O‘zbekiston | 16:09 / 11.06.2025
1313
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident ETTB, BAA va Lombardiya bilan hamkorlikning ustuvor masalalarini muhokama qildi

O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma loyihalar portfeli kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: YeTTBning O‘zbekistonga investitsiyalari 5,5 milliard yevrodan oshdi. Joriy yilda yana 1,1 milliard yevro jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, uning katta qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. YeTTB faol ko‘magi bilan bank sohasini transformatsiya qilinmoqda. Davlat rahbari hamkorlik natijadorligini oshirish muhimligini ta’kidlab, uning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Suv ta’minoti tizimini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish dasturini ilgari surish, ipoteka bozorini, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.

Ta’lim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish, sun’iy intellektni joriy qilish va raqamli transformatsiyaga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Italiyaning Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Yaqinda Samarqand shahrida bosh vazir Jorja Meloni bilan o‘tgan muzokaralarning natijalari, ular davomida hududlararo aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Lombardiya kompaniyalari bilan hamkorlikda pomidor, za’faron yetishtirish, noto‘qima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Milan shahrida O‘zbekistonning sanoat va eksport salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish, savdo uyi ochish va «Uzbek Organic» brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026 yilda Milanda O‘zbekiston muzeylarining ko‘rgazmasini tashkil etish masalasi o‘rganilmoqda.

Gubernator, o‘z navbatida, Lombardiya ishbilarmon doiralarining loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston hududlari bilan keng ko‘lamli sheriklikni yo‘lga qo‘yishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026 yilda Milan shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda «Amea Power», «Etihad Water & Electricity», «TAQA Water Solutions», «AD Pors» va «Masdar» kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston-BAA strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni oshmoqda.

Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 20 milliard dollardan ortdi. To‘rtinchi Toshkent investitsiya forumi doirasida BAA kompaniyalari bilan qator yangi kelishuvlar imzolandi.

Energetika, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shaharsozlik, suv ta’minoti va boshqa yo‘nalishlardagi yirik loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid