O‘zbekiston | 15:50 / 08.06.2025
2770
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dorilar Qozog‘istonga qaraganda qimmat – farmatsevtika bozoriga qanday omillar ta’sir qilyapti?

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan ham bojxona, ham farmatsevtika sohasidan boxabar mutaxassis buni sotish bilan bog‘liq monopoliya yuzaga kelgani bilan bog‘lamoqda. Uning aytishicha, import dorilarning katta qismi faqat bir guruh yetkazib beruvchilar tomonidan chakana sotuvchilarga taqsimlanadi. Qolaversa, mamlakatda belgilangan referent narxlarining o‘zi arzon emasligi sabab ham odamlar dorilarni qimmat olishga majbur ekani aytilmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Joriy yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonga olib kirilayotgan dori vositalarini ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga faqat import qiluvchi tashkilot yoki uning rasmiy dilerlari elektron hisobvaraq-faktura asosida sotishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, dorilarni markirovkadan o‘tkazish ham majburiy qilib belgilandi. Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan ham bojxona, ham farmatsevtika sohasidan xabardor mutaxassis Eldor A’zamov sotish bilan bog‘liq talablar hujjat imzolanishidan avval ham amalda bo‘lib kelganini aytmoqda. Tahririyat bu galgi suhbatdoshi orqali O‘zbekistonda dori vositalari nima sabab qimmat ekanini tushunishga urindi.

Ma’lumot uchun, Eldor A’zamov 2016 yilda Oliy harbiy bojxona institutini tamomlagan, bir muddat chegara bojxona postida ishlagan. Keyinroq esa Farmatsevtika institutida tahsil olgan. Hozirda dorixonada sotuvchi sifatida faoliyat yuritadi.

Chetda dori arzon, nega?

Suhbatdoshga ko‘ra, O‘zbekiston chegara bojxona postlarida boshqa mahsulot, tovarlar singari dori vositalarining olib kelinishi ham uning chetga chiqib ketishidan ko‘ra ko‘proq uchraydi. A’zamov bu holatni boshqa davlatlardagi dori narxlari arzon ekani bilan izohladi.

Masalan, O‘zbekistonga dorilar Yevropadan, Hindiston, Turkiya, Rossiya kabi bir qator davlatlardan kirib keladi. Lekin bizlardagi narx bilan qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistonni solishtirsangiz, narxlar baland. Misol uchun, Plavix degan tabletka 75 mg, 28 dona O‘zbekistonda o‘rtacha narxi 19 dollardan 23 dollargacha atrofida turadi. Qozog‘istonda 15 dollar atrofida, Tojikistonda 11-18 dollar atrofida, Rossiyada 9 dollar, Turkiyada bor-yo‘g‘i 7,5 dollar atrofida turadi. Bu – o‘rtacha taxminiy narx.

Bundan tashqari, NovoRapid FlexPen degan shu preparat mavjud, qandli diabetda qo‘llanadi. Uning narxi O‘zbekistonda hozirgi kunda 40-50 dollar atrofida, Qozog‘istonda 16-40 dollar atrofida, Tojikistonda 5 dollardan 29 dollargacha, Rossiyada 22 dollar, Turkiyada 20 dollar. Bu – ochiq manbalardan olingan ma’lumotlar”, – deydi u.

A’zamovning aytishicha, O‘zbekistonga original dori preparatlari deyarli import qilinmaydi, asosan jyenerik, ya’ni original dorilarning nusxalari olib kelinadi. Sifat va tarkib jihatdan bu turdagi dorilar aslidan farqlanmaydi, qolaversa, narx jihatdan ham ancha afzal. Shu sababli mamlakatlar uni import qilishdan ko‘ra, ko‘proq ishlab chiqarishga e’tibor qaratadi.

Bu borada bir qancha davlatlar oldinlab ketgan. Ya’ni jyenerik mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropada masalan Sloveniya degan davlat bor, KRKA kompaniyasining dorilari jyenerik, ular bizga import qilinadi.

Bundan tashqari, Turkiya, Hindistonda ham jyenerik dori vositalari ishlab chiqariladi. Bu hech qanaqa originaldan farq qilmaydi, faqatgina ishlab chiqarishning qaysidir jarayonlarida farq qilishi mumkin. Bu inson salomatligiga bir katta xavf tug‘diradigan narsa emas. Lekin narxda, narx belgilashda juda muhim omil hisoblanadi. Masalan, original doridan ko‘ra unisi bir necha barobar arzon tushadi.

