Jahon | 14:42 / 31.05.2025
7615
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV: AQSh Isroilni Falastin davlatini yaratish istiqbollarini yo‘q qilishda qo‘llab-quvvatlayapti

Yaqin Sharqdagi vaziyat keskin, mintaqa G‘arb tomonidan beqarorlik yoqasiga keltirib qo‘yilgan - Lavrov.

Foto: AP

AQShning harakatlari Falastin davlatini yaratish imkoniyatini yo‘q qilyapti. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevrosiyoda yagona, teng huquqli xavfsizlik va hamkorlik tizimini shakllantirish muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ijtimoiy-siyosiy eshituvlar yalpi majlisining ochilishida ma’lum qildi.

«Agar siz Yevrosiyo janubiga nazar tashlasangiz, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskin rivojlanmoqda. Bu strategik muhim mintaqa G‘arb tomonidan beqarorlik yoqasiga olib kelindi. Qo‘shma Shtatlar Isroilni ba’zan tanqid qilsa-da, uning Falastin davlatini yaratish bo‘yicha barcha istiqbollarni yo‘q qilishga qaratilgan harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayapti», — dedi Lavrov.

Diplomatik idora rahbari blokadadagi G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealar tushunish va tavsifga zid ekanligini ta’kidladi. «Biz arab do‘stlarimiz va boshqa mamlakatlarning mutlaq ko‘pchiligi bilan G‘azo sektoridagi qon to‘kilishini zudlik bilan to‘xtatishni talab qilamiz», — dedi Lavrov.

Vazirning ta’kidlashicha, Rossiya Isroilning G‘azoga hujumlarini qoralaydi, bu xalqaro gumanitar huquq normalarini buzish va tinch aholini jamoaviy jazolashdir.

Lavrov 2023 yil 7 oktyabrda Isroilning G‘azo sektoriga hujumlari boshlanganidan beri bor-yo‘g‘i bir yil ichida 45 mingga yaqin falastinlik tinch aholi halok bo‘lganini eslatdi.

«O‘shanda bu ko‘rsatkich shunday edi, hozir esa ancha yuqori. Bu Ukraina sharqida 2014 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan 10 yillik mojaro davomida har ikki tomondan tinch aholi qurbonlari sonidan bir yarim baravar ko‘p. Bir yil ichida — 10 yildagidan bir yarim barobar ko‘p. Bu hozir mintaqadagi eng katta fojia», — deya qo‘shimcha qildi Lavrov.

Mavzuga oid