Jamiyat | 22:38 / 03.06.2025
9674
6 daqiqa o‘qiladi

Bo‘rijar kanalidagi voqea qahramonlari “Jasorat” medali bilan taqdirlandi

Shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, prezident qahramonlarcha halok bo‘lgan Abdumannop Samiqovning voyaga yetmagan farzandlarini o‘qitish, ishli qilish topshirig‘ini bergan. Kun.uz muxbirining: “Voqeaga prezident e’tibor qaratmaguncha nega shahar hokimligi sukut saqladi?” degan savoliga hokim oilaning holidan xabar olingani, lekin bu haqda OAVga ma’lumot berilmaganini aytdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

5 may kuni Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanalida oqib ketayotgan ikki qizaloqni qutqarib qolgan Abdumannop Samiqov (marhum) va Nurmuhammad Mamasaliyev O‘zbekiston prezidentining farmoni asosida “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Medallarni marhum Samiqovning yaqinlariga va Mamasaliyevga 3 iyun kuni poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirda hokim Shavkat Umrzoqov va favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Zuparov topshirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Poytaxt hokimi Umrzoqov tadbirdagi nutqida qahramonlarcha halok bo‘lgan Abdumannop Samiqovning yaqinlariga davlat rahbarining ta’ziyasini yetkazdi, shuningdek, o‘zi va shahar deputatlari nomidan hamdardlik bildirdi.

O‘ylaymanki, bu voqea kitoblarda yoziladi; maktablarda, institutlarda inson qanaqa bo‘lishi kerak deganda hali ko‘p marta namuna sifatida ko‘rsatiladi. Hammamiz uchun ayanchli holat. Hurmatli prezidentimiz menga topshiriq berib: “Mening nomimdan hamdardlik bildirgin, uchta voyaga yetmagan farzand – mening farzandlarim, sen o‘zing ularni o‘qitasan, ishli-joyli qilasan” deb aytdilar. Shuning uchun, tuman hokimi bilan birgalikda, ular endi bizning farzandlarimiz. Maktabdagi o‘qishi bo‘ladimi, kerak bo‘lsa repetitorga berib, shu inson farzandi kim bo‘lishini xohlagan bo‘lsa, shunaqa qilib tarbiyalab, otaliqqa olib, o‘stiramiz. U insonga biz loyiq bo‘laylik.

Ishoning, men shaxsan hokim sifatida yoningizda turaman. Prezidentimizning xohishlari shu.

To‘g‘risi, qattiq hayajondaman. Bu voqeani eshitgan kunimdan beri, ishoning, men yolg‘on gapirmayman... Biz o‘zimizga tegishli juda qattiq xulosa chiqardik. Qurilish jarayonidagi kamchiliklarni tekshirishyapti”, – dedi Umrzoqov.

Poytaxt hokimi qizlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan Bo‘rijar sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyevga yuzlanib, unga minnatdorchilik bildirdi.

Siz – o‘z tengdoshlaringizga namunasiz. Hamma ham bunaqa qahramonlikka qo‘l ura olmaydi. Tilida besh bahoga gapirishi mumkin, lekin siz, hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan yigit, o‘zingizni suvga tashlab, bolalarni qutqardingiz. Yig‘ilishdan keyin gaplashamiz, sizning kelajakdagi rejalaringizni bilmoqchiman. Sizdek insonlar bizning davlatimizga kerak”, – dedi u.

Tadbir doirasida marhum Abdumannop Samiqovning turmush o‘rtog‘iga 50 mln so‘m, Nurmuhammad Mamasoliyevga 25 mln miqdorida moddiy yordam topshirildi.

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida zalni tark etayotgan Shavkat Umrzoqovni savolga tutishga urindi. “Nega shahar hokimligi voqeaga prezident e’tibor berganidan keyingina jonlandi, ungacha oilaning holidan xabar olmadi?” degan savolga Shavkat Umrzoqov: “Davlat mukofotini berish mening vakolatimga kirmaydi-ku” deya javob berdi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, oilaning holidan xabar olingan, lekin bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.

Gazeta.uz muxbirining: “Bu voqeadan keyin shahardagi kanallarni betonlashtirish loyihalari qayta ko‘rib chiqiladimi?” degan savoliga Umrzoqov: “Betonlashtiriladi, xavfsizlik darajasi to‘g‘rilanadi”, deya javob qaytardi.

Kun.uz avval xabar berganidek, ikki qizaloqni qutqarish jarayonida Samiqovning o‘gay o‘g‘li Saidakbar Abduvaliyev va boshqalar ham ishtirok etgan. Saidakbarning onasi, Samiqovning ikkinchi rafiqasi (shar’iy nikohda bo‘lgan) Surayyo Mahkamovaning Kun.uz savoliga javoban aytishicha, hokimlik xuddi otasi kabi o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib qizlarni qutqarishda qatnashgan Saidakbarni e’tibordan chetda qoldirgan.

Taqdirlash marosimiga bizni chaqirmadi. Mahallamizga kimdir telefon qilibdi, soat 18:00 da taqdirlash bo‘ladi, chiroyli kiyinib kelinglar debdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, mahalla raisi: “Qonuniy ayoli Shayxontohurda, u yetadi” deb, bizning kelmasligimizni aytdi. Ayolga 50 mln so‘m, sport majmuasi ishchisiga 25 mln beribdi. Lekin mening o‘g‘lim Saidakbar Abduvaliyev ham qizchani qutqarishda ishtirok etgandi, dadasining orqasidan suvga sakragandi. Lekin bizni hech kim eslamadi”, – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, fojia – minglab daraxtlarning kesilishi va xavfsizlik talablarining bajarilmasligi bilan kechgan obodonlashtirish ishlari ortidan ro‘y berdi. Qirg‘oqlari betonlashtirilgan kanal xavfli bo‘lib qolgan: beton yuzasi juda sirpanchiq, oqib ketayotgan odam suvdan chiqib olishi uchun ma’lum masofalarda muayyan tayanch nuqtalari loyihada ko‘zda tutilmagan.

Loyiha avvalboshdan yopiq qaror asosida boshlanib, aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgandi. Ammo fojiadan keyin ham poytaxt hokimligi sukut saqlashda davom etdi, xususan, hokim bugunga qadar jamoatchilik qarshisida marhumning oila a’zolariga ta’ziya bildirmagan edi.

Voqeaga OAV e’tibor qaratganidan keyingina, 20 may kuni Bosh prokuratura tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qilgandi. Oradan roppa-rosa 2 hafta o‘tdi, tekshiruvda nimalar aniqlangani haqida birlamchi axborot haligacha berilgani yo‘q.

Mavzuga oid