G‘arb Isroil Eronga zarba berishidan xavotirda. Bu haqda nimalar ma’lum va oqibatlar qanday bo‘lishi mumkin?
Isroil Eronning yadroviy obektlariga zarba berishga tayyorlanmoqda, bu yaqin kunlardayoq amalga oshirilishi mumkin, deb xabar bermoqda Amerika matbuoti AQSh rasmiy doiralaridagi manbalarga tayanib. Aftidan, Isroil ayni vaqtda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Tehron bilan muzokaralar olib borayotgan Vashingtonning qo‘llovisiz harakatlanmoqchi.

ISRAEL DEFENSE FORCES
Muzokaralar Eron bilan kelishuv tuzish niyati haqida ochiq gapirgan Donald Trampning shaxsan nazoratida bo‘lib turibdi.
Aprel oyi o‘rtalaridan buyon Amerika-Eron muzokaralarining bir necha raundi o‘tkazildi.
Xabar qilishlaricha, ikki hafta muqaddam Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Amerika tomoni «samarali» deb atagan muzokaralar davom etayotgan bir vaqtda Eronga qarshi harbiy kuch ishlatishdan tiyilish lozimligi haqida ogohlantirgan.
Shu tariqa, agar Isroilning niyati haqidagi ma’lumot to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, u eng qudratli ittifoqchisini o‘zidan uzoqlashtirish xavfi ostida mustaqil harakatlanadi.
Isroil hukumati nega bunday tavakkalchilikka tayyor va nega aynan hozir?
Isroil nimadan xavfsiramoqda?
Isroil Eron bo‘ylab so‘nggi bor yopirilma zarbani o‘tgan yil oktyabrida amalga oshirgan va shundan keyin AQShga Eron masalasini diplomatik yo‘l bilan hal qilishga urinish imkoniyatini taqdim etgan.
Nima noto‘g‘ri ketdi?
Amerika tomoni Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar kutilganidan samaraliroq va tezroq kechayotganini yashirmayapti (lekin Tramp yaqinda jarayon biroz sekinlashayotganidan shikoyat qilgandi).
Bunday sekinlashishning o‘ziyoq Isroilni sergaklantirdi. Tramp ma’muriyati yillar davomida o‘jarlik qilib kelayotgan Eron rejimiga endi shaxdam qadamlar tashlash uchun nima taklif qilgani noma’lum.
Xabar qilishlaricha, tomonlar dastlabki kelishuvni tuzishga yaqin turibdi, uning asosiy bandlaridan biri – Eron tomoni uranni boyitishi bo‘yicha qoidalardir.
Shu band Isroilni tashvishga solmoqda.
AQSh Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga hech qanday sharoitda yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlasa-da, Isroil ehtimoliy Eron-Amerika bitimida o‘zi uchun tahdid ko‘rmoqda.
Bu xavotirlar Isroil bu masalada ikkinchi o‘ringa surib qo‘yilgani bilan bog‘liq.

Isroil manbalari ta’kidlashicha, Eron bilan muzokaralarga boshchilik qilayotgan AQShning Yaqin Sharqdagi maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Isroil strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer o‘rtasida qizg‘in muloqot bo‘layotganiga qaramay, Amerika tomoni Isroil bilan asosiy masalalar bo‘yicha yetarlicha ma’lumot almashmayapti.
Isroilning fikricha, bu Isroil manfaatlari muzokaralarda hisobga olinmagani (yoki yetarlicha hisobga olinmagani) tufayli sodir bo‘lmoqda.
BBC rus xizmatining Quddusdagi manbalariga ko‘ra, aprel oyi oxiridan hozirgi vaqtgacha bosh vazir Binyamin Netanyahu, mudofaa vaziri Israel Kats va nomi TSAHAL qo‘mondonligining nomi oshkor etilmagan vakili bir nechta maslahatlashuvlar o‘tkazgan, ular doirasida Eronga zarba berishni nazarda tutuvchi B rejasi paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
«Netanyahu diplomatik yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq bo‘lajak kelishuv Eron yadro dasturidan asar ham qoldirmasligi sharti bilan. U Trampga ham shunday degan. Boshqa har qanday bitimni Isroil yomon bitim deb tushunadi» – dedi BBC manbasi.
Isroil zarbasi qanchalik ehtimolli?

