«Dalillar barcha teraktlar Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilganini ko‘rsatmoqda». Bastrikin - Kursk va Bryansk oblastlaridagi portlashlar haqida

Foto: Dmitriy Radchenko / TASS / ZUMA Press / Scanpix / LETA
RF Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin prezident Vladimir Putinga hisobotida qo‘mita mutaxassislari Kursk va Bryansk oblastlaridagi ko‘priklar portlatilishi ortida Ukraina turganini isbotlovchi dalillarni to‘plaganini ma’lum qildi.
Bastrikinning so‘zlariga ko‘ra, hodisa joylarida portlovchi moddalar izlari topilgan; portlovchi modda «xorijda ishlab chiqarilgan». Portlatish uchun ukrainlarning boshqaruv bloklaridan foydalanilgan.
Tergov qo‘mitasi raisi shuningdek Bryansk oblastining Mikishevo qishlog‘i yaqinidagi maxfiy ombordan 13 kilogramm miqdordagi plastit va Ukrainada ishlab chiqarilgan boshqaruv bloklari topilganini ma’lum qilgan. Unecha va Jyecha stansiyalari oralig‘idagi peregonda esa ishlamay qolgan ikkita portlovchi qurilma aniqlangan.
«Tergov tomonidan ekspertlar yordamida to‘plangan dalillar har uchala terakt, shubhasiz, Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilganini yaqqol ko‘rsatmoqda», - deya xulosa qildi Bastrikin.
Qo‘mita rahbari portlashlardan ko‘rilgan umumiy zararni milliard rublga baholagan.
Bryansk va Kursk oblastlaridagi ko‘priklar portlatilishi 31 may kuni kechqurun va 1 iyun kuni ertalab sodir bo‘ldi. Bryansk oblastidagi birinchi portlash paytida ko‘prik ostidan yo‘lovchi poyezdi o‘tayotgandi, natijada bir nechta vagon relsdan chiqib ketdi. Yetti kishi halok bo‘lgan, yuzdan ortiq kishi yaralangan. Kursk oblastida sodir bo‘lgan shunga o‘xshash hodisa oqibatida lokomotiv brigadasidan bir necha kishi jabrlangan, uchinchi portlashda jabrlanganlar yo‘q.
RF hukumati barcha portlashlarni teraktlar sifatida tasniflagan. Tergov qo‘mitasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ish ochgan.
Ukraina ko‘priklardagi portlashlar yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Mavzuga oid

20:34 / 04.06.2025
«Nimani gaplashamiz?» – Putin Kiyev bilan oliy darajada muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini rad etdi

11:21 / 01.06.2025
Kursk oblastida ham ko‘prik quladi

18:59 / 25.05.2025
Putin Kurskka borganida vertolyoti dronlar hujumi markazida bo‘lgan - OAV

18:56 / 22.05.2025