Jahon | 14:02 / 12.06.2025
2422
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil–Eron eskalatsiyasi, Kaliforniyadagi mojaro, O‘zbekistonning RFga notasi – “Geosiyosat” muloqoti

So‘nggi soatlarda Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashdi: Isroil Eronga zarba berishi kutilmoqda. Beshta davlat isroillik vazirlarga sanksiyalar e’lon qildi. O‘zbekiston migrantlarga noinsoniy munosabat masalasida Rossiyaga nota yubordi. Tramp Los-Anjyelesni bostirishga harbiylarni safarbar qilib, komendantlik soati joriy etdi. So‘nggi kunlarning shu va boshqa mavzulari haqida siyosiy tahlilchilar Farhod Karimov va Jahongir Akramov Kun.uz studiyasida, jonli efirda so‘z yuritadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

 Eron va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani Yaqin Sharqda yangi harbiy to‘qnashuv ehtimolini oshiryapti. Tahlilchilarga ko‘ra, bu vaziyat Isroil uchun qulay fon yaratmoqda: Netanyahu hukumati ichki bosimdan chalg‘itish va AQShni Eronga qarshi harbiy choralar ko‘rishga jalb etish harakatida. Shu bilan birga, bu bosim Trampning siyosiy usullaridan biri bo‘lishi mumkin degan qarash ham bor.

— AQSh Eron bilan muzokaralar muvaffaqiyatcizlikka uchragani Isroil hujumiga sabab bo‘ladimi yoki bu Trampning bosim usuli?

Farhod Karimov: Bu yerda ko‘proq men Trampning emas, birinchi navbatda Isroilning ta’sirini ko‘ryapman. Isroil eskalatsiyaga anchadan beri harakat qilib kelyapti. G‘azoda 7 oktyabr voqealaridan keyin, hatto undan oldin ham Eron bilan kattaroq urush chiqarish va bu yerda birato‘la Isroilga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan kuchlarni AQShning qo‘li bilan yo‘q qilishga harakat qilgan edi. Qaysidir ma’noda ko‘p jihatdan bu maqsadga erishdi ham. Misol uchun, “Hizbulloh”, HAMAS va bir qator shunga o‘xshagan guruhlar yoki Suriyada hatto Bashar Asadning ham ketkazilishi – Isroilga juda ham qulay muhitni yaratdi. Bugun Isroilning katta rejalari va katta ishlarni amalga oshirishi uchun deyarli to‘siq qolmadi.

Hattoki, Eronning o‘zida ham prezident saylanganidan keyin mamlakat tashqi siyosatida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. To‘g‘ri, dushmanlik hali ham saqlanib turibdi, lekin bugun Eron Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf solayotgani yo‘q. 2024 yil tomonlar bir-biriga raketalar uchirganda ham harbiy mojaro bo‘lishini Isroil xohlagan edi, lekin Eron o‘ziga xos bosiqlikni his qilgandi. Chunki Isroil urushni boshlab olsa, o‘sha kunning o‘zida AQSh bu urushga aralashishga majbur bo‘ladi.

Eron – Iroq emas, lekin bugungi Eronning holati Iroqning holatini eslatyapti. 2003 yilda AQSh harbiylari xavfli kimyoviy qurollar ishlab chiqaryapti degan da’vo bilan Iroqqa bostirib kirgan edi. Iroq nega kuchsiz bo‘lib qolgan edi? Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin uning himoyachilari, unga yordam beradigan kuchlar yo‘q edi. Bugun ham Eron aynan shunday vaziyatga tushib qolyapti: Rossiya Ukraina bilan ovora.

Yaqin Sharqdagi so‘nggi soatlarda tarqatilgan Eron bilan bog‘liq shov-shuvli xabarlar Tehronga bosim o‘tkazish maqsadida bo‘lyapti. 15 iyun kuni Eron yadro dasturlari bo‘yicha o‘tkaziladigan 6-tur muzokaralari oldidan axborot hujumi. Vashington Eronga nisbatan sanksiyalar borasida ham, uranni tinch yo‘lda boyitishda ham yon bermoqchi emas. Undan tashqari, AQSh yadroviy dastur muhokamasiga Eronning mintaqadagi siyosiy masalalarini ham kirityapti.

Jahongir Akramov: Eron atrofidagi ziddiyatli vaziyatdan, Tehron–Vashington muzokaralari inqirozidan eng asosiy manfaatdor – bu hozirgi Netanyahu hukumati. Chunki Netanyahuga nisbatan ichki va tashqi siyosatda bosim ortib boryapti. Hatto Britaniya, Fransiya, Kanadaning tobora Falastinni tan olish to‘g‘risidagi tahdidlari Isroilni noqulay holatga solyapti. Mana shunday vaziyatda Netanyahu uchun urushlar zarur va u tobora AQShni muzokaralardan chiqarib, Eronga qarshi harakatlarda ishtirok etishga intilyapti.

Isroil Eronning sharqiy hududlaridagi yadroviy nuqtalariga zarba berishi mumkin. Bu jarayonda amerikaliklar ham ishtirok etishi mumkin, chunki yadro obektlari 60 metrgacha yer ostida joylashgan va bunday chuqurlikka zarba beruvchi maxsus bombalar Isroilda mavjud emas. Shuning uchun ham bunday hujumni AQSh samolyotlari ishtirokchilarisiz amalga oshirish imkonsiz. Undan tashqari, menimcha, Isroil hukumati Eron rejimi saqlanib qolishidan ham manfaatdor. Chunki Isroilning tashqi dushmani yo‘qolganidan keyin hukumatda taftish boshlanadi. Shuning uchun ham Isroilning zarba berish ehtimolini men baland deb hisoblagan bo‘lar edim. Chunki hozirgi Netanyahu rejimi uchun hokimiyatda qolishning yagona yo‘li – yana yangi urush boshlashdir.

Agar urush boshlansa ham Rossiyaning Eronga yordam bermaslik ehtimoli yuqori, chunki Isroil Rossiyaga nisbatan e’lon qilingan sanksiyalarga qo‘shilmagan.

Shuningdek, suhbat davomida AQShdagi g‘alayonlar, O‘zbekistonning Rossiyaga notasi va global hamjamiyatdagi boshqa muhim mavzular muhokama qilindi. Suhbatni to‘liq holatda You Tube platformasida tomosha qiling.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi

Mavzuga oid