Sanab o‘tdik-ku, Turkiya, Hindiston kabi davlatlarda jyenerik dori vositalarini ishlab chiqarishga talab qo‘yilgan. Ya’ni u yerda agar biror kim Yevropa mamlakatidan Turkiyaga import qilishni xohlagan bo‘lsa, shunaqa shartlar qo‘yadiki, undan ko‘ra Turkiya bilan kelishib, o‘sha dorini ishlab chiqarish afzalroq hisoblanadi. Ya’ni shunaqa muhit yaratilgan. Shuning hisobiga Turkiyada aynan bir xil nomdagi va aynan bir xil, hatto brendlari ham bir xil bo‘lgan tovarlar arzon chiqadi”, – deydi dorixonachi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyada esa Yevropadan import qilinadigan dorilar distribyutorlar ko‘pligi hisobiga arzon. Qozog‘istonda bo‘lsa, davlat dorilarni tender asosida xarid qiladi. “Ya’ni bir ma’lum narx belgilaydi, o‘sha narxda davlat sotib olishga majbur. Bu narsa iqtisodiyotni rivojlantirishga, dorilar birmuncha arzon bo‘lishiga xizmat qiladi”, – deydi u.

Importdagi monopoliya

O‘zbekistonda sotiladigan dori vositalarining juda katta qismi import qilinadi, ishlab chiqariladiganlari kam. Buni raqamlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Kun.uz'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 1-choragida (yanvar-mart oylarida) O‘zbekistonda jami 211,2 mln qadoq dori vositalari qayd etilgan, shulardan 40 foizi, 84,61 mln qadog‘i mahalliy, 60 foizi 126,59 mln qadog‘i esa import dori vositalari hisoblanadi.

Eldor A’zamovga ko‘ra, dori narxlarining qimmat ekaniga ta’sir qiluvchi omillar bir nechta. Shulardan biri import bozori tor doira qo‘lida qolgani bilan bog‘liq.

Ko‘p firmalarni yaxshi ko‘ramiz, masalan KRKA, Berlin Chemiye, Sandoz va hokazo. Bular ishlab chiqaruvchilar, ya’ni Yevropadagi ishlab chiqaruvchilar yoki importyorlar hisoblanadi. Bular o‘z navbatida kelishuvga erishgan, shartnomasi bor, distribyutorlar orqali O‘zbekiston bozorlariga tovarlarni sotishadi. Undan keyin ulgurji deymiz, ulgurjidan chakana savdoga tovarlar yetib keladi.

Endi bu yerda bitta narsa bor. Yuqorida sanab o‘tgan firmalar, kompaniyalar – bularning ko‘plari jyenerik mahsulot [sotishadi], originallari ham ichida bo‘lishi ehtimoli bor. Bir qarashda bularning hammasi qonuniy, risoladagidek O‘zbekistonga import bo‘layotgandek tuyuladi. Lekin buni ko‘rib chiqish kerak bo‘lgan, monopoliya bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan jihatlari bor.

Distribyutor, importyor bir-biri bilan kelishadi va masalan undan boshqa hech kim bu dorini O‘zbekistonga olib kira olmaydi. Ya’ni men shaxsan 100 ta dorixonam bo‘lgan taqdirda ham borsam-da, Yevropaga borib yuqorida sanab o‘tgan korxonalarga “menga dori sotinglar” desam, “yo‘q, O‘zbekistonda vakilimiz bor, shundan olavering” deydi. Ya’ni ular narxni baland ushlab turish uchun sun’iy to‘siqlar qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

Bojxonada ishlaganimda ko‘rganman, bor-yo‘g‘i 10 ga yaqin, maksimum qo‘l bilan sanaydigan asosiy distribyutorlar bor. Masalan, bu yerda ko‘p distribyutor yo‘q. Bo‘lishi mumkin, masalan importyorlar ko‘p, 100 dan oshiq balki bordir. Lekin ular ham ma’lum bir dorilarni olib keladi. O‘zbekistonda ko‘p sotiladigan, aynan talabgir dori vositalari deylik, shularga nisbatan vaziyat shunday”, – deydi u.

Referent narxlar

Prezidentning 2019 yildagi “Farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 4554-sonli qaroriga ko‘ra, 2020 yil 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonda bosqichma-bosqich dori vositalarining referent, ya’ni cheklangan narxlari joriy etila boshlangan.

Eldor A’zamov narxlar qimmat ekaniga ikkinchi sabab sifatida referent narxlarni ko‘rsatmoqda. Ya’ni uning fikricha davlat tomonidan belgilangan cheklangan narxning o‘zi arzon emas.

