Jahon | 17:54 / 06.06.2025
22078
7 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar: 400 dan ortiq dron va 40 ta raketa uchirilgan

Rossiya 6 iyunga o‘tar kechasi Ukrainaga raketa va dronlar orqali yoppasiga zarba berdi. Ukraina qurolli kuchlari Rossiya Ukraina hududiga 407 ta dron va 44 ta raketa uchirganini ma’lum qildi. Asosiy zarba Kiyev va Ukrainaning g‘arbiy hududlariga berilgan. Ukraina poytaxtidagi hujum oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 iyunga o‘tar kechasi Rossiya «deyarli butun Ukraina bo‘ylab» zarbalar berganini aytdi. Xususan, Volin, Lviv, Ternopol, Kiyev, Sumi, Poltava, Xmelnitskaya, Cherkass va Chernhiv oblastlari hujumga uchragan.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari spikeri Yuriy Ignatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari shimoliy hududlardan zarbalar bergan va dronlar Ukraina g‘arbiga yopirilib borgan.

Ignatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga ballistika, havo va quruqlikdagi qanotli raketalar, shuningdek, ko‘p sonli zarbdor dronlar hamda imitator dronlar bilan hujum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 30 tagacha raketa va 200 tagacha dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

«Umuman olganda, rossiyaliklar bugun mamlakatimiz hududi bo‘ylab 407 ta zarbdor uchuvchisiz uchish apparatini qo‘lladi. Shuningdek, dushman tomonidan 6 ta ballistik raketa qo‘llangani haqida ma’lumot bor. Yana 38 ta qanotli raketa, ularning aksariyati yo‘q qilindi», – deya Yuriy Ignatning so‘zlarini keltiradi RBK-Ukraina.

Ukraina hududida yopirilma hujum tungi soat birdan ertalabki soat 5 gacha davom etdi.

Ko‘plab kiyevliklar metroda tunashga majbur bo‘ldi

Hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, ellikka yaqin kishi yaralandi.

Kiyevda ko‘p qavatli turar joy binosi, ta’lim muassasasi, metropoliten va boshqa fuqarolik infratuzilmasi obektlari zarbaga uchragan. Shaharda ikki mingdan ortiq kishi elektrsiz qoldi.

Chernihivda Rossiya hujumlari chog‘ida to‘rt kishi yaralangan. Ko‘p qavatli va xususiy uylar, korxona va infratuzilma obektlariga zarar yetgan. Ko‘plab turar joy binolarida elektr energiyasi yo‘q.

Poltava oblastida Rossiya hujumlaridan yana uch kishi jabrlandi, u yerda ma’muriy binolar, korxonalar, omborlar zarba ostida qolgan. Xmelnitskaya oblastida dronlar hujumi natijasida xususiy uylarga zarar yetgan.

Lviv oblastida hujum oqibatida sanoat obekti shikastlangan.

Rossiya mudofaa vazirligi tunda amalga oshirilgan yopirilma hujumni «Kiyev rejimining terrorchilik harakatlariga javob» deb atadi. Ukrainaga zarbalar «havo, dengiz va quruqlikdagi uzoq masofali qurollar, shuningdek, zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlari» bilan berilgani aytiladi harbiy idora xabarida. Shuningdek, hujum nishonlari «Ukraina qurolli kuchlarining zarbdor uchuvchisiz uchish apparatlarini yig‘ish ustaxonalari, qurol-yarog‘ va harbiy texnika omborlari» kabi harbiy korxonalar bo‘lgan.

Kiyev bo‘ylab zarba oqibatlari

6 iyunga o‘tar kechasi Rossiya dronining Kiyevga zarbasi oqibatida chiqqan yong‘in 
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Ertalabga yaqin Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko hech qanday tafsilotlarni keltirmagan holda Rossiyaning poytaxtga dron va raketalar bilan bergan zarbasi oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 20 ga yaqin kishi jarohat olgan, ulardan 16 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Keyinroq Ukraina prezidenti Voldimir Zelenskiy aniqlik kiritib, hozircha uch kishi halok bo‘lgani ma’lum ekanini aytdi – bular Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xodimlari.

