Depozitar operatsiyalar hisobini yuritish qoidalari tasdiqlandi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrug‘i bilan depozitar operatsiyalar hisobini yuritish qoidalari tasdiqlandi.

Qoidalar qimmatli qog‘ozlar hisobini tashkil etish va yuritishning yagona prinsiplarini, depozitar operatsiyalarni amalga oshirish tartibini, hujjat aylanishi va ichki nazoratni tashkil etish, shuningdek hisobot tuzish tartibini belgilaydi.
Qoidalar quyidagilarni ta’minlash uchun ishlab chiqilgan:
- deponentlarning qimmatli qog‘ozlarini tegishli tarzda saqlash, hisobga olish va ularga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlash;
- depozitar operatsiyalarni to‘g‘ri amalga oshirish;
- depozitar operatsiyalarni amalga oshirishda yagona yondashuvni qo‘llash;
- amalga oshirilayotgan operatsiyalarni depozitar tizimning hisob registrlarida o‘z vaqtida va ishonchli aks ettirish;
- chiquvchi hisobotni tegishli tarzda rasmiylashtirish;
- deponentlarning qimmatli qog‘ozlari bilan bog‘liq depozitar operatsiyalarni o‘tkazishda xatolarning oldini olish;
- operatsiyalarning to‘g‘ri amalga oshirilganligini keyinchalik tekshirish imkoniyatini yaratish.
Qoidalar depozitar operatsiyalarni amalga oshiruvchi barcha sub’yektlar uchun majburiydir.
Depozitar hisobining asosiy prinsiplari:
- depo hisobini yuritish
- Markaziy depozitariy va hisob tashkilotlarining buxgalteriya balansi tashqarisida;
- qimmatli qog‘ozlar soni bo‘yicha;
- hisob registrlaridan foydalangan holda depo hisoblarida;
- depo hisoblarida qimmatli qog‘ozlarni qo‘sh yozuv prinsipi bo‘yicha hisobga olish. Bunda har bir qimmatli qog‘oz passiv va aktiv analitik depo hisoblarida aks ettiriladi;
- qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha balans yuritish. Bunda passiv analitik hisoblarda hisobga olinayotgan bir turdagi qimmatli qog‘ozlarning umumiy soni shu turdagi qimmatli qog‘ozlarning aktiv analitik hisoblaridagi umumiy soniga teng bo‘lishi kerak.