Jahon | 08:25
13734
6 daqiqa o‘qiladi

«Konstitutsiyaga mutlaqo zid» - AQSh qonunchilari Trampning qarorini muhokama qilmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp Kongress ruxsatini olmasdan Eronning yadro obektlari joylashgani aytilgan uchta yadroviy obektga B-2 bombardimonchilari bilan hujum qildi. Qonunchilar Trampning harakatlari Konstitutsiyaga zid ekani, faqat AQSh Kongressi mamlakatni urushga olib kirish huquqiga egaligini aytmoqda.

AQSh senatori Berni Sanders

AQSh bir necha soat oldin Isroil shu vaqtgacha zarba bera olmagan Eronning yadro obektlari joylashgani aytilgan Fordo zavodiga B-2 samolyotlari zarba berdi. Bu bilan amalda amerikaliklar isroilliklarning hujumlariga qo‘shildi. Prezident Donald Trampning ushbu qarori AQSh qonunchilari orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim Senatorlar Trampning qarorini AQSh Konstitutsiyasiga zid, deb atadi.

AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, urush e’lon qilish va harbiy harakatlarga ruxsat berish vakolati qonunchilarga tegishli. Biroq Tramp Eronni nishonga olishdan avval Kongressdan ruxsat olmadi.

Al-Jazeera nashrining yozishicha, Senat va Vakillar palatasida har ikki partiyadan qonunchilar Trampni Eronning yadroviy obektlariga hujum qilishdan oldin Kongressga murojaat qilishga majbur qiluvchi qonun loyihalarini ilgari surgandi. Ammo Tramp bu tashabbus bo‘yicha ovoz berilishidan oldin zarbani amalga oshirdi.

Kongress tomonidan ruxsat olinganining yo‘qligi AQSh siyosatida muhim bahs mavzusiga aylandi.

Trampning Kongress ruxsatisiz Eron urushiga qo‘shilish imkoniyatini cheklashga qaratilgan qonunchilik tashabbusiga boshchilik qilayotgan respublikachi Tomas Massi bu zarbalarni AQSh Konstitutsiyasining buzilishi deb atadi. Unga ko‘ra, urushga oid qarorlarni faqat qonunchilar qabul qilish huquqiga ega.

Senator Berni Sanders Oklaxoma shtatidagi tadbirda Eron bo‘yicha AQSh hujumlari haqida odamlarni xabardor qilar ekan, bu harakatni «konstitutsiyaga mutlaqo zid» deb atadi.

«Sizlarning bilishingiz kerakki, faqat AQSh Kongressi mamlakatni urushga olib kirish huquqiga ega. Prezidentda bunday huquq yo‘q,» – dedi Sanders

Demokrat qonunchi Ro Hanna ham Trampning harakatlarini qonuniy, deb hisoblamasligini yozdi. U Kongressni zudlik bilan to‘planishga, Trampning urush huquqini cheklovchi rezolyutsiyaga ovoz berishga chaqirdi.

Falastinlik-amerikalik kongressmen Rashida Tlaib Trampning Kongress ruxsatisiz Eronni nishonga olganini AQSh Konstitutsiyasining «ochiqchasiga buzilishi» deb atadi.

«Amerika xalqi yana bir abadiy urushni istamaydi. Biz Yaqin Sharqda o‘n yillab davom etgan urushlarning qanday falokatlarga olib kelganini ko‘rdik — bularning barchasi ʼommaviy qirg‘in qurollariʼ haqidagi yolg‘on asosida boshlandi. Biz endi bunga aldanmaymiz,» — dedi Tlaib o‘z bayonotida.

Uning aytishicha, Tramp xalq ovozini emas, balki «urush jinoyatchisi Netanyaxu»ni tinglayapti — u ilgari Iroq bo‘yicha yolg‘on gapirgan va hozir Eron haqida ham shunday qilmoqda.

«Kongress darhol harbiy vakolatlaridan foydalanishi va bu konstitutsiyaga zid urush harakatlarini to‘xtatishi kerak,» — deya ta’kidladi u.

Tramp tarafdorlari nima deydi?

AQSh Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson esa Trampning Eronni urushga jalb etgan harakatlarini «Amerika birinchi» tashqi siyosatining amaldagi ifodasi, deb atadi.

Senatdagi ko‘pchilik rahbari Jon Tun Trampning Eron yadroviy obektlariga hujum qilish qarorini qo‘llab-quvvatladi:

«Eron rejimi AQSh va Isroilga tahdid solib, diplomatik yo‘llarni rad etdi. Shu sababli, Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish uchun amalga oshirilgan harakatni qo‘llab-quvvatlayman», – dedi u.

AQShning yana bir senatori Lindsi Grem Trampning Eron yadroviy obektiga bergan zarbasini ijtimoiy tarmoqlarda olqishladi:

«Yaxshi. Bu to‘g‘ri qaror edi. Bu rejim bunga loyiq edi. Bizda dunyodagi eng yaxshi harbiy havo kuchlari bor. Bu meni faxrlantiradi,» – dedi Grem.

Trampning Eron bo‘yicha qarorini ayrim progressiv demokratlar tanqid qilgan bo‘lsada, partiya yetakchilari – Vakillar palatasidagi Xakim Jyeffris va Senatdagi Chak Shumer – zarbalar yuzasidan hozircha bayonot bermadi.

Jyeffris avvalroq Eronning «yadro qurolga qodir davlatga aylanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini» aytgan, Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tan olgan, lekin urush e’lon qilish faqat Kongress vakolatida ekanini ta’kidlagan.

OAVlar o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, AQSh saylovchilarining katta qismi, shu jumladan ko‘pchilik respublikachilar, AQShning Isroil va Eron urushiga aralashishini istamaydi.

RAND tahlilchisi: «Fordo to‘liq yo‘q qilinganmi – bu muhim savol»

AQShdagi RAND Corporation tahlil markazi katta tadqiqotchisi Bill Kortni Fordo obektiga zarbalar qanday natija bergani aniq bo‘lmagunicha, keyingi zarbalar bo‘ladimi-yo‘qmi, noma’lum ekanini aytdi.

Uning aytishicha, har bir B-2 bombardimonchisi Diego Garsiyadagi bazadan 30 000 funtli bombalardan ikkitasini olib ucha oladi. Fordo kabi obektni yo‘q qilish uchun bir yoki ikki bomba kifoya qilmasligi mumkin.

Mavzuga oid