O‘zbekiston | 16:43 / 01.06.2025
1493
2 daqiqa o‘qiladi

Misrdan gepatitga qarshi dorining 2025 yildagi ilk partiyasi olib kelindi

Misr hukumati tomonidan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida gepatit Cga qarshi dori vositasining navbatdagi partiyasi yetkazildi.

O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Misrdan C gepatiti kasalligiga qarshi dori vositalarining 2025 yildagi ilk partiyasi olib kelindi.

Qayd etilishicha, ushbu insonparvarlik loyihasi davlat rahbarining mamlakatda C gepatitini 100 foiz davolash bo‘yicha tashabbusi ijrosi doirasida amalga oshirilgan.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi va Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida, umumiy qiymati 114 ming 829 AQSh dollariga teng 31 ta qutida 7440 dona bo‘lgan C gepatitiga qarshi «Sofosbuvir-400 mg» dori vositasining beg‘araz insonparvarlik ko‘magi sifatida taqdim etilishiga erishilgan. Mazkur dori vositalari 31 may kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyotida Sharm ash-Shayx–Toshkent aviayo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelingan.

Ushbu dori vositalari mamlakatda C gepatitini 2030 yilga qadar bartaraf etish bo‘yicha milliy dasturga asosan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston elchixonasi xabariga ko‘ra, 2023-2024 yillarda Misr hukumati tomonidan mamlakatga C gepatitiga qarshi kurashish uchun umumiy vazni 12,4 tonna bo‘lgan «Daklatasvir» va «Sofosbuvir» dori vositalari 27 partiyada insonparvarlik ko‘magi sifatida berilgan.

Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 1,4 million AQSh dollariga teng.

Mavzuga oid