O‘zbekiston | 11:34 / 30.05.2025
3014
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari quruq va issiq havo bo‘lishi kutilmoqda

Dam olish kunlari O‘zbekistonning aksariyat qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati asta-sekin ko‘tarila boshlaydi va yakshanba kuni +32…+35 daraja atrofida bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Dam olish kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

30 may kuni kunduzi O‘zbekiston hududi ustida salqin va nam havo massalari sirkulyatsiyasi davom etadi. Respublika bo‘yicha ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +25…+28 daraja, janubda +30…+33 daraja bo‘ladi.

Dam olish kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ertaga – 31 iyun kuni ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Havo harorati shanba kuni +28...+31 darajagacha, yakshanba kuni +32...+35 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.

Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida shamol 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida bugun kunduzi havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +26...+28 daraja bo‘ladi.

Dam olish kunlari havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat shanba kuni +28...+30 daraja, yakshanba kuni +29...+31 daraja bo‘ladi.

Shamol sharqdan 3–6 metr/soniya tezlikda esadi, bugun kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda 8–10 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

Mavzuga oid