BBC rus xizmati Quddusdagi manbalari orqali Eronga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdiqlay olmagan.
Isroil odatda Eronga qarshi amaliyotlarini ungacha ham, undan keyin ham izohlamaydi.
Bu haqdagi ma’lumotlar Amerikaning NBS va CBS telekanallari tomonidan tarqatildi, ular o‘z xabarlarida Vashingtondagi manbalarga tayangan.
Odatda, Amerika razvedkasi Isroilning rejalaridan yetarlicha xabardor bo‘ladi. Isroilning AQSh ruxsatisiz amalga oshirgan (ularning qo‘llab-quvvatlashi shart bo‘lmagan) operatsiyalari sonini mamlakatning butun zamonaviy tarixi davomida bir qo‘lning barmoqlari bilan sanash mumkin.
AQShning Bag‘doddagi elchixonasi xodimlari qisman evakuatsiya qilinishi Oq uyning xavotirini tasdiqlaydi.
Amerika manbalariga ko‘ra, Eronning Isroil zarbasiga ehtimoliy javobi qo‘shni Iroqda joylashgan AQSh harbiylariga qarshi qaratilishi mumkin, bu esa Davlat departamenti va Pentagonni evakuatsiyani boshlashga undadi.
Xabar qilishlaricha, Bahrayn va Kuvaytdagi ayrim kichik darajali xodimlarga ham uyga qaytish taklif etilgan.
«Ularni olib chiqishmoqda, chunki [Yaqin Sharq] xavfli joy bo‘lib qolishi mumkin, ko‘ramiz, nima bo‘larkan», – dedi Tramp chorshanba kuni kechqurun.
«Faqat ikki variant bor»

Eron – Donald Trampning Yaqin Sharq rejalaridagi asosiy zirapcha.
U birinchi prezidentlik muddati davomida bu muammoni hal qila olmagandi, bu masala hozir ham uni tinch qo‘ymayapti.
NBC xabarida hozirda AQSh Isroilga Eronga ehtimoliy zarba berishda qandaydir tarzda yordam berishni rejalashtirayotgani haqida hech qanday belgi yo‘qligi aytiladi. Odatda bunday amaliy yordam havoda yonilg‘i quyishni ta’minlash va razvedka ma’lumotlarini taqdim etishdan iborat bo‘ladi.
Biroq, ekspertlar ta’kidlashicha, AQSh o‘z diplomatlarini evakuatsiya qilishini ham Vashington Isroilga xalaqit bermoqchi emasligining belgisi sifatida baholash mumkin.
Zarba bo‘ladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum, ammo Amerika tomoni u haqidagi mish-mishlarning o‘zidan o‘z foydasi yo‘lida foydalanishi mumkin, deydi Vashington Yaqin Sharq siyosati instituti eksperti Maykl Nayts.
Voqealarning bunday rivojlanishning oldini olishning iloji yo‘qligini va bunga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ko‘rsatish orqali Oq uy Erondan «kech bo‘lmasdan» muzokaralar stolida jiddiy yon berishni talab qilishi mumkin.
«Gap Eronni Amerika prezidenti irodasini hurmat qilishga majburlashga urinish haqida ketmoqda», – deb hisoblaydi Nayts.
Ehtimol (garchi ehtimoldan yiroq bo‘lsa-da), bunday vaziyatda AQSh yaqin soatlar yoki kunlar ichida Tehronni Isroilga yoqadigan shartlar bo‘yicha kelishuvdan mahrum qilishi mumkin va u o‘z rejalaridan voz kechadi.
Agar Isroil baribir Eronga zarba bersa, Yaqin Sharqdagi vaziyat eng yomon ssenariy bo‘yicha ketadi.
Donald Trampning o‘zi ham Eron yadro qurolini ishlab chiqishni davom ettirish istagida yana o‘jarlik qiladigan bo‘lsa, unga qarshi harbiy harakatlarni istisno qilmagan.
«Faqat ikkita variant bor. Ulardan biri umuman yaxshi variant emas», – degandi u aprel oyi oxirida Oval kabinetda jurnalistlar bilan uchrashuvda Tehronga bosim o‘tkazishning ehtimoliy harbiy usulini nazarda tutib.
O‘shanda u bunga hojat yo‘qligi, chunki «ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qoladigan juda-juda yaxshi yechim deyarli qo‘lda ekani»ni qo‘shimcha qilgandi.
Yakshanba kuni mintaqada katta urushning oldini olishga yana bir urinish amalga oshiriladi: Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff AQShning so‘nggi takliflari ro‘yxatiga eronliklarning javobini olish uchun Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bilan uchrashish uchun O‘monga boradi.
Eron yadroviy dasturi va uni jilovlashga urinishlar

