AQShda bir necha hafta oldin vafot etgan ayolning farzandi tug‘ildi
Ayol vafot etgach, uning homilasi yetilishi uchun tanasi tibbiy apparatlar yordamida qo‘llab-quvvatlab turildi.

Foto: GoFundMe
AQSh Jorjiya shtatida bir necha oy oldin vafot etgan Adriana Smitning farzandi dunyoga keldi.
Ayol homiladorlik paytida miyasi o‘lgan deb topilgan edi. Biroq, shtat hududida abortlar taqiqlangani tufayli, uning farzandi nobud bo‘lmasligining choralari ko‘rildi. Jumladan, ayolning tanasi maxsus tibbiy apparatlar yordamida qo‘llab-quvvatlab turildi.
Chens (Chance) deb nomlangan bola tug‘ilgani haqida ayolning onasi NBC News telekanaliga xabar berdi.
Qayd qilinishicha, vazni taxminan 800 gramm bo‘lgan chaqaloq 13 iyun kuni shoshilinch jarrohlik amaliyoti yordamida tug‘ilgan. Hozir u neonatal intensiv terapiya bo‘limida.
«Uning yashab ketishi kutilmoqda, u kurashmoqda, uni duo qilinglar», dedi Chensning buvisi jurnalistlarga.
Ta’kidlanishicha, endi Adriana Smit tanasi tibbiy apparatlardan ajratiladi va uni dafn qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
30 yoshli hamshira Adriana Smit ikkinchi farzandiga to‘qqiz haftalik homilador bo‘lganida shifoxonaga yotqizilgan edi. Kompyuter tomografiyasi uning miyasida bir nechta qon quyqalari borligini ko‘rsatdi. Shifokorlar Smitga miya o‘limi tashxisini qo‘ydi.
Jorjiya shtatida abortlarni cheklash haqidagi qonunga ko‘ra, shifoxona homila tug‘ilishi uchun yetarli darajada rivojlangan bo‘lgunga qadar ayolning tanasini qo‘llab-quvvatlab turishga majbur bo‘ldi.
Ayol onasining so‘zlariga ko‘ra, oilaga Adrianani tibbiy apparatlardan ajratish haqida qaror qabul qilishga ruxsat berilmagan.
Mavzuga oid

01:25
Eron Trampning so‘zlaridan keyin AQShga norozilik notasi yubordi

21:35 / 18.06.2025
Tramp Eronga «so‘nggi ultimatum» qo‘ydi va Putinning vositachiligini rad etdi

18:25 / 18.06.2025
Xominaiy agar AQSh harbiy mojaroga aralashsa «muqarrar javob» bilan tahdid qildi

15:00 / 18.06.2025