bu bombalarning tili, qulog‘i yo‘qki, ularga falon joyga tegib ketmagin, deb aytishsa.

Erondagi bir zavod ichkarisiga allaqachon radiatsiya sizib chiqdi ham. To‘g‘ri, radiatsiya himoya qobig‘idan o‘tmagan, lekin keyingi zarbalarda radiatsiya atrofga tarqalmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Radiatsiya hech qanday siyosiy chegarani tan olmaydigan og‘u, u havodan tarqaladi va odamni kamida nogiron qiladi. Bunaqa xavf bilan o‘ynashib bo‘lmaydi.

Xalqaro atom energetikasi agentligi rahbari Grossi jonkuyarlik bilan yadroviy xavfsizlikni ta’minlash uchun Eronga borishga tayyorligini aytdi. Agar bu urushayotgan davlatlar tepasida turgan mulozimchalar hech bo‘lmasa mana shu ko‘p hollarda sochi to‘zib, doim shoshib yurishi seziladigan janob Grossidek mas’uliyatli bo‘lganida, dunyo yo‘q joydan yadroviy xavf yoqasiga kelib qolmasdi.

Hafta zarbasi

Videoni tayyorlash jarayonida haftaning eng muhim voqeasi sodir bo‘ldi. AQSh dushmanlik tarixida ilk marta Eronga zarba berdi. Amerika harbiylari bahaybat «B-2» samolyoti bilan bamaylixotir Eron osmoniga uchib kirib, tog‘ ostida joylashgan Fordodagi zavodga har biri 13 tonnadan og‘ir bo‘lgan oltita bunkerga qarshi raketalar tashladi va yana bemalol Eron osmonidan chiqib ketdi. Yetmaganiga Natanz va Isfahondagi uranni boyitish obektlariga dengizdan turib Tomahawk raketalari uchirdi.

Urush boshlangach Isroil Eronning ko‘plab yadroviy obektlariga zarba bergan, lekin eronliklar xotirjam, atom bombasi orzusidan uzoqlashganimiz yo‘q, deyishayotgandi. Chunki Erondagi asosiy uranni boyitish obekti Fordo Tehron janubidagi tog‘ ostida joylashgandi-da. Fordo Eron uchun eng muhim obekt, Isroil uchun eng istalgan nishon edi.

Trampning aytishicha, Amerika xuddi mana shu obektni yo‘q qildi. Endi Eron yadro dasturi bilan nima bo‘lishi aniq emas. Amerika bu bir martalik zarba ekani, Vashington Tehronda hukumat o‘zgarishidan manfaatdor emasligi haqida Eronni xabardor qilgani aytilmoqda. Tramp Eron javob bersa, Amerikaning navbatdagi hujumi yanada kuchliroq bo‘lishini aytdi.

Shu tariqa Eron va Isroil o‘rtasidagi urushga rasman AQSh ham qo‘shildi. Ko‘p o‘tmay Yaman ham urushga qo‘shilganini e’lon qilib, Qizil dengizdan kemalar xavfsizligi uchun javob bermasligini ma’lum qildi. Bu hozircha uchinchi jahon urushi emas, lekin Yaqin Sharqda kamida regional urush alomatlari ko‘rina boshladi. Esingizda bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushi ham 22 iyunda boshlangan. Ishqilib bu shunchaki tasodif bo‘lsin...

Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid