Jahon | 16:19 / 14.06.2025
10979
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya kengaytirilganini e’lon qildi

Isroil vakili «Isroilni yo‘q qilishga ochiqdan-ochiq chaqirayotgan rejim»ning ommaviy qirg‘in qurollarini yaratishga yaqinlashishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

Foto: REUTERS

Isroil armiyasi Eron yadro dasturiga qarshi harbiy operatsiyani kengaytirmoqda, dedi bosh vazir devoni maslahatchisi Dmitriy Gendelman.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar «o‘nlab muhim obektlar», jumladan, ballistik raketalarni uchirish qurilmalari, harbiy bazalar va strategik infratuzilma obektlarida amalga oshirilmoqda. Bu «aniq razvedka asosida» amalga oshirilmoqda, dedi u.

Bosh vazir maslahatchisi «Isroilni yo‘q qilishga ochiqdan-ochiq chaqirayotgan rejim»ning ommaviy qirg‘in qurollarini yaratishga yaqinlashishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

Ushbu xabardan ko‘p o‘tmay, Mehr agentligi Eron shimoli-g‘arbidagi Tabrizda kuchli portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi. Ozodlik radiosiga ko‘ra, Isroil samolyotlari u yerdagi neftni qayta ishlash zavodiga, shuningdek, harbiy bazaga hujum qilgan bo‘lishi mumkin.

Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eron hududiga hujum qila boshladi. Oqibatda Eronning bir qancha yuqori martabali harbiy ofitserlari, shuningdek, yadroviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi olimlar halok bo‘ldi. Umuman olganda, Eron hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida 78 kishi halok bo‘lgan, 320 nafardan ortig‘i jarohatlangan, ular orasida tinch aholi ham bor.

Eron bunga javoban 13 iyun kuni kechqurun Isroilga qarata raketalarni otdi. OAV xabar berishicha, oqibatda 4 kishi halok bo‘lgan, 70 nafardan ortig‘i jarohatlangan.

Mavzuga oid