Masalan, butun dunyoda, tajribada referent narxlar o‘zining mavqeyidagi davlatlarning referent narxlari asosida eng past miqdorda, eng past narx tanlanib, shundan qimmat olib kelish mumkin emas deb belgilansa, bizda import shartnomalariga asosan belgilanadi. Ya’ni kimdir import qilmoqchi, yuqoridagi firmalar yoki korxona, tashkilotlar import narxni belgilaydi va import narxda ular xohlagan narx belgilashi mumkin-da. Bu shubhali. Natijada O‘zbekiston bozorlarida dorilarning narxi keskin baland”, – dedi u.

A’zamovga ko‘ra, bunga parallel import yechim bo‘la oladi. U buni hukumat amalga oshira olishiga ishonmoqda.

Buni 2020 yilda o‘zimizda pandemiya paytida qo‘llashdi. Ya’ni parallel import degani, masalan, yuqorida sanab o‘tgan korxonalardan bittasi bir davlatda emas, bir nechta davlatda ishlab chiqarishni amalga oshiradi. Jumladan, Turkiya, Hindiston kabi davlatlarda ham ishlab chiqarishni amalga oshiradi va u yerda bir necha barobar arzon narx. Yevropada 10 dollar tursa, Turkiyada 1 dollar turadi. Shu 1 dollarlikdan ham olib kelib sotishga ruxsat berish orqali narxlarni tushirish mumkin.

Yoki xuddi Hindiston yoki Turkiya tajribasi kabi o‘zimizda ham o‘sha dorilarni ishlab chiqarishga rag‘bat qilish mumkin. Hozir masalan bir dorini ishlab chiqaraman desa, uni ro‘yxatga olish juda ham qimmatga tushadi. Ya’ni yangi bo‘lgani uchun. Undan ko‘ra, importyorlar bilan kelishgan holda jyenerik dori vositasini O‘zbekistonda ishlab chiqarish samaraliroq bo‘lishi mumkin”, – dedi u.

Markirovkalash dorixonachilarga yuk bo‘lyaptimi?

Shuningdek, suhbatdoshimiz bugungi kunda dorixonalar duch kelayotgan muammolar, xususan, yaqinda boshlangan majburiy markirovkalash jarayoniga to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, jarayon chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilarga yuk bo‘lmoqda.

2022 yilda prezident farmoniga asosan O‘zbekistonda 2022-2026 yillarda har bir sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 100 ta maqsad belgilangan. Shundan 58- va 62-maqsadlarda bevosita shu dori vositalarini markirovkalash tizimiga oid elektron retsept tizimi, dori vositalarini yetkazib berish va ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan masalalar keltirib o‘tilgan.

Chakana savdodagi xodim sifatida shuni aytmoqchimanki, nimagadir faqat shu markirovkalashning o‘zi amalga oshirilyapti-da. Bu bilan dorilar narxini aksincha tushirishmas. Ya’ni bu importyorga ham, distribyutorga ham qo‘shimcha xarajat, qo‘shimcha vaqt talab qiladigan narsa. Ya’ni bu bilan dori narxi tushmaydi. Buni tushirish uchun ishlab chiqarish va onlayn retsept birga bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda ishlab chiqarishni 2026 yilgacha 80%ga yetkazish belgilangan. Endi bilmadim, bu qanchalik amalga oshadi, chunki 2024 yil yakuniga nisbatan ham import hajmida umuman o‘zgarish kuzatilmagan. Ya’ni 1,57 milliard dollarda import bo‘lgan. 2020 yildan beri hech qanaqa o‘zgarish kuzatilmagan. Hozir biz birinchi o‘rinda markirovkalashga o‘tishimiz yaxshi, lekin bu narsa dorixona faoliyatiga bevosita ta’sir qilishi kerak emas. Chunki markirovkalash tizimini joriy qilishda eng avvalo distribyutor, importyor mas’ul. Lekin javobgar hozirgi kunda dorixona bo‘lib qolyapti. Chunki keladi, ertaga markirovkalash tizimi yakuni bo‘yicha sizga keladi-da, dorixonada qanaqadir markirovkalanmagan tovar bo‘lsa, jarimaga dorixona javobgar bo‘ladi”, – dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda markirovka uchun bir nechta dorixonalar jarimaga ham tortilgan. Suhbatdoshimizga ko‘ra, markirovka talabi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilar, ya’ni dorixonachilardan olib tashlanishi kerak. Importchi va yetkazib beruvchilarga esa yangi tartibga moslashish uchun ko‘proq muddat berilishi lozim.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid