Jahon | 13:00
6767
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Kiyevga dron va raketalar bilan vayronkor hujum amalga oshirdi

Ko‘p qavatli uyning bir qismi qulagan. 14 kishi halok bo‘lib, yuzga yaqin kishi yaralangan. «Bu g‘irt terrorizm», - dedi Ukraina prezidenti.

Foto: Thomas Peter/REUTERS

17 iyunga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Kiyevga yirik zarba berdi. Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, Ukraina poytaxti va Kiyev oblasti bo‘ylab 175 ta dron va 14 ta raketa, jumladan, ikkita ballistik raketa uchirilgan.

Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko Kiyevning Solomenskiy rayonidagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga Rossiya ballistik raketasi kelib urilganini aytdi.

«Pod’yezd butunlay vayron qilingan. Va u yerto‘lagacha yo‘q qilindi, chunki bu to‘g‘ridan to‘g‘ri urilgan zarba edi», – deya uning so‘zlarini keltiradi «Ukrainskaya pravda».

Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, Solomenskiy rayonida 14 kishi halok bo‘lgan. «Xarobalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin. Biz qurbonlar soni ortishini istisno etmaymiz», – degan u. 

Kiyevga tungi hujum oqibatida 99 kishi jarohatlangan, shundan 59 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanganlar orasida bolalar ham bor.

Kiyevdagi havo trevogasi taxminan to‘qqiz soat davom etdi, deyiladi Ukraina bosh prokurori idorasi xabarida. Kiyevning Darnitskiy rayonida hujumdan keyin boshlangan yong‘in oqibatida turar joy binosining bir nechta xonadonlari zarar ko‘rgan. Yong‘in Shevchenko rayonidagi turar joy binosining yuqori qavatlarida ham sodir bo‘lgan.

Kiyevdagi ko‘p qavatli turar joy binosidagi yong‘in
AP / Scanpix / LETA

Bundan tashqari, Ukraina poytaxtida Kiyev aviatsiya instituti yotoqxonasi shikastlangan, dedi universitet rektori Kseniya Semenova. «Institut yotoqxonasiga parchalar tushgan», – degan u. Semenovaning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida jarohatlanganlar bor, ularning soniga aniqlik kiritilmagan.

Kiyevda bir qismi qulagan uyda yashovchilardan birining evakuatsiya qilinishi
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Tun davomida Rossiya qo‘shini Ukrainaga 440 ta dron va 32 ta raketa uchirdi, dedi mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy. Kiyev shahri va Kiyev oblastidan tashqari Odessa, Zaporijjya, Chernihiv, Jitomir, Kirovograd va Mikolayiv oblastlari ham hujumga uchragan.

«Hozirda Kiyevda turar joy binosi vayronalari ostidan odamlarni chiqarib olishga urinishmoqda. Hozir ularning qanchaligi noma’lum. Ruslar butun bir pod’yezdni vayron qilgan. Umuman olganda, Kiyevning sakkizta rayonidagi uylarga zarar yetgan. Odessaga berilgan zarbadan keyin hamon ishlar davom etmoqda, qutqaruvchilar hujumga uchragan barcha joylarda ish olib bormoqda. Jabrlanganlarning barchasiga zarur yordam ko‘rsatilmoqda, 75 nafar yarador haqida ma’lumot bor», – dedi Zelenskiy.

Kiyevda pod’yezdi qulagan uyda chiqqan yong‘inni o‘chirayotgan o‘t o‘chiruvchilar
Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA

Uning so‘zlariga ko‘ra, tunda Ukrainaga uyushtirilgan hujum oqibatida 15 kishi (Odessada ham bir qurbon bor) halok bo‘lgan.

«Bunday hujumlar – g‘irt terrorizm. Va butun dunyo, AQSh va Yevropa, nihoyat, sivilizatsiyalashgan jamiyat terrorchilarga qanday munosabatda bo‘lsa, shunday munosabatda bo‘lishi kerak. Putin buni faqat urushni davom ettirishga qurbi yetgani uchun qilmoqda. U urushni davom ettirishni xohlaydi», – deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.

Rossiya mudofaa vazirligi hozircha Kiyevga yo‘llangan so‘nggi zarbalar yuzasidan izoh bermadi.

Rossiya zarbasi oqibatida yaqinlarini yo‘qotgan kiyevliklar
Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA

Ukrainada 18 iyun motam kuni deb e’lon qilindi. 

Mavzuga oid