Xominaiy agar AQSh harbiy mojaroga aralashsa «muqarrar javob» bilan tahdid qildi
Eron rahbari o‘z xalqi tajovuzkor urushga qarshi qat’iyat bilan kurashishi va hech kimga bo‘ysunmasligini ta’kidladi.

Foto: Tasnim News Agenc
Eron oliy rahbari Ali Xominaiy televideniye orqali xalqqa murojaat qildi. Xususan, u AQSh prezidentining so‘nggi bayonotlariga javob berib, Eron xalqiga nisbatan «tahdidlar tilida gapirib bo‘lmasligini» ta’kidladi.
Tasnim axborot agentligining xabar berishicha, Xominaiy Eron xalqi «tajovuzkor urushga qarshi qat’iyat bilan kurashadi, majburiy tinchlikka ko‘nmaydi va hech kimga bo‘ysunmaydi», deb aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar «Eronga qarshi har qanday harbiy intervensiya, shubhasiz, ularga jiddiy zarar yetkazishini, muqarrar javob bo‘lishini» yodda tutishi kerak.
17 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘ida Eronni «so‘zsiz taslim bo‘lishga» chaqirdi va AQSh Eron havo hududini to‘liq nazorat ostiga olganini qo‘shimcha qildi.
The New York Times gazetasining yozishicha, AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron, agar Qo‘shma Shtatlar harbiy aralashuvga qaror qilsa, AQSh bazalariga zarba berish uchun raketalar va boshqa qurollarni tayyorlagan. ABC News xabariga ko‘ra, AQSh yaqin 24-48 soat ichida Eron-Isroil urushini diplomatik yo‘l bilan tugatish yoki Isroil armiyasi hujumlariga qo‘shilish haqida qaror qabul qiladi.