Jahon | 14:23 / 03.06.2025
1485
2 daqiqa o‘qiladi

Volodimir Zelenskiy: harbiy asirlarning yangi almashinuviga tayyorlanyapmiz

Prezident Turkiya tomoni orqali hujjatlar almashganini va vazir Umerovdan to‘liq hisobot kutayotganini ta’kidladi.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Istanbulda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.

O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Buxarest to‘qqizligi» va shimoliy mamlakatlarning Vilnyus sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida yangi asirlar almashinuvi tayyorlanayotganini aytdi.

«Istanbuldagi muzokaralar yakunlandi va men vazir Umerovdan to‘liq hisobot kutyapman. Ular turk tomoni orqali hujjatlar almashishdi va biz harbiy asirlarni yangi ozodlikka chiqarishga tayyorlanyapmiz», — dedi prezident.

May oyida Rossiya va Ukrainadan kelgan delegatsiyalarni uch yildan keyin bir stol atrofida to‘plagan Turkiya 2 iyun kuni Istanbulda yana muzokaralar uyushtirdi.

Rossiya delegatsiyasidan prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy ishtirok etdi. Ukraina tomoniga mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qildi. Uchrashuv yopiq formatda o‘tkazildi. Muzokaralar yakunida tomonlar bayonot berishi kutilmoqda.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi 16 may kuni Istanbuldagi Dolmabaxche qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Birinchi uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha keng ko‘lamli asirlar almashinuvini o‘tkazish, ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z fikrlarini batafsil bayon etish, so‘ngra muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.

Kiyev va Moskva Istanbulda kelishilgan asirlar almashinuvi 25 may kuni yakunlanganini bildirdi.

Tinchlikka erishish yo‘lidagi diplomatik sa’y-harakatlar doirasida tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Moskva va Kiyevga tashrif buyurib, u yerda Rossiya va Ukraina rahbarlari va yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashdi.

Mavzuga oid