O‘zbekiston | 12:12 / 03.06.2025
3343
6 daqiqa o‘qiladi

«Vaqti-soati kelganda tan olamiz» – Komilov O‘zbekiston «Tolibon»ni xalqaro hamjamiyat bilan birga tan olishini aytdi

«Afg‘onistonga 20-asrda sovetlar, 21-asrda esa NATO bordi. Bular hammasi keladi, tinchgina yurgan bir davlatni vayron qilib ketadi», dedi O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Komilov. Uning aytishicha, bugun «Tolibon» bilan muloqot bir tomonlama bo‘lyapti, to‘liq muloqot bo‘lishi uchun toliblarga ham minbar berish kerak.

Ishonch.uz videosidan kadr

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Ishonch.uz saytiga intervyu berdi. Sobiq tashqi ishlar vaziri intervyuda O‘zbekistonning «Tolibon» bilan aloqalari, ularning hukumatini tan olish masalasiga ham to‘xtaldi.

«Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Bobur, Mashrab kabi ulug‘ ajdodlarimizning barchasi Afg‘oniston zaminida dafn etilgan. Afg‘oniston va O‘zbekiston xalqi azaldan bir biriga juda yaqin bo‘lgan. Yaqinda Afg‘oniston hukumati Imom Buxoriy majmuasi uchun 16 ta yuk mashinasida Hirotdan oq marmar olib kelib sovg‘a qildi. Yana qaysi davlat shunday qilyapti?

Afg‘oniston tarixi juda og‘ir tarix, xalqi jafokash, lekin qahramon xalq. 18-19-asrlarda Britaniya imperiyasi keldi, 20-asrda Sovet ittifoqi bordi, 21-asrda NATO bordi. Bular hammasi keladi, tinchgina yurgan bir davlatni vayron qilib ketadi. Mana, endi afg‘on xalqidan talab qilishyapti: «sizlar mana shunaqa davlat tuzishinglar kerak, yangi hukumat tarkibi shunaqa bo‘lishi kerak, ichki siyosatlaring mana shundan iborat bo‘lishi kerak». Albatta, bunaqa aql o‘rgatish oson. Lekin 40 yildan ko‘proq boshi urushdan chiqmagan xalqqa yordam berish kerak. Shuning uchun prezidentimiz Afg‘oniston bilan qaysi tamoyil asosida aloqalar rivojlanishi kerakligini tushuntirib berdi.

Birinchidan, muloqot va hamkorlik. Prezidentimizning mana shu topshiriqlariga binoan uzoq muddatli siyosatni tashkil qildik. Bizga ko‘p marta eski zamonda aytardi: «Ogoh bo‘linglar. Afg‘onistonda baribir katta o‘zgarishlar bo‘ladi yaqinda. Bunga biz tayyor bo‘lishimiz kerak», deb. Nega deganda ichki vaziyat juda og‘ir edi. O‘sha eski hukumat (Ashraf G‘ani hukumati nazarda tutilmoqda – tahr.) qo‘lidan hech narsa kelmagan edi, budjetining 70 foizi chetdan kelgan, atigi 30-40 foiz hududini nazorat qilardi.

Mana shunda prezidentimiz o‘zi o‘sha sobiq rahbariyatga «muxolifat bilan muloqot qilinglar, kelishinglar biz yordam beramiz», deya taklif bergandi. Bunaqa bo‘lmadi. Keyin aytdilarki, bo‘lmasa biz boshqa – o‘zimizning yo‘limizni topib tayyorgarlik ko‘ramiz.

Toliblarni bu yerga taklif qilib, ular bilan aloqalarni o‘rnatib juda to‘g‘ri qilgan ekanmiz. Mana, «Tolibon» [hokimiyatga] keldi, biz hammasini taniymiz, hammasi bilan muloqotda biz. Oldin biz ular bilan muloqot qilganimizda, bizga katta davlatlar «sizlar nima qilyapsizlar terroristlar bilan aloqa o‘rnatib», deyishardi. Endi bular kelganda ko‘pincha hozir bizga murojaat qilyapti, sizlarning aloqangiz yaxshi, ular bilan «shu masalalarni hal qilishga» yordam beringlar, deyishyapti», deydi Komilov.

Shuningdek, prezident vakili «Tolibon» o‘z so‘zini aytishi uchun ularga minbar berilishi kerakligini aytdi.

«Bugun muloqot bir tomonlama bo‘lyapti. To‘liq muloqot bo‘lishi uchun toliblarga ham so‘z berish kerak, toliblarga ham minbar berish kerak. Mana shunday muloqot kerak. Kerak bo‘lsa qandaydir xalqaro tashkilotga ularni chaqirib, ularning dardini eshitib… Ana o‘shanda aytinglar, mana shunaqa bizga yoqadi, mana bunaqa yoqmaydi, shunda muloqot bo‘ladi.

Sizga o‘zimning shaxsiy bir tajribamdan misol keltirmoqchiman. Sovet vaqtida ko‘p yillar mobaynida Yaqin Sharqda: Suriya, Livanda urushlar paytida ishlaganman. O‘shanda Falastin harakati endi paydo bo‘luvdi. Endi u yerda ko‘p tashkilotlar bor edi, bir nechtasi o‘sha ekstremist tashkilotlarga qo‘shilgan, terrorizmga uringanlari ham bor edi. O‘shanda bularning rahbari Yosir Arofat birinchi raqamli terrorchiga chiqarib qo‘yildi.

Vaqt o‘tdi, Arofat Birlashgan Millatlar Tashkilotiga keldi, undan keyin qandaydir muloqot bo‘ldi, Isroil bilan aloqalar bo‘ldi. Ana shundan keyin Yosir Arofat, Isroil bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri, bular hammasi – tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mana sizga «terrorist», mana sizga «terrorist»dan Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan odam.

Bu 40 yil urushda bo‘lgan avlodni… albatta, bu urush har bir odamni sindiradi, mentalitetini, ongini… Biz avvalambor bularga [afg‘on xalqiga] yordam berib, qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Masalan, hozir bittasi falokatga uchrab yoki og‘ir ahvolga tushib qolsa, darrov psixolog yordamiga olib boriladi. Bu yerda esa butun xalq 40 yildan ortiq boshi urushdan chiqmagan. Shuning uchun, albatta, ular bilan ishlash kerak, ularga yordam berish kerak.

Bizning hozirgi hamkorligimiz bu – tan olish-olmaslik emas. Albatta, vaqti-soati kelganda biz tan olamiz, boshqa buning yo‘li yo‘q, tan olamiz. Lekin biz mana shu qadamlarni birgalikda, xalqaro hamjamiyat bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan tan olishga harakat qilamiz», deydi Abdulaziz Komilov. 

Mavzuga oid