Jahon | 11:03 / 14.06.2025
9068
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil – Eron urushi: bu gal jiddiymi?

O‘tgan kuni tunda Isroil Eronga havo zarbalari amalga oshirdi. Isroilning hujumi haqida bir necha kun avval OAVda «anons xabarlar» chiqqandi, lekin bu galgi hujumni kutilmagan deyish mumkin. Chunki bir necha oy oldin zarbalar almashgan ikki davlat hozir o‘sha galgiday urush holatida emasdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xuddi «Pautina» kabi

Isroil hujumga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rgan va operatsiya faqat Eron strategik obektlariga raketa uchirishdan iborat bo‘lmagan. Isroil tashqi razvedka tashkiloti Mossad va harbiy razvedka tashkiloti AMAN raketa zarbalaridan avval Eron atrofiga juda ko‘p miqdorda zarbdor dronlarni yashirib chiqqan.

Bu ma’lumotlar Isroil OAVda sizdirildi. Ularda aytilishicha, isroillik harbiylar bir necha oy davomida avvaliga Erondagi zarba nishonlari – yadroviy obektlar, harbiy bazalar, raketa omborlari, shuningdek, Eron harbiy rahbariyati va yadro dasturidagi muhim odamlar yashaydigan manzillarni o‘rganib chiqqan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, hujum boshida aynan yadrochi olimlar yashaydigan bino nishonga olindi.

Isroil maxsus xizmati vakilining FOX News'ga aytishicha, Mossad harbiy havo kuchlari rahbariyati bir xonada yig‘ilish o‘tkazishini kutgan va yig‘ilish boshlangach binoga zarba yo‘llangan. «Biz ularning harakatlarini o‘rgandik. Nima qilsak, yig‘ilish o‘tkazish uchun to‘planishlarini bilardik», degan manba.

Sizdirilgan xabarlarga ko‘ra, Mossad Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari yaqiniga portlovchi qurollar joylashtirib chiqqan. Gap katta ehtimol zarbdor dronlar haqida ketmoqda. Ular hujumdan avval Eron mudofaa tizimlarini yo‘q qilgan va Isroil samolyotlari erkin zarba yo‘llashi uchun yo‘l ochib bergan. Ba’zi dronlar transport vositalariga yashirilgan. OAVda buni Ukrainaning «Pautina» operatsiyasiga o‘xshatishmoqda. Aftidan Mossaddagilar Ukrainaning o‘sha hujumidan juda ilhomlangan ko‘rinadi.

Shuningdek, Mossad agentlari Tehron yaqinida zarbdor dronlar bazasi yaratib, ular yordamida raketa tizimlariga zarba berishgan. Barcha dronlar masofadan turib boshqarilgan.

Isroil bosh vaziri Netanyahu 2024 yil noyabr oyida, Hizbulloh lideri Hasan Nasrulloh o‘ldirilganidan keyinoq maxsus xizmatlarga Eron yadro dasturini yo‘q qilish bo‘yicha buyruq bergani, hujum aprel oyida amalga oshirilishi kerak bo‘lganini aytdi. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Tramp Netanyahu bilan gaplashib hujum qilmaslikka ko‘ndirgan va Eron bilan kelishishga harakat qilib ko‘rishini aytgan.

Amerika aralashdimi?

Isroil hujumni boshlashi bilan Vashingtondan bizning bunga aloqamiz yo‘q, Isroil mustaqil harakat qildi deb chiqishdi. Isroil chindan mustaqil harakat qilgan bo‘lishi mumkin, chunki bu operatsiyada asosan razvedka muvaffaqiyatli harakat qilgan, Amerikaning yordami unchalik muhim ham emas. Lekin kun davomida Tramp va Netanyahu bir necha marta telefonda gaplashgan.

Tramp AQShning operatsiyaga kamida ruxsat berganiga ishora qiladigan gap ham aytdi: «Men eronliklarga sizda 60 kun vaqt bor, biz bilan kelishuv imzolang, dedim. 61-kunda Isroil hujum qildi. Bu juda muvaffaqiyatli operatsiya bo‘ldi. Eron kelishuv imzolashi shart edi va ularda hamon imkoniyat bor», dedi Tramp.

Siyosiy urush

Urushda kim yutishi, qanday natija bo‘lishi o‘z yo‘liga. Bu urushda har ikki davlat rahbariyati yutadigan bir jihat bor. Endi ular mana men Eron bilan yoki Isroil bilan urushyapman, degan iddao bilan o‘z hukumatini mustahkamlab oladi. Masalan, Isroil G‘azoda o‘ldiradigan odamning o‘zi qolmadi. Go‘yoki HAMAS bilan kechayotgan urush tugagach, Netanyahu kamida hujumni to‘xtatib qololmagani uchun ishdan haydalishi tayin edi. Bunday vaqtda endi yanada kattaroq dushman – Eron bilan urushyapmiz, degan da’vo Bibing kursisini ancha mustahkamlaydi. Endi isroilliklar uning iste’fosini so‘ramay turadi.

Oyatulloh Ali Xominoiy bilan ham shunday. Endi hazrat azaliy dushman sionistik rejimga qarshi urushyapmiz, deb eronliklarni birlashtirishi mumkin bo‘ladi. Urush ketayotganda esa fuqaro jonini saqlashni o‘ylaydi, podshohni ag‘darishni emas...

Aytgancha, bir narsani aytish esdan chiqibdi. Isroilning Eronga hujumi fonida neft narxi keskin qimmatlati. Brent markali qora oltinning bir bochkasi 75 dollargacha chiqdi. Bu narx oshishidan bir davlat rosa maza qilayotgan bo‘lsa kerak.

Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz. Isroil – Eron urushi haqida oxirgi va ishonchli ma’lumotlarni o‘tkazib yubormaslik uchun Kun.uz sahifalariga obuna bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid