Jahon | 15:00 / 05.06.2025
2461
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya Isroil bilan raketalar yetkazib berish bo‘yicha shartnomani to‘xtatdi

Ispaniya Mudofaa vazirligi 2023 yil 3 oktyabrda e’lon qilingan taxminan 285 million yevrolik shartnomani muzlatishga qaror qildi.

Foto: Getty Images

Ispaniya mudofaa vazirligi armiya ehtiyojlari uchun avvalroq Spike LR2 tankka qarshi raketa tizimini ishlab chiqarishga kelishib olgan Isroil kompaniyasi bilan shartnomani to‘xtatib qo‘yishni buyurdi.

Ispaniya OAVning Mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib xabar berishicha, departament 2023 yil 3 oktyabrda e’lon qilingan va Isroilning Rafael Advanced Defense Systems kompaniyasi Ispaniya bo‘limi Pap-Tecnos bilan tuzilgan taxminan 285 million yevrolik shartnomani muzlatishga qaror qilgan.

O‘tgan hafta Ispaniya Mudofaa bo‘yicha davlat kotibi Amparo Valkarse hukumat Isroilga «har qanday qaramlikdan qochish uchun chiqish rejalarini ishlab chiqayotganini» aytdi.

Ispaniya rasmiylari «Isroil bilan qurol sotib olish yoki sotish bo‘yicha hech qanday loyihalarimiz yo‘q» deb da’vo qilsa-da, fuqarolik jamiyati va muxolifatdagi so‘l partiyalarning bosimi ortib borayotgan bir paytda, ular «ba’zi dasturlar Isroil kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan texnologiyaga bog‘liqligini tan oldi va Mudofaa vazirligi bu qaramlikni tugatish ustida ishlamoqda».

Ayni paytda ispan ommaviy axborot vositalari quruqlikdagi qo‘shinlar tomonidan qo‘llanayotgan raketa tizimlari eskirganligini va ittifoqchi davlatlar armiyalari qo‘llayotgan raketa tizimlariga o‘xshash zamonaviyroqlari bilan almashtirilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, faqat Isroil kompaniyasi zarur texnik malakaga ega.

Tender shartlariga ko‘ra, besh yil davomida quruqlikdagi kuchlar va dengiz piyodalari bo‘linmalarini Spike LR2 raketalari bilan jihozlash uchun taxminan 285 million yevro ajratilgan.

Bundan tashqari, yaqin kunlarda Ispaniya parlamenti Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishga embargo joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ovozga qo‘yishi kutilmoqda.

Mavzuga oid