Jahon | 12:56 / 29.05.2025
2672
4 daqiqa o‘qiladi

Sud Tramp kiritgan ko‘plab bojlarni noqonuniy deb topdi

AQSh savdo sudi prezident Donald Tramp tomonidan kiritilgan tariflarning bir qismini noqonuniy deb topdi. Sudyalarga ko‘ra, Tramp o‘z vakolati doirasidan chiqqan, chunki mamlakat konstitutsiyasiga binoan, tashqi savdo masalalari Kongress tomonidan nazorat qilinadi. Sud qarori dunyo bo‘ylab moliya bozorlarida ijobiy reaksiya berdi.

Foto: Reuters

AQSh Xalqaro savdo sudi prezident Donald Tramp tomonidan dunyoning aksariyat mamlakatlari tovarlariga nisbatan kiritilgan “javob” bojlarni noqonuniy deb topdi va ularning amal qilishini to‘xtatib qo‘ydi.

Sudyalar hay’atiga ko‘ra, AQSh konstitutsiyasida boshqa davlatlar bilan savdo aloqalarini tartibga solish sohasidagi eksklyuziv vakolat Kongressga berilgan. Tramp esa bu qoidani yuridik manyovr bilan aylanib o‘tishga uringan bo‘lsa-da, amalda vakolat doirasidan chetga chiqqan deb topildi.

New York Times sud qarorini Tramp siyosati uchun dastlabki, lekin jiddiy zarba deb atadi.

AQShda hozirgi prezidentdan oldin hech qaysi davlat rahbari 1977 yilda qabul qilingan “Xalqaro iqtisodiy favqulodda vakolatlar to‘g‘risida”gi qonunga asoslanib boshqa davlatlarga boj joriy qilishga uringan emas. Bu qonun aslida iqtisodiy sanksiyalar va embargolarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, unda tariflar haqida umuman so‘z yuritilmagan.

Lekin Tramp bu qonunni yangicha talqin qilib, aprel oyida o‘nlab davlatlarga boj qo‘llashini e’lon qilgan va keyin o‘z qarorining amal qilishini vaqtincha to‘xtatgan edi. Shuningdek, u Kanada va Meksika orqali AQShga fentanil giyohvand moddasining kirib kelishida bu davlatlarni ayblab, shu asosda ularga ham boj joriy qilgan edi.

Sud yangi tariflarni bekor qilish uchun hukumatga 10 kun muhlat berdi. Tramp ma’muriyati esa darhol Federal apellyatsiya sudiga shikoyat kiritishini ma’lum qildi.

“Favqulodda vaziyatni qanday hal qilishni saylanmagan sudyalar belgilamaydi”, dedi Oq uy matbuot kotibi Kush Desai. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident “bu inqirozni bartaraf etish uchun ijro hokimiyatining barcha vositalaridan foydalanadi”.

Bu qaror Tramp ma’muriyatining po‘lat, alyuminiy, avtomobillar va boshqa muhim tovarlar, jumladan farmatsevtika va yarim o‘tkazgichlarga nisbatan boshqa qonunlar asosida joriy qilgan bojlariga taalluqli emas.

Shunday bo‘lsa-da, sudning ushbu qarori Tramp ma’muriyatining global savdo bitimlariga erishish harakatlariga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin. Chunki prezident bu muzokaralarda Kongress roziligisiz o‘zi mustaqil tarzda istalgan vaqtda tarif joriy qilish huquqiga ega ekanini ko‘rsatib kelayotgan edi. Xitoy, Kanada, Yevropa Ittifoqi kabi eng muhim savdo hamkorlar bilan muzokaralar hanuz davom etmoqda. Sud qarori endi bu kelishuvlarga ta’sir qilmasdan qolmaydi.

Moliya bozorlari sud qarorini ko‘tarinkilik bilan qarshi oldi. Qaror e’lon qilinganidan keyin, AQSh dollarining kursi yevro, iyena, frank kabi valutalarga nisbatan mustahkamlandi. Dunyo bo‘ylab fond birjalarida ko‘tarilish kuzatildi. Shuningdek, neft narxi ham osha boshladi.

Mavzuga oid