O‘zbekiston | 08:04 / 11.06.2025
3360
2 daqiqa o‘qiladi

Tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir bo‘lgan hududlar ro‘yxati kengaymoqda

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston hukumati ayrim qarorlariga aholi turmush darajasini yaxshilash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. 

Qoraqalpog‘istonning Amudaryo va Bo‘zatov tumanlari tuman koeffitsiyentlari hamda yillik qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddati qo‘llanadigan tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir va noqulay bo‘lgan hududlar ro‘yxatiga kiritildi.

Ilgari 2019 yil 5 yanvardan 2024 yil 31 martga qadar 50 va undan ortiq xonali yangi mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarini qurish va foydalanishga topshirishni amalga oshirgan tadbirkorlik sub’yektiga ushbu mehmonxonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya va/yoki renovatsiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratish nazarda tutilgan edi. Bunda subsidiya olish uchun murojaat qilish muddati 2025 yil 1 martgacha etib belgilangan edi. Kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan murojaat qilish muddati 2025 yil 31 dekabrgacha uzaytirilmoqda.

Bundan tashqari, sanoat korxonalarini avtomatik monitoring stansiyasi, chang-gaz tozalash uskunalari, lokal suv tozalash inshooti va statsionar kuzatuv posti bilan majburiy jihozlash muddati uzaytirilmoqda (I toifali korxonalar uchun – 2026 yil 1 yanvargacha, II toifali korxonalar uchun – 2026 yil 1 iyulgacha).

O‘zgartirish va qo‘shimchalar Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarorlariga kiritildi:

• 06.09.2019 yildagi «Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi;
• 07.09.2024 yildagi «Mehmonxona xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi;
• 25.11.2024 yildagi «Sanoat korxonalarining atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi.

Mavzuga oid