Kiyevning turli hududlarida dron parchalari tushishi oqibatida yong‘inlar kelib chiqqan.

Dron bo‘laklari bir nechta bekatlar yaqinidagi metro yo‘liga ham zarar yetkazgan.

Kiyev yaqinidagi Bucha, Brovari, Borispol rayonlarida xususiy uylar, xo‘jalik binolari shikastlangan. Ularning oynalari singan, tomlari shikastlangan.

Kiyev oblastida temiryo‘l shikastlangan, poyezdlar 1,5 soatgacha kechikmoqda.

Lutsk va Ternopoldagi vayrongarchiliklar

Shuningdek, Lutsk va Ternopol dron hujumlaridan katta zarar ko‘rdi. Dronlar hujumidan so‘ng qanotli raketalar bilan zarbalar berildi.

Ukrainaning eng shimoli-g‘arbidagi Volin oblastining ma’muriy markazi – Lutskda tungi hujum oqibatida 15 kishi yaralandi, deb xabar berdi Ukraina FVDX. U yerda shaharga hujum paytida raketalardan biri ko‘p qavatli turar joy binosiga tegib, uni vayron qilgan.

Dastlab Lutsk meri besh kishi jabrlangani haqida xabar bergandi. Keyinroq qutqaruvchilar vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uydan besh kishi va uy jonivorlari sog‘ holda evakuatsiya qilinganini bildirdi.

Lutskda raketalardan birining parchalari ko‘p qavatli turar joy binosiga tushgan va uni kuchli darajada vayron qilgan

Shuningdek, hujum paytida fuqarolik infratuzilmasining turar joy binosi, ma’muriyat binolari va ishlab chiqarish binolari, xususan, mebel sexi va ta’mirlash xonalari shikastlangan. Bir necha joyda yong‘inlar boshlangan, ammo qutqaruvchilar ularni bartaraf etgan.

Ternopolda Rossiya zarbalaridan sanoat korxonalari zarar ko‘rdi, bu haqda oblast rahbari Vyacheslav Negoda ma’lum qildi.

Shaharda avj olgan yong‘inlarni o‘chirish chog‘ida 10 kishi jarohatlangan, shundan besh nafari – qutqaruvchilar.

Ternopolning bir qismi elektr ta’minotisiz qolgan. Elektrdagi uzilishlar tufayli shaharda suv ta’minotida ham muammolar yuzaga kelgan.

Ternopol oblasti kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi soat 08:00 holatiga ko‘ra, yong‘in natijasida havodagi zararli moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan oshib ketganini qayd etdi.

«Hozircha zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmasligingizni so‘rayman. Kun davomida bolalar va katta yoshdagi odamlarning ko‘chada yurishini cheklang», – deb yozdi Ternopol meri Sergey Nadal.

Chernihiv va Lviv bo‘ylab zarbalar

Chernihivga dronlar va ballistik raketalar orqali kombinatsiyalangan zarba amalga oshirilgan.

«Afsuski, jabrlanganlar bor. Turar joylar, muhim infratuzilma va ijtimoiy soha obektlari shikastlangan. Yana ko‘p qayg‘u... ko‘p og‘riq...», – deb yozdi shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Oleksandr Lomako.

Chernihivda turar joy binosi ham zarbaga uchragan

Lviv oblasti rahbari Maksim Kozitskiy Rossiya harbiylari hududga jangovar dronlar va qanotli raketalar bilan hujum qilganini ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q.

Drogobich rayonidagi sanoat obektiga zarar yetgan.

Bundan tashqari, Lviv yaqinidagi bir nechta qishloqda elektr uzatish liniyalari bilan bog‘liq muammolar mavjud.

Mavzuga oid