Jamiyat | 16:20 / 09.06.2025
9864
3 daqiqa o‘qiladi

“Qo‘ng‘izimdan voz kecholmayman” – “Zaporojyets”ning marg‘ilonlik ishqibozi

Abdurahmon Qodirovning ZAZ-965 mashinasi ruliga o‘tirganiga bu yil 40 yil bo‘ldi. Asli kasbi usta bo‘lgan avtoishqiboz xonadonida dekorativ buyumlar yasab sotadi. “Zamonaviy mashina sotib olishga imkonim bor, lekin umrimning oxirigacha “Zaporojyets” haydamoqchiman. Chunki mashinamni rahmatli onam ham yaxshi ko‘rardi”, – deydi Abdurahmon aka.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Abdurahmon aka retro mashinacini 1983 yilda sotib olganini aytadi.

“Marg‘ilon shahrida yashayman. Mashina Ukrainaning Zaporijjya shahrida 1964 yilda ishlab chiqarilgan. Shu kungacha to‘rt marta “kapital remont” qildim. Qo‘ng‘iz mashinani “Matiz”ga moslashtirganman.

Ko‘chada yurganimda yetti yoshdan yetmish yoshgacha ko‘rgan borki, anavi mashinani qarang deb xursand bo‘lib, yuzida tabassum paydo bo‘ladi. Yosh bolalar ham “ana qo‘ng‘iz mashina keldi”, deya kulishadi. Ayolmi, erkakmi ishqibozlik bilan tomosha qilishadi.

Qo‘ng‘iz mashinaning ashaddiy ishqiboziman. 40 yil bo‘ldi mashinani olganimga. Bir so‘z bilan aytganda bu men uchun “avtoritet”. Ustachilik bilan shug‘ullanaman. Minib yurganim yagona bo‘lgani uchun ham axtarib topish oson bo‘ladi meni. Kerak bo‘lib qolsam darrov topib olishadi. Yo‘lda ko‘rib qoldim, “margat” qildim, qaramadingiz deyishadi ko‘pchilik. Hamma qo‘lini ko‘rsatib “layk bosib ketadi”. Zo‘r deyishadi.

Ko‘ktoyimdan voz kecha olmayman. Biz uchun qadrdon bo‘lib qolganda. Onam rahmatli chiqqan bu mashinaga. Qancha jiyanlarni raddomdan olib chiqqanman. Toshkent, Jizzax, Samarqandlargacha borib kelganmiz. Ollohga shukur. Nasib qilsa umrimning oxirigacha “qo‘ng‘izimda” yurmoqchiman.

Zamonaviy mashinalar ko‘ktoyimning o‘rnini bosa olmaydi. Qayrilib olish oson, boshqarishga qulay. Quvib o‘tish ham bemalol. Tor ko‘chalarga ham bemalol kirib chiqaverasiz. Texnik imkoniyatlari ham yomon emas, 100 kmga 6 litr benzin sarflayman.

Abdurahmon aka yasagan buyumlar

“Dekorativniy” sharsharalar, gultuvaklar yasayman. Turli buyumlar yasab sotaman. Sharsharalar quraman odamlarning uylariga. Ijodkor odamman. 66 yoshda bo‘lsam ham hali ijoddan to‘xtaganim yo‘q.

Mashinamdagi maxsus idishda muzqaymoq bo‘ladi doim. Chanqab qolsam yo‘l bo‘yida to‘xtab, maza qilib muzqaymoq yeyman. Muzlab turadi “marojnalarim” mana bu idishda. Bir so‘z bilan aytganda mashinam bilan baxtliman”, – deydi Abdurahmon aka.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid