Isroil–Eron urushining Markaziy Osiyo uchun geosiyosiy mezonlari qanday?
Isroilning Eronga tajovuzi – xalqaro huquqning yuziga tortilgan yana bir tarsaki. Xalqaro huquqning yemirilishi esa Markaziy Osiyo manfaatlariga mutlaqo zid. Yuridik nuqtayi nazardan tashqari, mintaqamizning Isroil–Eron urushiga munosabatini shakllantiruvchi geosiyosiy, tarixiy, etnik va diniy omillar ham mavjud.

Bugun dunyo afkor ommasi diqqat markazidagi asosiy mavzu – Isroil–Eron urushi. Bu ziddiyat allaqachon urush darajasiga ko‘tarilib ulgurdi. Isroil kutilmaganda Eron hududiga hujum qilib, oddiy odamlar bilan birga davlat mulozimlari va harbiylarni o‘ldirdi. Javoban, Eron ham Isroilga kuchli raketa hujumlarini amalga oshirdi. Natijada Isroilning ko‘p maqtalgan “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ham ideal emasligi ma’lum bo‘ldi. Eron raketalari bu tizimni yorib kirdi va katta talafotlar yetkazdi.
Xo‘sh, Isroil–Eron urushining O‘zbekiston, Markaziy Osiyo manfaatlari nuqtayi nazaridan qanday geosiyosiy va strategik o‘lchamlari bor? Mintaqa davlatlari, garchi diplomatik darajada neytral bo‘lishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, strategik milliy manfaatlar nuqtayi nazaridan ma’nan kim tarafda yoki kim g‘olib bo‘lgani ma’qul?
Rossiya-Ukraina urushi. Mana uch yildan oshdiki, Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi va haliga qadar holsizlantiruvchi urush ketmoqda. Bu urushda Eron to‘liq Rossiya tarafida, rasmiy Moskvaga dronlar yetkazib bermoqda. Shu fonda savol paydo bo‘ladi: Eronning maqsadi nima?
Bu o‘rinda ikkita yirik motiv kuzatiladi. Dunyoning aksariyat davlatlari Rossiya-Ukraina urushini “g‘arb-Rossiya proksi urushi” sifatida ko‘radi. Ukrainani esa “g‘arbning proksisi” sifatida baholaydi. Biroq, kechagi SSSR o‘rnida paydo bo‘lgan yangi mustaqil davlatlar, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bu urushni boshqa fokusda ko‘radi. Yaqin masofadan qaraganimizda, Rossiya o‘zining imperialistik loyihasini tiklash yo‘lida urushmoqda. Agar Ukraina bu urushda yengilsa – Rossiya tinchlanmaydi, aksincha, imperialistik ishtahasi oshadi, Markaziy Osiyoga bosimlar oshsa oshadi, tushmaydi.
Xo‘sh, Rossiya-Ukraina urushida Eronning Moskvani qo‘llashdan maqsadi nima? Nahotki Eron Markaziy Osiyo davlatlarining siyosiy va geosiyosiy mustaqilligidan norozi bo‘lsa, ularni Moskvaga bo‘ysundirishdan manfaatdor bo‘lsa? Yo‘q, Eronning motivi – Rossiyani qo‘llab, NATOni chekintirish, AQSh va kollektiv g‘arbning g‘alaba qilishiga imkon bermaslik... Biroq, Eronning nuqsoni shundaki, Ukrainaning yutqazishi – Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham salbiy oqibatlar olib keladi. Biroq, Eronning O‘zbekiston, Tojikiston va boshqa mustaqil davlatlar mustaqilligiga qarshi e’tirozi yo‘q aslida.
Turkiy dunyo hamkorligi va Eron. Ma’lumki, 20-asr dunyo turkiylari uchun fojyealar asri bo‘ldi. Turkiyadan tashqari barcha turkiy davlatlar va xalqlar o‘z mustaqilligini va siyosiy sub’yektligini yo‘qotdi. 20-asrning oxiriga kelib, SSSR parchalandi va beshta turkiy davlat mustaqil bo‘ldi. Bugun oltita turkiy davlat o‘rtasida strategik hamkorlik, hamjihatlik va birlik shakllanib bormoqda. Eron esa ushbu turkiy hamkorlikdan u qadar xursand bo‘lmagan davlatlardan biri sifatida ko‘riladi. Sababi, Eronning uchdan bir aholisi, ya’ni taxminan 30 million atrofidagi aholisi turkiylardan – ozariylardan iborat. Shuning uchun Erondagi ba’zi siyosiy doiralar turkiy hamkorlikni Eron uchun yashirincha yoki oshkora tahdid deb ko‘rishlari mumkin.
