Shavkat Mirziyoyev: Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish lozim
O‘zbekiston prezidenti Istanbuldagi Rossiya–Ukraina muzokaralarini olqishladi va vaziyat faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etilishi kerakligini bildirdi. Shuningdek, Mirziyoyev yana bir bor G‘azodagi fojialar haqida to‘xtalib, bu muammoning yagona adolatli yechimi – xalqaro huquq va BMT rezolyuyatsiyalariga rioya qilish ekanini aytdi.

Ukrainaning Xarkiv shahri, 2025 yil 7 iyun / Foto: Vitalii Hnidyi / Reuters
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida xalqaro maydondagi joriy vaziyat haqida so‘z yuritdi.
“Bugungi dunyo katta sinovlarni boshdan kechirmoqda. Global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga jiddiy tahdidlar tobora kuchaymoqda.
Geosiyosiy jarayonlar ko‘z o‘ngimizda shiddat bilan o‘zgarmoqda. Jahonda qurollanish poygasi yana avj olmoqda. Yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010 yilga nisbatan 1,5 baravar ortib, 2,5 trillion dollarga yetdi.
Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi hisobiga jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sish sur’atlari ketma-ket 3 yil davomida pasaymoqda.
Ming afsuski, xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashmoqda. Buni hammamiz ko‘rib turibmiz, bilib turibmiz, sezib turibmiz. Har kuni dunyo miqyosida voqealar bo‘lyapti...
Eng achinarlisi, insoniyat uchun eng dolzarb muammolar – oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishi kabi masalalarga e’tibor kamaymoqda.
Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim. Biz tinchlik, adolat va inson qadri tamoyillarida ana shu umumiy ishonchni tiklashni har qachongidan ham muhim deb o‘ylaymiz.
Biz Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish lozim, deb hisoblaymiz. Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni olqishlaymiz.
Shu bilan birga, ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan G‘azo fojiasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. 21-asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi – nizoni xalqaro huquq me’yorlari va qabul qilingan rezolyuyatsiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqlidir.
Global kun tartibidagi yana bir masala – qo‘shni Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat. Bu davlatning amaldagi hukumati bilan xalqaro maydonda konstruktiv muloqot olib borish, uning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har qachongidan ham muhim, deb o‘ylaymiz.
Zero, mazkur mamlakatdagi osoyishtalik va iqtisodiy rivojlanish yon atrofdagi barcha mintaqalarning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun zarur omildir.
Men hozir ta’kidlab o‘tgan muammolar bo‘yicha barcha sherik davlatlarimizni ochiq va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka chaqiramiz. Chunki forumning asosiy mavzusi bo‘lgan investitsiyalar faqat iqtisodiy taraqqiyot emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir, deb bilamiz.
Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin!” – deya ta’kidladi davlat rahbari.
Mavzuga oid

14:44
“Ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiramiz” - Shavkat Mirziyoyev investorlar bilan uchrashdi

11:30
Rossiya va Ukraina navbatdagi harbiy asirlarni almashdi

10:38
“O‘zbekistonni dono va bilimli yetakchi boshqarmoqda” - Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso

10:20