Eron o‘z yadroviy dasturi faqat tinchlik maqsadlarida ekanini ta’kidlab keladi.
U yadro quroli yaratishga intilmayotganini ta’kidlaydi, biroq ko‘plab davlatlar, shuningdek, Xalqaro atom energetikasi agentligi bunday emasligiga amin.
Eronning niyatiga gumonlar 2002 yilda mamlakatda maxfiy yadroviy obektlar topilganidan keyin paydo bo‘lgan.
Bu Eron va deyarli barcha boshqa davlatlar tomonidan imzolangan Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning buzilishi edi.
2010 yilda BMT, AQSh va Yevropa Ittifoqi Eron yadroviy dasturidan bomba yaratish uchun foydalanilgani haqidagi shubhalar asosida Eronga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy sanksiyalar joriy qildi.
Eron neftini sotish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, uning xorijdagi 100 mlrd dollarlik aktivlari muzlatib qo‘yildi. Mamlakat iqtisodiy inqirozga yuz tutdi, milliy valuta kursi rekord darajada pasayishi inflatsiyaning keskin o‘sishiga turtki bo‘ldi.
Eron sanksiyalarni bekor qilishni talab qila boshladi. Bir necha yillik muzokaralardan so‘ng, 2015 yilda Eron va dunyoning oltita davlati – AQSh, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Germaniya va Buyuk Britaniya 15 yilga mo‘ljallangan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini kelishib oldi.

Kelishuv Eronning yadroviy sohadagi harakatlarini cheklab qo‘ydi va Xalqaro atom energetikasi agentligi inspektorlariga G‘arb sanksiyalarining katta qismini bekor qilish evaziga Eronning barcha yadroviy obektlariga kirish imkonini berdi.
2018 yilda o‘zining birinchi prezidentlik davrida Donald Tramp AQShni (asosiy o‘yinchi) kelishuvdan chiqarib, uni tanqid qildi va sanksiyalarni qaytadan joriy etdi.
Bu qadamni har doim Eronga ishonib bo‘lmasligini ta’kidlab kelgan Isroil qo‘llab-quvvatladi. Isroil tomoni fikricha, sanksiyalar bekor qilinishi Tehronga yadroviy ishlanmalarni davom ettirish imkonini berdi.
O‘shandan beri Eron va G‘arb o‘rtasida yangi kelishuvga erishish uchun bir necha bor urinishlar bo‘ldi, ammo hech biri muvaffaqiyatli chiqmadi.
Mavzuga oid

21:55
Isroilning Eronga hujumidan keyin AQSh harbiy kemalarini Yaqin Sharqqa yubordi

21:42
Isroil hujumdan oldin Eron qo‘mondonligi a’zolarini aldab bir joyga yig‘di – OAV

21:24
Eronga havo zarbalari «Mossad»ning dushman mudofaasini bostirishga qaratilgan maxfiy operatsiyasi bilan birga amalga oshirilgan

19:05