Aslida esa, turkiylar va forsiylar tarixan juda aralashib, o‘zaro hamjihatlikda yashagan xalqlar hisoblanadi. Eronda ozariylar – ikkinchi katta millat. O‘zbekistonda tojiklar, Tojikistonda o‘zbeklar ham katta ulushni tashkil qiladi. Siyosat – bu maqsadga erishish san’ati bo‘lar ekan, Eron tomonidan turkiy hamkorlikdan xavotir olishga real asos yo‘q. Aksincha, Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo bilan ishonchli hamkorlik orqali, Eronning mavqeyi mustahkamlanishi mumkin xolos. Eron turkiy dunyoga dushman ham emas, opponent ham emas. Turkiy dunyo ham Eronga tahdid ham emas, muammo ham emas.
Eron–Isroil urushi. Eron – bugungi kunda musulmon dunyosidagi ovozi eng baland davlatlardan biri. Eronda 1979 yilda islom inqilobi yuz bergach, rasmiy Tehron musulmon dunyosidagi muammolarga befarq qolmadi, imkon qadar musulmon ummatining faryodlariga murojaat qilishga intildi. Agar Isroil-Eron urushida rasmiy Tehron yiqiladigan bo‘lsa, bu nafaqat mintaqadagi qolgan musulmon davlatlari uchun, balki butun musulmon dunyosi uchun ham katta yutqizish bo‘ladi. Chunki Isroil Eron bilan cheklanmaydi. Isroilning asosiy maqsadi – musulmon dunyosining asosiy markazlarini o‘ziga bo‘ysundirish, unga qarshi chiqa oladigan musulmon davlatlarining barchasini holsizlantirish, zaiflashtirish, parchalash yoki fuqarolik urushlariga girdob qilish.
Isroilning asosiy loyihasi – “katta/buyuk Isroil” davlatini yaratish. Buning uchun Isroil AQSh va g‘arb davlatlarining qo‘llovi orqali o‘z atrofidagi davlatlar yerlarini o‘zlashtirishga intilyapti. Isroil o‘zining bu rejasini amalga oshirishda yangi, agressiv bosqichga o‘tdi. Shuning uchun Eronning yiqilishi – Turkiya, Pokiston, Saudiya Arabistoni va boshqa yirik musulmon davlatlari uchun katta muammo bo‘ladi. Chunki Isroil qudratli musulmon davlatlarini barchasini o‘yindan chiqarishga harakat qilaveradi. Demak, Eronning yiqilishi – musulmon dunyosini yanada zaiflashtiruvchi omil bo‘ladi.
O‘zbekiston–Eron xalqlari tarixiy rishtalari. Keyingi ming yillikda O‘zbekiston va Eron xalqlari faqatgina ikki asrgina alohida-alohida yashamoqda. O‘tmishda O‘zbekiston va Eron xalqlari har doim bitta madaniy makonning ichida bo‘lishgan, ko‘pincha yagona siyosiy tizim ichida ham birga yashashgan. Misol uchun, Eron Amir Temur imperiyasining ichida bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek Eron hududida tavallud topgan. Ba’zan biz ham Erondagi davlatchilikning tarkibida bo‘lganmiz. Eron va O‘zbekiston xalqlari zehniyatan, madaniy jihatdan bir-birlariga eng yaqin xalqlar hisoblanadi.
Eron Isroilga tajovuz qilmayapti. Aksincha, Isroil muttasil o‘zining qo‘shnilariga tajovuz qilib keladi. Mana bir yarim yildan oshdiki, Isroil G‘azoda mislsiz genotsidni amalga oshirib keladi. Muammo Eronda emas, Isroilda. Isroilning maqsadi – o‘zining yerlarida tinch-totuv yashash emas, balki qo‘shni hududlarni okkupatsiya qilib, aholini genotsid qilish orqali o‘z sarhadlarini kengaytirish. Eron – Isroil hujum qilgan birinchi davlat emas, balki yettinchisi bo‘ladi. Demak, muammo Eronda emas, Isroilda. Isroil xalqaro huquq doirasida yashashni boshlashi bilan, uning qo‘shnilar bilan muammolari hal bo‘la boshlaydi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid

01:25
Eron Trampning so‘zlaridan keyin AQShga norozilik notasi yubordi

00:36
Eron Isroilga qarata yangi turdagi ballistik raketani uchirdi

23:26 / 18.06.2025
XAEA rahbari Eron yadro quroli ishlab chiqarayotganiga hech qanday dalil yo‘qligini aytdi

22:21 / 18.06.2025